Shifoxonalarda COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar uchun mo‘ljallangan yotoq-joylar qolmadi. Agar kuniga 1000 ta holat aniqlansa, sog‘liqni saqlash tizimi butunlay qulaydi, dedi koronavirusga qarshi kurashish shtabi vakili Xabibulla Oqilov.
Koronavirus bemorlari orasida o‘lim sonining oshishiga 50 foiz holatlarda shifokorlarga kech murojaat qilganlik sabab bo‘lmoqda, deya xabar berdi sog‘liqni saqlash vaziri. Alisher Shodmonov alomatlarsiz bemorlarni uyda davolash hamda sog‘liqni saqlash tizimi koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga qanchalik tayyor ekanligi to‘g‘risidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
10 iyuldan 1 avgustga qadar O‘zbekistonda karantin cheklovlari kuchaytiriladi. Respublika hududida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi. Davlat organlari va tashkilotlarning mehnat faoliyati maksimal darajada masofadan turib tashkil etiladi. Parklar, buyum bozorlari, sport zallari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati to‘xtatiladi. Xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi.
Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning koronavirusga topshirgan test natijalari ijobiy chiqdi. U uydan turib o‘z ish faoliyatini davom ettiradi.
Koronavirus bemorlari soni 168 nafarga ortib, jami 10838 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarining 161 nafari Qashqadaryo viloyatida va 7 nafari Namangan viloyatida qayd etildi. Shundan 38 nafari aholi orasida.
Navoiyda “O‘zsanoatqurilishbank” filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari X. Sh. vafot etdi. Unda koronavirus aniqlangan edi.
Koronavirus holatlari 128 taga ko‘payib, jami 10587 nafarga yetdi. Yangi holatlarning 112 nafari Toshkent shahrida, 11 nafari Qoraqalpog‘istonda, 2 nafardan Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida hamda 1 nafari Toshkent viloyatida aniqlandi. Shundan 34 nafari aholi orasida qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 79 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Ta’kidlanishicha, u shifokorlarga murojaat qilmasdan bir hafta davomida uyida davolangan. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 39 nafarga yetdi.
Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani sababli Jizzax shahrida karantin choralari kuchaytiriladi. Xususan, shaharga kirish va chiqishda ko‘shimcha postlar tashkil etiladi, avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi cheklanadi.
Jizzax shahar hokimligi xodimida koronavirus aniqlangani sababli hokimlik binosi karantinga olingan. Ayni paytda hokimlik xodimlari o‘z ishlarini masofadan turib davom ettirishmoqda.
Chilonzorda joylashgan «Tashkent Trade Center» (Abu Saxiy) savdo markazi ma’muriyati ishchilari va u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Savdo markazi vaqtinchalik yopildi.
Koreya Respublikasidan ta’tilga kelib, charter reys orqali Seulga qaytgan fuqarolardan birida koronavirus aniqlandi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 61 yoshli samarqandlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 38 nafarga yetdi.
Koronavirus bemorlari soni 97 nafarga ortib, jami 10459 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarining 35 nafari Karantin markazida, 59 nafari Toshkent shahrida va 3 nafari Qoraqalpog‘istonda aholi orasida aniqlangan.
O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holatlarining kunlik o‘sishi 342 tani tashkil etib, rekord yangilandi. Jami holatlar soni 10362 taga yetdi. 115 ta holat aholi orasida qayd etildi.
Koronavirus holatlari yana 141 taga ko‘payib, jami 10284 nafarga yetdi. Yangi holatlarning 75 nafari aholi orasida qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 43 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 36 nafarga yetdi.
Koronavirusga qarshi kurashayotgan bemorlarning 172 nafarida pnevmoniya jarayoni kuzatilmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Bemorlarning 285 nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, 25 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Respublika maxsus komissiyasi shahar va tumanlar bo‘yicha karantin darajalarini qayta ko‘rib chiqdi. Toshkent “sariq” hududda qoldi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 67 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Ta’kidlanishicha, marhum 26 iyundan tomog‘ida og‘riq, tana harorati ko‘tarilgan, ammo shifokorga murojaat qilmasdan uyida davolangan. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 35 nafarga yetdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting