Qashqadaryo viloyati tumanlari va shaharlari hokimlariga 3 avgustdan boshlab karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yengillashtirish huquqi berildi. Qarshida 27 iyuldan boshlab ma’lum soatlarda transport qatnovi taqiqlangan edi. Endilikda bunga ruxsat beriladi, shuningdek, kiyim-kechak bozorlari, sartaroshxonalar, ovqatlanish korxonalari va boshqalar asta-sekin ochiladi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov vafot etdi. Oldinroq unda koronavirus aniqlangan edi.
Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolovda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. U Toshkentda davolanmoqda.
29 iyul kuni O‘zbekistonda 692 kishida koronavirus tasdiqlandi, 672 kishi esa infeksiyadan sog‘aydi. 5 kishi, jumladan, 22 yoshli homilador ayol olamdan o‘tdi. 172 bemorning ahvoli o‘ta og‘ir.
O‘zbekiston bosh davlat sanitar inspektori Nurmat Otabekovning koronavirusga chalingani tasdiqlandi.
O‘zbekistonda shu vaqtda qadar 234 nafar homilador ayolda koronavirus aniqlangani, ulardan 120 nafarining sog‘aygani ma’lum qilindi. Hozirda 2,5 mingdan ortiq homilador ayol karantin nazoratiga olingan.
Davlat xizmatlari agentligining 57 nafar xodimi koronavirus infeksiyasiga chalingani, ulardan birining ushbu virusdan vafot etgani ma’lum qilindi. Agentlik fuqarolarni elektron xizmatlardan foydalanishga chaqirdi.
Koronavirus bemorlari soni 205 nafarga ortib, jami 22374 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarning 190 nafari Toshkent shahrida, 96 nafari Karantin markazida, 11 nafari Andijon viloyatida va qolgan 4 nafari Toshkent viloyatida aniqlandi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 55 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 128 nafarga yetdi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganini ma’lum qildi. Unda kasallik simptomsiz kechganini va u infeksiyani «oyoqda» o‘tkazganini ta’kidladi.
Koronavirus bemorlari soni 276 nafarga ortib, jami 22169 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘istonda, Toshkent, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yana bir koronavirus bemori vafot etdi.
28 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinish va undan sog‘ayish bo‘yicha rekord qayd etildi. Umumiy ko‘rsatkich esa 21893 taga yetdi. 91 bemorning ahvoli o‘ta og‘ir.
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Buxoro, Farg‘ona, Samarqand va boshqa viloyatlarda pnevmoniya holatlari ko‘paygani ta’kidlandi. Respublika maxsus komissiyasiga malakali mutaxassislardan iborat guruhlar tuzib, har bir hududga yuborish hamda bemorlarni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Koronavirus bemorlari soni 193 nafarga ortib, jami 21699 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarning 122 nafari Toshkent shahrida, 32 nafari Toshkent viloyatida, 21 nafari Surxondaryo viloyatida hamda 18 nafari Qashqadaryo viloyatida aniqlandi. Shu bilan birga, yana ikki nafar koronavirus bemori vafot etdi.
Tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan shaxslar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga jalb qilinadi.
Koronavirus bemorlari soni 297 nafarga ortib, jami 21506 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘istonda, Toshkent, Buxoro, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yana bir koronavirus bemori vafot etdi.
27 iyul kuni O‘zbekistonda rekord darajada 678 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy ko‘rsatkich 21209 taga yetdi.
Koronavirus bemorlari soni 132 nafarga ortib, jami 20952 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarning 84 nafari Toshkent shahrida va 48 nafari Toshkent viloyatida aniqlandi. Shu bilan birga, yana ikki nafar koronavirus bemori vafot etdi.
Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus aholi orasida tarqalishi sababli qattiq karantin cheklovlarini o‘rnatish choralari asosiy g‘oyasini yo‘qotgan. Virusolog Dildora Sekler esa hozir bemorlarni tibbiy tartiblash muhim ekanini ta’kidlamoqda.
Jo‘qorg‘i Kenges raisi Musa Yerniyazov o‘limi haqidagi xabar elon qilingani uchun Qoraqalpog‘istondagi uchta OAV Makan.uz, Kruz.uz va Kar24.uz bosh muharrirlari kechasi prokuraturaga chaqirilgan. Makan.uz rahbari Lolagul Qallixanovani uyidan huquqni muhofaza qilish organlari olib ketishgan. Ikki nafar jurnalistning telefon va noutbuklari olib qo‘yilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting