Toshkentdagi uy-joylarning ikkilamchi bozordagi o‘rtacha narxi bir yilda deyarli 20 foizga oshdi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotida. Yanvarda ikkilamchi uy-joylar o‘rtacha narxi kvadrat metri uchun 1122 dollarni tashkil etdi. Bektemir, Sergeli va Yashnobodda narxlar biroz oshdi.
Toshkent shahrida tadbirkor qurilish uchun yer maydoni bo‘lmasa-da, ikki kompaniya orqali kottejlarni bo‘lib-bo‘lib, boshlang‘ich badal evaziga sotib olishni taklif qilgan. U 27 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, 1,4 mln dollarni xorijdagi valyuta birjasiga o‘tkazgan. Hozirda mablag‘larning bir qismini qaytarishga erishilgan.
Toshkent chorshanba tongida havo ifloslanishi bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoridan yana joy oldi. Ichkaridagi datchiklar ham yuqori darajadagi ifloslanishni ko‘rsatdi. Buning sabablari ob-havo sharoiti, mazutdan foydalanishning ko‘payishi va qor yog‘ishi paytida ko‘chalarga tuproqli aralashmalar sepilgani bo‘lishi mumkin.
Ozarbayjonning Pasha Holding kompaniyasi Toshkentda besh yulduzli Ritz-Carlton mehmonxonasi qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 200 mln dollarga baholanmoqda.
Toshkentda qor yog‘ishi sababli kuchli tirbandliklar kuzatilmoqda. Taksi narxlari keskin oshdi. Avtobuslar barqaror ishlamoqda, biroq yo‘llardagi vaziyat tufayli harakat jadvali buzilgan. Foto, video.
MHTI tahliliga ko‘ra, yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxlari pasaydi, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylarniki esa 0,5 foizga o‘sdi. O‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar ijarasi 395 dollarni tashkil etmoqda.
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi kengashga Toshkent shahri aholisi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tarifini 15 foizga oshirishni taklif qildi. Korxona rahbarining aytishicha, hozirda shahar aholisi bazaviy tarifning atigi 14 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiya shaklida qoplanadi.
Toshkentda ikkilamchi uy bozorida o‘rtacha narx yil davomida 29,8 foizga o‘sib, 1 kv. m uchun 1212 dollarni tashkil etdi, deb xabar berdi MB. Poytaxtda 1 sotix yer narxi 362 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Ko‘chmas mulk va ijara narxlari o‘rtasidagi farq tufayli uy-joyning o‘zini oqlash muddati 8,2 yilga yetdi.
2023-yilda Toshkent shahrida YTHlar oqibatida 95 kishi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari — bolalar. 1248 kishi (235 bola) jarohat oldi, xususan, 10 nafari umrbod nogiron bo‘lib qoldi. Poytaxt prokurori fuqarolarga murojaatida shaharda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayanchli vaziyat haqida gapirdi.
So‘nggi bir oyda Toshkent shahridagi IQAir havo sifati datchiklari soni ikki baravardan ko‘proqqa ko‘paydi. “Gazeta.uz”dan tashqari ular BMTTD, IMPACT.T, korzinka.uz, Safia va boshqalar tomonidan o‘rnatildi. Uzum va “Kapitalbank” yil oxirigacha 50 ta datchikdan iborat tarmoq yaratilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Belarus prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Toshkentdagi Humo Arena muz saroyida bo‘lib o‘tgan xokkey bo‘yicha norasmiy uchrashuvga tashrif buyurdi.
Toshkent shahri hokimiyati piyodalarga xalaqit berayotgan noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlanayotganini ma’lum qildi. Yo‘l bo‘yida ruxsatsiz qurilgan binolarning aksariyatida to‘xtash joylari yo‘qligi va ular piyodalar yo‘laklariga chiqib ketgan tarzda tashkil etilgani ta’kidlandi.
Magic City bog‘iga egalik qilgan Toshkent shahri sobiq hokimi va tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu loyiha qanday paydo bo‘lgani va nima uchun uni sotishga qaror qilgani haqida gapirdi. “U yerda muammo ko‘p. Ammo menda boshqa g‘oyalar ham bor, bu bilan chegaralanib qolgan joyim yo‘q-ku?” — deya ta’kidladi u.
Toshkent chetidagi hududlarni metro bekatlari bilan bog‘laydigan to‘rtta ekspress avtobus yo‘nalishi joriy etiladi. Piyoda va avtobuslar ustuvorligini ta’minlash maqsadida 8 ta transport yo‘lagi rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda prezidentning 2024-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori loyihasida aytilgan.
Prezident avtobus xarid qilishda ularning yo‘lovchi sig‘imiga e’tiborni kuchaytirish, shuningdek, Toshkent metropolitenining vagonlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Aholining elektromobillarga o‘tishi rag‘batlantiriladi.
O‘zbekiston prezidenti bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov va boshqa mas’ul rahbarlarga Toshkent shahridagi tirbandliklar muammosini hal etish bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi. “Barcha rahbarlar „Shahar — piyodalar uchun“ shiorini o‘zining asosiy tamoyiliga aylantirishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent shahrida havoning PM2,5 zarralari bilan ifloslanganlik darajasi ertalab JSST tavsiya qilgan me’yordan 21 baravar oshib ketgandi (104,8 mkg/m3). Kunning ikkinchi yarmida boshlangan yomg‘irdan keyin havo sifati “zararli"dan “o‘rtacha” darajaga ko‘tarildi va PM2,5 ko‘rsatkichi 30 dan pastga tushdi.
Janubiy Koreyaning Korean Air aviakompaniyasi 1-martdan Seul — Toshkent — Seul yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni to‘xtatadi. Parvozlar 2008-yilda boshlangandi. Kompaniya vakolatxonasining xabar berishicha, bunga yo‘lovchilar oqimining kamligi sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonda havo sifatiga oid milliy standartlar ishlab chiqiladi. JSST tavsiyalariga geografik va iqlimiy xususiyatlar tufayli erishish qiyin, hech bir mamlakatdagi ko‘rsatkichlar JSST standartiga muvofiq emas, deya ta’kidladi Ekologiya vazirligi. Havo bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha ham o‘rganishlar boshlandi.
Toshkent shahar Tergov boshqarmasi tomonidan ikki shaxs firibgarlikda gumonlanib ushlandi. IIBB ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan fuqarolar tegishli joylarga murojaat qilishini so‘radi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting