«Gazeta.uz» tanqidiga uchragan Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi rossiyalik ekspertlar Arkadiy Gershman va Aleksandr Devyatkin ishtirokida qayta ko‘rib chiqildi. Asosiy tamoyillar — piyodalar xavfsizligi va jamoat transportining ustuvorligi etib belgilandi. Ilk marotaba rasmiylar tomonidan 50 km/soat tezlik shahar uchun eng maqbul deb tan olindi. Hokimiyat yangilanayotgan barcha ko‘chalarda bir xil usullardan foydalanishga va’da bermoqda.
Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021 yilda har uchinchi qotillik (158 tasi) va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi oilaviy muammolar tufayli sodir etilganini ma’lum qildi. Qolaversa, o‘tgan yili aniqlangan jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgani, qidiruvdagi 4,6 mingdan ortiq shaxs esa ushlangani aytildi.
DXX Toshkent viloyatida 4 gektar yerni 800 ming dollarga sotishga urinib, oldindan 100 ming dollarni olganlikda gumon qilingan ikki fuqaroni ushladi. Namangan va Buxoro viloyatlarida Kosonsoy va Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari xo‘jalikka qarashli yerni fuqarolarga ajratib bermoqchi bo‘lganligi aytilmoqda.
O‘zbekiston fuqarolarini Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni nihoyasiga yetdi. Polshadan jami 25 aviareys vositasida 5786 nafar fuqaro vatanga olib kelindi. «Boshqa davlatlar orasida O‘zbekiston Ukrainadan o‘z fuqarolarini birinchi bo‘lib evakuatsiya qildi», — dedi O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev.
Bayramona osh, ko‘k somsa, mol go‘shtidan antiqa taom, steykli salat, asalli qush tili, jem va bezeli pirog retseptlari — Zira.uz Navro‘z bayrami dasturxoni uchun oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya etadi.
Yashnobod tumanidagi «Orient Logistics Center» korxonasining motor moyi mahsulotlari omborida yong‘in chiqdi. Yong‘in oqibatida binoning 2000 kv. metr maydonidagi moy mahsulotlari zararlangan. Jabrlanganlar yo‘q.
18 mart kuni birja auksionlarida shakarning o‘rtacha qiymati o‘tgan kunga nisbatan 15,3 foizga — 1 kg uchun 11 921,9 so‘mdan 10 101,3 so‘mga arzonlashdi. Shu kuni 2100 tonna shakar sotildi. Xaridorlar soni ham ortdi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgan Shavkat Mirziyoyev, 2025 yilgacha QQS va bojxona bojidan ozod qilingan import tibbiy jihozlar, ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirilgan poliklinikalar, Ohangaronda 20 ming dollar pora olayotganda ushlangan hokimlik xodimi, ayrim shifokorlarga belgilanadigan 100 foizgacha oylik ustama, Samarqand aeroporti ochilgani, Navro‘zda qor yog‘ishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 18 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Hindistonlik treyder Pokiston va Afg‘oniston orqali birinchi tranzit jo‘natmani O‘zbekistonga jo‘natdi. 16 mart kuni 140 tonna yuk — asosan shakar ortilgan yuk mashinalari karvoni Kobuldan Toshkentga yo‘l olgan. Bungacha jo‘natma Mumbay, Karachi va Torxam shaharlaridan o‘tgan. Ushbu jo‘natma «to‘rtta davlatning hech birida hukumat ishtirokisiz amalga oshirilgan"i aytildi.
Juma kuni Samarqand xalqaro aeroportining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Majmua soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi va «Ochiq osmon» rejimida ishlaydi. 2022 yilda aeroportdan Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Olmaotaga, 2023 yildan boshqa shaharlarga parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Navro‘z bayrami kuni respublikaning to‘rtta hududidan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi kuchsiz sovuq saqlanib turadi. Kunduz kuni harorat biroz ko‘tariladi. 23 martda O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan yana nam va sovuq havo kirib kelishi kutilmoqda.
Yil boshidan buyon so‘m kursi AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi. Shu sababli Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tardi. MB raisining aytishicha, ushbu qaror milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu qaror fonida dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 62,40 so‘mga pasayib, 11 509,59 so‘mni tashkil qildi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Kim Xi Sangdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirilishini ma’lum qildi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hokimligi xodimi fuqaroga auksion savdosida 500 gektarlik yaylovni 35 ming dollarga evaziga olib berishni va’da qilib, pulning 20 ming dollarini olayotganda ushlandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 935,6 mln dollarga ortib, 1 mart holatida 35,36 mlrd dollarga yetdi. Yalpi zaxiralar o‘sishi xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga (983 mln dollarga ortgan) to‘g‘ri keldi. Oltin zaxiralari esa 50,4 mln dollarga kamaygan.
Respublikada kuzatilayotgan sovuq va nam ob-havo sababli vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati soat 18.00 dan vaqtincha to‘xtatiladi.
Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova bolalarni ekspluatatsiya qilishni zamonaviy qullik va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik deb baholadi. Ombudsman fuqarolarni yo‘llarda tilanchilik qilayotgan bolalarga pul bermaslikka chaqirdi.
OTMni tugatgan yoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarning aylanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilindi. Endilikda bu jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Prezident xorij tajribasi asosida klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish kerakligini ta’kidladi. «Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi», — dedi u. Qolaversa, yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi «elektron sog‘liqni saqlash» tizimi yaratiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting