Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich Londonning «Chelsi» jamoasini sotishga qaror qildi. Kelishuvdan tushadigan barcha mablag‘lar Ukrainadagi urushda jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlaydigan xayriya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Hozirda klubga asosiy da’vogar sifatida shveysariyalik millarder Xansyorg Viss e’tirof etilmoqda.
Umumiy hisobda 1859 nafar O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Yana 1100 o‘zbekistonlik Polsha hududida qolmoqda.
Prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga subsidiya beriladi. Bunda paxta maydonlari uchun 8 mln so‘m — Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 12 mln so‘m, sabzavot va poliz ekinlari uchun 1,5 mln so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, mevali ekinlar uchun 6 mln so‘m, uzum maydonlari uchun esa 8 mln so‘mdan ajratiladi. Buning uchun respublika budjetidan joriy yilda 1 trln 182,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Rossiya Ukrainadagi maxsus operatsiya boshidan beri 498 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini va 1597 nafari jarohatlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya tomoni Ukrainaning yo‘qotishlari 2870 nafar odamdan ko‘proqligini ta’kidlamoqda. Ukraina rasmiylari boshqa raqamlarni taqdim qilishgan.
BMT Bosh Assambleyasi «Ukrainaga qarshi tajovuz» rezolyutsiyasini qabul qilib, Rossiyadan o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qildi. Uni 141 davlat yoqlab, 5 davlat qarshi, 35 davlat betaraf ovoz berdi. Rezolyutsiyada, shuningdek, «Belarus ishtirokidan» afsus bildirilgan.
Ukrainadagi vaziyat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni buyurgan Shavkat Mirziyoyev, Ukrainadan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinishi davom etayotgani, o‘zbek paxtasi bolalar mehnatidan holi bo‘lganini qayd etgan XMT, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullagan deputatlar, qayta tashkil etilgan Mahalla vazirligi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 2 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosari — Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. Tomonlar «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi doirasida ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni ekstremizm va terrorizmning salbiy ta’siridan himoya qilish, «qaynoq nuqtalar»dan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
SES avgust oyidan buyon 89 mingdan ortiq ishchi-xodimlar koronavirusga qarshi vaksina olmaganini aniqladi. Ularning 45 mingdan ortig‘i vaqtincha ishdan chetlashtirilgan.
Ukrainadagi elchixona faol harbiy harakatlar borayotgan Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar duch keldi. Fuqarolar harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin evakuatsiya qilinadi. Hozircha ularga bunkerlarda qolish tavsiya etildi.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, chunki hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish hisoblanadi.
Yevroittifoqning rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan joriy etgan sanksiyalari USM xoldingi aktivlariga dahl qilmaydi, deya ma’lumot berdi kompaniya.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3−4 mart kunlari Pokistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Ikkitomonlama muzokaralarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. «O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi», — deyiladi bayonotda.
Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,38 so‘mga pasayib, 99,73 so‘mni tashkil qildi. Rubl kursi 2017 yil 5 sentabrdan buyon ilk bor 100 so‘mdan pasaydi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, dollar kursi esa ko‘tarildi.
Qarshi tumanida fuqaro «Mikrokreditbank» mas’ul xodimlari bilan boshqa fuqaro nomiga korxona ochib, 1,9 mlrd so‘m kredit ajratib bergani va shundan 1,1 mlrd so‘mni mahsulot xaridi uchun o‘tkazish orqali talon-toroj qilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
163 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi ochiq xat bilan chiqishdi. Ular Rossiyaning xatti-harakatlarini mustaqil Ukraina davlati va Ukraina xalqiga «prezident Putin boshchiligidagi asossiz harbiy tajovuz», deb baholagan. Rossiya tomonidan Ukraina hududiga bostirib kirilishi BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzish va 1994 yilgi Budapesht memorandumiga nisbatan bepisandlik ekanligi qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqi VTB (Rossiyadagi ikkinchi yirik bank), Rossiya banki, “Открытие”, Sovkombank, Novikombank, Promsvyazbank va VEB banklarini SWIFT tizimidan uzib qo‘ydi. Shuningdek, YeI Rossiyaga yevrodagi banknotlarni sotish, yetkazib berish va eksport qilishni ham taqiqladi.
Qozog‘istondagi yanvar voqealari vaqtida namoyishchilar tomonidan vayron qilingan va yoqib yuborilgan Qasim-Jomart Toqayevning Olmaota shahridagi qarorgohi buziladi. Prezident matbuot kotibi Berik Uali uning o‘rnida shahar aholisi uchun sayilgoh barpo etilishini ma’lum qildi.
1 fevral holatida O‘zbekiston banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,4 foiz yoki 503 mlrd so‘mga ko‘paydi. NPL o‘sishining asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu banklarda NPL 453 mlrd so‘mga ortgan. Xususiy banklarda esa bu ko‘rsatkich qariyb 50 mlrd so‘mni tashkil etdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi jangovar harakatlardan jabr ko‘rgan va uy-joyini tark etgan 6 milliondan ortiq odamning gumanitar ehtiyojlari uchun kelasi uch oy ichida 1,1 mlrd dollar kerak bo‘ladi. «Ammo eng samarali insonparvarlik yordami qurollarning ovozini o‘chirishdir», dedi bosh kotib Antonio Guterrish. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki Ukrainaga yordam paketlarini tayyorlayotganlarini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting