Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamiyat hayotida faol bo‘lgan bir guruh ayol-qizlarni turli unvon, orden va medallar bilan mukofotladi. Ular orasida tadbirkor, o‘qituvchi, san’at sohasi vakillari, hokim va prokuror lavozimida faoliyat yuritayotgan ayollar bor. Shuningdek, 28 nafar ayol-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
28-fevraldan 5-martga qadar Ukrainadan Polsha orqali jami 3 685 nafar o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi. Polsha hududida 850 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qolayotgani aytilmoqda.
Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishlarini e’lon qildi. Agar ushbu tizimlarning kartalari Rossiyada chiqarilgan bo‘lsa, ular faqatgina mamlakat hududida ishlaydi. Biroq boshqa mamlakatlarda va xorijiy onlayn do‘konlarda ishlamaydi. Shuningdek, Rossiyadan tashqaridagi banklar chiqargan kartalar ushbu mamlakatda qabul qilinmaydi.
Toshkentda jamoatchilik vakillari ham a’zo bo‘lgan Yo‘l harakati xavfsizligi komissiyasini tuzish rejalashtirilmoqda. Birinchi o‘rinda Vision Zero (nol o‘lim) konsepsiyasi asosida YTHlarda jarohatlanish va o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Yagona organ — Yo‘l harakatini tashkil etish markazini tuzish ham ko‘zda tutilgan.
Rossiyaning «Aeroflot», S7 Airlines va Smartavia aviakompaniyalari xalqaro reyslar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Ular bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonnning bir qator shaharlariga parvozlarni amalga oshirar edi.
5 martga qadar 14 ta aviareys bilan 3245 nafar o‘zbekistonlik Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Diplomatlar jang ketayotgan hududlardan ham fuqarolarni olib chiqishga harakat qilmoqda. Jumladan, hozirda Sumi viloyatidan 25 nafar talabani evakuatsiya qilish uchun «yashil yo‘lak» ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Ukrainadan Polsha chegarasiga kiraverishda uch nafar o‘zbekistonlik yo‘l transport hodisasiga uchradi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanovning ma’lum qilishicha, ulardan biri vafot etgan, qolgan ikki nafari esa Lvovdagi shahar kasalxonasiga yotqizilgan.
Antikorrupsiya agentligi Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar 33 nafar fuqaroni «Yo‘lchilar», «Ko‘kpatas» va «Ko‘kayaz» mahallalarida 3 yil davomida yashaganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ulardan 25 nafari OTMga davlat granti asosida kirishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. Davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani uchun mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Rosselxoznadzor 2020 yildan beri amalda bo‘lgan taqiqni bekor qilib, Rossiyaga 9 ta davlat qatorida O‘zbekistondan ham pomidor va qalampirni olib kirishga ruxsat berdi.
Toshkentda «Umidani chaqiring» ijtimoiy loyihasiga start berildi. Bu ibora bilan ko‘cha ta’qibiga uchragan har qanday qiz yoki ayol ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar va boshqa muassasalarga yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkin. Loyiha BMT taraqqiyot dasturining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida kuzatilgan kuchli shamol tufayli Madaniyat va istirohat bog‘idagi «Madaniyat markazi» hamda «Go‘zalkent» mahallasidagi turar-joy binolarining tomi qulab tushdi. Buning oqibatida avtomobillarga ham zarar yetgan.
Prezident qarori bilan boquvchisi xorijga ishlashga ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ro‘yxatida turgan fuqarolarga 540 ming so‘mdan bir martalik yordam beriladi. Ularning nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravasi, eshitish apparati va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun 1,3 mln so‘mdan yordam ham ko‘rsatiladi. Qolaversa, daftarlardan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bilan ishlashga ketganlarga 10 mln so‘mgacha mikroqarz taqdim etiladi.
«Smak», loviyali, maroqandcha, meksikancha, ozdiruvchi, qisqichbaqa tayoqchalaridan tayyorlanadigan, tovuq go‘shti va makkajo‘xorili — Zira.uz yengil salatlar retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
Roskomnadzor «Rossiya OAVlari diskriminatsiyasi» tufayli Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishni bloklashni boshladi. Twitter ham taqiq ostida qoldi.
Prezident Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda talabalar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanmaganini tanqid qildi. Qolaversa, ijarada turuvchi talabalarga subsidiya berish uchun rektorlarga o‘tgan 2 oyda 24 mlrd so‘m berilgani, biroq, atigi 5 mlrd so‘m ishlatilgani aytildi. «Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Doxada o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogida Oksana Chusovitina tayanib sakrashda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ukraina-Polsha chegarasidagi «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi to‘planish nuqtasiga Polsha prezidenti Anjey Duda tashrif buyurdi. U O‘zbekiston diplomatlari va fuqarolari bilan suhbatlashib, ularni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.
Juma kuni jismoniy shaxslar banklardan 86,5 mlndan ortiq miqdorda Rossiya rubli xarid qilgan bo‘lsa, 7,3 mln miqdorida rubl sotishgan. 3−4 mart kunlari o‘zbekistonliklar tomonidan banklardan jami 146,7 mln miqdorida Rossiya rubli sotib olindi va 12,8 mln rubl sotildi. Oradagi farq 11 barobardan ortiqroqni tashkil etdi.
Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar o‘qishini O‘zbekistonda davom ettirishi, rublning so‘mga nisbatan kursini mustaqil belgilayotgan tijorat banklari, davlat tashkilotlarida ishlashiga ruxsat berilgan talabalar, Yaponiyaga 5 yildan keyin oilasini ham olib ketishi mumkin bo‘lgan maxsus maqomdagi migrantlar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 4 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan ilk kundayoq, sotilgan mashinalarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilinganini ma’lum qildi. Xususan, bir shaxs tomonidan 35 ta avtoulovga shartnoma tuzilgani aniqlandi. Kompaniya qayta sotuvchilar uchun yetkazib berish muddatini yana 120 kunga oshirishini eslatib o‘tdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting