Chorshanba kuni Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida 1 martdan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — dedi bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.
Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning beshta bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi munosabati bilan, ushbu banklarda ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamlariga o‘tkazilgan har qanday mablag‘lar qaytarilishi yoki muzlatilishi mumkin. InfinBank matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha aniq ma’lumotlar yoki aniq ssenariylar yo‘q. «Bank o‘z mijozlarini ushbu holat bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishga qaror qilgan», — dedi u.
Madina aeroportida Umra ziyoratiga kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga kiritilmadi. Ularning 2019 yilda Qirg‘iziston qalbaki pasporti bilan Umra safariga borib kelgani aniqlangan. Hozirda fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
DXX Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 6,4 kg giyohvandlik vositalari, shuningdek, 2160 flakonda «Tropikamid» dorisi aylanmasini to‘xtatib qoldi. Surxondaryodagi holatda fuqaro Tojikistondan O‘zbekistonga 5,5 kg «opiy» moddasini chegarani noqonuniy kesib, olib o‘tganida ushlangani aytilmoqda. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muammosiga, xususan, mamlakatning muvaqqat hukumatini tan olish bo‘yicha umumiy yondashuv bo‘lishiga kelishib oldi, dedi Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev. Ammo hozircha bu borada hech qanday qaror yo‘q.
Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu haqda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi yakuniy bayonotida aytiladi.
Samarqand viloyatida «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatganlikda gumonlangan 9 nafar fuqaro ushlandi. Ular O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 29,59 so‘mga pasayib, 10 840,28 so‘mni tashkil qildi. Yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
1-martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha yuridik shaxslarga sement, sement klinkeri va qurilish oynasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat berildi. Shuningdek, kompaniyalarga qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.
Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq faollari bilan suhbati davomida Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 142 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilayotgani ma’lum qilindi. «Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga joriy etamiz», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari bolalarni bog‘chalarga 2 yoshdan qabul qilishni yo‘lga qo‘yish niyati borligini, buning uchun esa mamlakat iqtisodiyoti yanada mustahkamlanishi kerakligini aytdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda Afg‘oniston orqali o‘tayotgan transport vositalari va yuklar harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqishga kelishilgan. Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida o‘zaro janjallashayotgan ayollardan biri Spark mashinasiga o‘tirib, ikkinchisini bosib ketdi. Tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
«Bir davlat qo‘shinlari boshqa davlat hududiga uning roziligisiz kirsa, ularni tinchlikparvarlar deb hisoblab bo‘lmaydi», — dedi BMT bosh kotibi Ukraina sharqidagi voqealar haqida. U Rossiya tomonidan ko‘rilayotgan bir tomonlama choralarni BMT Nizomi tamoyillariga zid deb atadi.
SSV Navoiydagi savdo majmuasida 5 va 4 qavat oralig‘idagi eskalatordan bobosi bilan qulab tushgan 3 yoshli bolaning umumiy holati yaxshilanib borayotganini ma’lum qildi. Standart bo‘yicha muolajalar davom ettirilyapti. U yaqin kunlarda reanimatsiyadan bolalar bo‘limiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Toshkent metropoliteni bekatlarida ilk marotaba ona va bola xonasi hamda jamoat hojatxonasi foydalanishga topshiriladi. Birinchi ana shunday hojatxona 23 fevral kuni 15:00 da ochiladi.
Shavkat Mirziyoyev 30 yildan so‘ng faoliyati tiklangan Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ndi. Faollar bilan suhbatda prezident haftada ikki marta Toshkent-Mo‘ynoq-Nukus yo‘nalishida parvozlar yo‘lga qo‘yilishini aytdi. Qolaversa, Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga borib ishlagan shifokorlar maoshiga 100 foiz ustama to‘lanishini ma’lum qilindi.
Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, turizm, xususiy bandlik agentliklari, dori vositalari va tibbiy buyumlar chakana savdosi kabi xizmatlarni ko‘rsatish uchun 28 ta faoliyat turini litsenziyalash uchun «Litsenziya» axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim dam olish kunlarisiz, har kuni 24 soat ishlaydi. Litsenziya berishni rad etish asoslari ham ma’lum qilindi.
Farg‘ona viloyatida to‘rt nafar shaxs Qirg‘izistonda tahsil olayotgan 30 nafar talabaga o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishga va’da bergan. Ular o‘z xizmati uchun 67 ming dollar olayotganida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
O‘zbek olimlari mahalliy iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega quyosh fotoelektr tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu tizim elektromobillarni yuqori tezlikda quvvatlash qurilmasini ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi DXR va LXR mustaqilligini tan olishiga javoban Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Qanday cheklovlar kiritilishi rejalashtirilgan yoki kiritilgani haqida «Gazeta.uz» ning qisqacha tahlilida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting