Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarni videoga olgandan so‘ng, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishini ma’lum qildi. IIV rahbari matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bu borada hujjat hali ishlab chiqilmaganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «to‘liq taqiq bo‘lmasa-da, qandaydir chegaralar qo‘yiladi». Bunga deputat Rasul Kusherbayev e’tiroz bildirdi.
O‘zbekiston va Eron o‘rtasida Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda investitsiya, transport va logistika bo‘yicha qo‘shma qo‘mitalarni tashkil etishga kelishilgan. O‘zbekiston-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlarni qamragan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» qisqa muddatda ishlab chiqilishi va imzolanishi kutilmoqda.
Dushanba kuni O‘zbekiston bo‘ylab bahoriy iliq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Seshanbadan esa Kavkazdan bulutli massivlar kirib keladi, shunga qaramasdan hafta davomida poytaxtda quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi, boshqa hududlarda esa biroz yomg‘ir yog‘adi.
Toshkent tumanida hokimlik zaxirasidagi 14 sotix yer maydonini boshqa shaxsga olib berishni va’da qilgan fuqaro ushlandi. U yerga egalik huquqini beruvchi qarorni chiqartirish uchun 8 ming dollar talab qilgan.
Toshkentning Sebzor ko‘chasidagi ko‘prik ustida uch avtomobil to‘qnashishi natijasida Matiz va Spark mashinalari ag‘darilib ketdi. Spark`ning ikki nafar yo‘lovchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ekstremistik tashkilotlar tarafdorligida gumonlanayotgan 24 nafar fuqaro ushlandi. Ularning yashash manzillarida aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan taqiqlangan materiallar aniqlangan.
Yakshanba kuni O‘zbekistonda 160 kishida koronavirus qayd etildi. 34 kishi pnevmoniyaga chalindi. Kasallanish oldingi kunga nisbatan kamaygan. Sirdaryoda va Qashqadaryoda virusga chalingan bemor aniqlanmagan.
Prezident 210 gektar maydonda barpo etiladigan «Yangihayot» texnoparki loyihasi bilan tanishar ekan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovga yer ajratishlar tanish-bilish orqali bo‘lmaydimi, deya savol berdi. «Faqat auksion orqali», deb javob berishdi ikkala rahbar ham bir ovozda.
Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Sputnik Light vaksinasining qariyb 136 ming dozasini qabul qilib oldi. Mazkur turdagi vaksinalarning umumiy miqdori 343 ming dozadan oshdi.
Andijon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida tuman sudlari raislari va sudyalar o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olindi. Shuningdek, respublika bo‘ylab 10 nafar sudyalar mas’uliyatsizligi uchun intizomiy jazoga tortildi.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Qoraqalpog‘iston SSVga saraton oldi kasalliklarini birlamchi bosqichda davolash uskunalarini taqdim etdi. Endilikda chekka hududlarda yashovchi ayollar onkologiya markazlariga emas, balki poliklinikalarning o‘zida saraton oldi kasalliklarni davolash xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
«Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi bojxona xizmatiga yoshi 30 dan oshgan yuqori malakali mutaxassislar ham qabul qilinadi. Shuningdek, bojxonachilar endi har 2 yilda emas, balki DBQ raisining buyrug‘iga asosan malaka oshiradi. Qolaversa, bojxona organlariga pullik xizmat ko‘rsatishga ham ruxsat berilmoqda.
Samarqandda yetti nafar fuqaro taksi haydovchilaridan tamagirlik yo‘li bilan pul undirib kelishgani aniqlandi. So‘ralgan pullarni bermagan haydovchilar esa yollanma sportchilar tomonidan ta’qib qilinib, kaltaklangan. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax 24-Olimpiada o‘yinlari yakunlanganini tantanali e’lon qildi. Bu yilgi o‘yinlarda umumjamoa hisobida 37 ta medal bilan Norvegiya yetakchi bo‘ldi. Jamoaviy natijalarga ko‘ra, 2-o‘rinni Germaniya va 3-o‘rinni Xitoy Xalq Respublikasi egalladi.
«Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov nogironligi bo‘lgan insonlarni boshqalarda shukronalik hissini uyg‘otish maqsadida vosita sifatida ishlatishni qoraladi. «Boshqa insonlarning nogironlik holatini ko‘rib, ilhomlanish qanchalik insoniylik fazilatlarimizga to‘g‘ri keladi?», — deydi u.
Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus liniyasi nafaqat O‘zbekistondagi yagona ushbu turdagi jamoat transporti tizimi, balki dunyodagi ikkita shaharlararo liniyadan biri hisoblanadi. Noyabrdan boshlab kompaniyaning elektr energiyasidan qarzdorligi sababli mazkur yo‘nalishda mashinalar harakati to‘xtatilgan. «Gazeta.uz» respublikadagi eng yosh trolleybus tizimi hamda mamlakatning boshqa shaharlarida allaqachon tugatilgan tizimlar haqida hikoya qiladi.
Yakshanba kuni soat 09:30 dan 16:00 ga qadar Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi ta’minoti bilan qisqa uzilishlar bo‘lishi mumkin. Bunga sabab bahorgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida ta’mirlash ishlar olib borilishi ekani aytildi.
Prezident avtomashinalar importiga bojxona to‘lovlari bosqichma-bosqich «nol bo‘lishi» kerakligini aytdi. Shavkat Mirziyoyev xaridorlar oldindan to‘lov amalga oshirilganiga qaramay, mashina uchun bir yil kutishga majbur bo‘lishini adolatsizlik deb atadi.
Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov O‘zbekiston shaharlaridagi tirbandliklar muammosini faqatgina yo‘llarni kengaytirish va yangi yo‘l o‘tkazgichlarini qurish bilan hal etib bo‘lmayotganini aytdi. «Shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transporti afzalligini ta’minlashimiz kerak», — dedi u. Poytaxt ko‘chalarida piyodalar va velosiped yo‘laklarini ajratib turuvchi texnik to‘siqlar, xavfsizlik orolchalari, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida svetofor boshqaruvi joriy etiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashqi qarzni qonun nuqtai nazaridan olayotgani, qolaversa, shuning hisobiga ham oylik, ham metro bo‘layotganini ta’kidladi. «Shuncha tibbiyot xodimlari yoki muallimlarning oyliklari oshmas edi. O‘tiraverar edik oldingiga o‘xshab qarsak chalib, balandparvoz gap gapirib», — dedi prezident.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting