Bo‘stonliq tumanida «Pskom GES»ning to‘g‘onini qurish uchun daryo yo‘li yopildi. Endilikda Pskom daryosi suvi yer osti tunneli orqali o‘tkaziladi. GES loyihasi 2026 yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi va yiliga 946 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Pskom daryosi yo‘lini to‘sishga bag‘ishlangan tadbirdan «Gazeta.uz» fotoreportaji.
O‘zbekiston va Turkmaniston 26 noyabrdan boshlab kontaktsiz yuk tashish yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan «Xo‘jayli» va «Shovot» chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini tiklash ustida ishlamoqda.
25 noyabr kuni Toshkent shahar Yangi hayot tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Tarmoqda ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan, tumandagi ayrim MFYlar, tadbirkorlik subyektlari, maishiy obyektlar va aholi iste’molchilari soat 11:00 dan 16:00 gacha vaqtincha ta’minotdan uziladi.
Iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning kontraktlarini to‘lab bergan eng faol hokimliklar reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi eng ko‘p talabalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talaba — 662, mln so‘m).
Prezident raisligidagi yig‘ilishda 500 ming gektarlik tomorqalardan foydalanish uchun 100 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, quyon, qo‘y, echki, asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun subsidiyalar, garovsiz kreditlar ajratiladi, har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etiladi.
Nukusda ijarada yashovchi talaba xonadondagi isitish qozoni otashxonasidan chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etganligi aniqlandi.
Yangi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar va ota-onalarga murojaatini e’lon qildi. Unda u butun xalq kelajagiga daxldor sohaning ulkan mas’uliyatini ta’kidladi. «Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q», — dedi vazir va barchani taklif va mulohazalarni yuborishga chaqirdi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlashicha, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerak. «Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — dedi u.
BMT ekspertlari MDHning 11 davlati va Gruziyadagi elektron chiqindilar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdilar. Unga ko‘ra, ushbu hududlarda so‘nggi o‘n yil ichida poligonlarga tushadigan elektron chiqindilar miqdori 1,5 baravar oshgan. Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekistonda. Bu yerda elektron chiqindilarning atigi 3,2 foizi qayta ishlangan.
Yanvar-oktabr oylarida yirik korxonalar tomonidan 57,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,9 mlrd kVt soatga yoki 9,4% ga o‘sgan. Avvalroq Energetika vazirligi suv tanqisligi tufayli mamlakat GESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 23 foizga kamayganligini ma’lum qilgan edi.
Tojikiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-leytenant Bobojon Jamolzoda boshchiligidagi delegatsiya ilk bora O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning doirasida 2022 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama amaliy hamkorlik rejasi imzolandi.
2022 yil yakuniga umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 45,2 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shundan, davlat tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 41 foizni tashkil etadi. 2022 yilda kutilayotgan budjet taqchilligining 66 foizi tashqi manbalar hisobidan qoplanishi mo‘ljallanmoqda.
Vazirliklarning hududiy bo‘linmalari bitta binoga joylashtirilishi, XDP barcha ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha kafolatlangan nafaqa to‘lashni taklif etishi, 1 dekabrdan Toshkent metrosida jetonlar qabul qilinmasligi — “Gazeta.uz"ning 24 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident qarori asosida paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar yer dehqonchilik uchun ajratiladi. Bunda elektron tanlov orqali 1 gektargacha bo‘lgan yer maydonlari ijaraga beriladi. Qolaversa, fermer va dehqonlar 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ham olishi mumkin.
Hukumat qarori bilan Toshkentda Italiyaning X asrlik tarixga Piza universitetining filiali tashkil etildi. Filialda ta’lim 2022/2023 o‘quv yilidan kunduzgi shaklda kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga esa universitet diplomi beriladi.
1 dekabrdan boshlab Toshkent metropolitenida aholida qolib ketgan jetonlarni to‘lov sifatida qabul qilish to‘xtatiladi.
Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida jarlar uni ko‘pdan beri qiynab kelayotgan muammo ekanligini ma’lum qildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa buni hal etish uchun unga 450 mlrd so‘m zarur ekanligini aytgan. «Men bu pulni ertagayoq berishimni bildirdim», — dedi prezident. U shuningdek, jarliklarni yopib, uning o‘rniga daraxt ekish va yo‘l ochish bo‘yicha topshiriq bergan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 19,72 so‘mga pasayib, 10 745,40 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Farg‘ona viloyatida Nexia-3 va Lacetti avtomobillari ishtirokida sodir bo‘lgan ikkita YTH natijasida 3 kishi halok bo‘ldi. Ulardan biri avtohalokatdan keyin yonib ketgan mashinada vafot etdi.
Roskomnadzor Google, Apple, Tiktok, Telegram, Meta va boshqa xorijiy IT-kompaniyalariga 1 yanvarga qadar Rossiyada ofislarini ochishni majburiy etib qo‘ydi. Qonun talablarini bajarishdan bosh tortgan kompaniyalar Rossiyada reklama qilish va to‘lovlarni qabul qilishni taqiqlash bilan tahdid qilinmoqda. Roskomnadzor shuningdek, resursga kirishni sekinlashtirish yoki uni mamlakat hududida butunlay blokirovka qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting