Hukumat qaroriga muvofiq, mahsulotlarini O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlarga eksport qiluvchilarga tashish harajatlarining 50 foizgacha qismi to‘lab beriladi. Ariza va tegishli hujjatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligiga taqdim etiladi. Kompensatsiya taqdim etish shartlari va uni rad etish tartibi ham belgilab berildi.
Yangi e’lon qilingan qaror va farmonlar, Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi, Sirdaryoda tuman hokimi 860 dan ortiq daraxtni kesishga ruxsat berishi — “Gazeta.uz"ning 4 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Janubiy Kaliforniyada katta miqdordagi neftning okeanga to‘kilgani, Finlyandiya prezidentining bir kun davomida 16 yoshli qiz bilan birgalikda ishlashi, Eron va Ummonga kelgan to‘fon oqibatida 9 kishining halok bo‘lgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova bir kunning o‘zida (4 oktabr) 866 tup daraxtni kesishga oid 12 ta qarorni imzoladi. Daraxtlar zararkunandalar va iqlim ta’siri oqibatida qurib qolgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan tuman hokimligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov rasmiy tashrif bilan Toshkentga yetib keldi. Aeroportda uni prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan kutib oldi. Ertaga ikkala davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Shermanni qabul qildi. Uchrashuvda ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari qatorida tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Qolaversa, O‘zbekiston yetakchisi AQSh tomoniga beg‘araz yetkazilgan 5 mln dozadan ortiq vaksina uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiyaning turli hududlarida bir qator salohiyatli ish beruvchilari tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun qurilish sohasida 10 mingta bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinmoqda. Fuqarolar nomiga Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent O‘zbekistonda rasmiylashtiriladi.
Iyul-sentabr oylarida FHDYO organlari tomonidan qarindosh bo‘lgan 675 nafar kelin-kuyovning nikohlari qayd qilingan. Eng ko‘p bunday nikoh qayd qilingan hududlar Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rossiyada koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin ko‘payishi oqibatida mamlakat bo‘ylab barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
Samarqand shahridagi bog‘chalardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,94 so‘mga pasayib, 10 677,66 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti «harorat va sezish retseptorlarini kashf qilgan» olimlar Devid Julius va Ardem Pataputyanga topshirildi.
1 oktabrdan boshlab avtomobil oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnomani faqat YAIDXP orqali rasmiylashtirish mumkin. O‘quvchilarning iltimosiga ko‘ra, «Gazeta.uz» «tonirovka» sertifikatini olish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.
Taniqli siyosatchilar, davlat va hukumat rahbarlari, mashhur boylarning ofshor operatsiyalari haqida e’lon qilingan «Pandora Papers» hujjatlarida O‘zbekistonga millionlab investitsiya kiritgan irland kompaniyalari hamda Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumon qilinadigan Telia kompaniyasi vakillari haqida ham so‘z boradi. Shuningdek, surishtiruv doirasidagi hujjatlarda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Iordaniya qiroli, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri va boshqa taniqli shaxslarning ofshor operatsiyalari haqida ma’lumot keltirilgan.
Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov muzeylarga bo‘lgan yondoshuv tubdan o‘zgarayotganini ta’kidladi. «Bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari va hatto uy-muzeylarga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytiriladi», — dedi u.
Toshkentning Chilonzor tumanidagi yangi qurilayotgan uyda gaz portlashi kvartiraning gaz ta’minoti tizimiga ruxsatsiz ulanishi oqibatida yuz berdi, deya ma’lum qildi «Hududgazta’minot». Aniqlik kiritilishicha, bino hali foydalanishga topshirilmagan.
Prezident farmoniga ko‘ra, qator tovarlar uchun 2024 yil 1 yanvargacha bojxona boji bekor qilindi. Ular orasiga o‘quv laboratoriya va maxsus asbob-uskunalar va jihozlar, taqiqlanmagan o‘yin avtomatlari, videoo‘yinlar uchun uskunalar va bouling uchun avtomatik uskunalar, stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari va boshqa tovarlar kirgan.
2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganlarga o‘sha xarid summasining 1 foizi budjetdan qaytariladi. Keshbek har oy yakunida jismoniy shaxslarning bank kartalariga o‘tkaziladi. Chek bermaganlik holati haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 20 foizi mukofot tariqasida to‘lanadi.
Ertaga shimoliy hududlarga Kavkazdan yana sovuq va kuchsiz havo massalari kirib keladi. 5−6 oktabrda shimolda va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayayishi kutilmoqda. Hafta davomida havo harorati +17…+20 daraja iliqgacha ko‘tariladi.
Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari ro‘yxati qisqartirilishi kutilmoqda. Shuningdek, 2022−2025 yillarda davlat xaridlari sohasini rivojlantirish Strategiyasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting