Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida COVID-19`ga chalinish holatlari aniqlandi. Muassasalarda o‘quv jarayoni masofaviy ta’limga o‘tkazildi.
Samarqand shahrida Nexia-3 rusumli avtomobil velosipedchini urib yubordi. Velosipedchi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu haftada olti davlat va Yevropa Ittifoqining yangi elchilarini qabul qiladi. Bundan tashqari, Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi apelsin, limon va banan narxlari MDH va Yevropaning London, Berlin va Rim kabi bir qator markazlaridagi narxlardan baland bo‘lib turibdi. Shuningdek, boshqa turdagi oziq-ovqat narxlari bo‘yicha Toshkent shahridagi minimal narxlar MDH davlatlari poytaxtidagi narxlardan ancha baland ekanligi aniqlandi.
O‘zbekistondagi kasalxonalarda koronavirus kasalligiga chalingan bolalar soni keskin ko‘paymoqda, ular orasida o‘lim holati ham qayd etilganligi aytilmoqda. Zangiotadagi ixtisoslashgan shifoxonada hozirgacha 400 nafarga yaqin bola davolangan.
Dollarning rasmiy kursi 13 so‘mga qimmatladi va jami 10 525 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham ko‘tarildi, rubl esa biroz pasaydi.
O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov COVID-19 ga chalinib, Zangiota shifoxonasiga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Aktyor 25 kun davomida reanimatsiya bo‘limida davolangan.
Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 15 iyunga qadar o‘z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya hududida bo‘lishni qonuniylashtirish masalasida yordam qidirayotgan fuqarolarni O‘zbekistonning Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining telefon raqamlari orqali murojaat qilishga chaqirmoqda.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida ijro hokimiyatining faolligi tizimning resurlariga bog‘liqligini ta’kidladi. Vazirning aytishicha, deputatlarda bunday resurs yo‘qligi uchun ular qiynaladi. «Deputatlarda har doim ham soha bo‘yicha tahlil bo‘lmaydi. Deputatning yordamchisi ham yo‘q», — deydi u.
Belarusda harbiy qo‘zg‘olonni tashkil etishda hamda prezident Aleksandr Lukashenko va uning oilasiga suiqasd qilishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilingan fuqarolar hibsga olindi.
Bolalar ombudsmani Aliya Yunusovaning ta’kidlashicha, «Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerak». O‘tkazilgan o‘rganishlarda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o‘zgargani va chirigani, beton poldan iborat xonalar zaxligi, mebellar esa eskiligi sabab bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani aniqlangan. Uning o‘rnida Bolalar shaharchasini tashkil etish taklif qilinmoqda.
20−21 aprelda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari, so‘ng Ural hududlaridan deyarli sovuq antitsiklon kirib keladi. Respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ish haftasining ikkinchi yarmida O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘ladi.
Agar ilgari ichki ishlar organlari xodimlari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarni ogohlantirish bilan cheklanib qolishgan bo‘lsa, endi qoidabuzarlarga nisbatan eng qat’iy choralar qo‘llaniladi, deyiladi IIV xabarida. Birgina 18 aprelning o‘zida Toshkentda karantin qoidalariga rioya qilmaganlik to‘g‘risida 773 ta bayonnoma tuzildi.
Prezident YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va Parlament assambleyasi to‘laqonli missiyasini oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatishga taklif qildi.
Yevropada 12 ta top klub futbol bo‘yicha Superliga tashkil qilishlarini e’lon qilishdi. UEFA bunga qarshi chiqib, jamoalarga sanksiyalar qo‘llashini, o‘yinchilarni ham musobaqalaridan chetlatishi mumkinligini aytdi. Mazkur musobaqaning tashkilotchisi kim? Musobaqa rahbariyati, uning o‘tkazilishi formati qanday bo‘ladi? Bu haqda batafsil «Gazeta.uz» izohida.
Isroilda koronavirus bilan kasallanish holatlari pasayishi sababli ko‘chada niqob taqish talabi bekor qilindi. O‘z yashash joylaridan tashqari, boshqa binolarda niqob taqish majburiy bo‘lib qolmoqda. Mamlakat aholisining 50 foizidan ortig‘i COVID-19 ga qarshi emlandi.
Xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi koronavirusning yangi «britaniya» va «braziliya» shtammlariga qarshi samarali ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari, mazkur vaksina «janubiy afrika» shtammiga ham qarshi aktiv neytral holatini saqlab qoldi.
AGMK jamoasi OCHL guruh bosqichida 2-tur uchrashuvni Tojikistonning «Istiqlol» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 2:3 hisobida olmaliqliklar imkoniyatni boy berishdi.
Murakkab epidemiologik vaziyatni e’tiborga olib, juma va taroveh namozlarini amalga oshirishda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar, yosh bolalar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslardan ibodatlarni uyda amalga oshirish so‘ralmoqda.
Namangan tarkibida yana bir tuman — Yangi Namangan tumanini tashkil etish rejalashtirilgan. Sentyabrda shaharda 2003 yilda tugatilgan Davlatobod tumani qayta tuzilgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting