Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi ko‘tarildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari moratoriy davrida 7854 tup daraxt noqonuniy kesilib, tabiatga 9,787 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Huquqbuzarlarning 167 nafari mansabdor shaxslar hisoblanadi. Ular qatorida Sirdaryo tumani hokimi [11,7 mln so‘m] va «Vuildinig and Supplies» qurilish korxonasi [630,4 mln so‘m] jarimaga tortilgan. 17 ta holatda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
COVID-19 ga qarshi «Sputnik V» vaksinasining ishlab chiquvchilari uning samaradorligini 95% dan yuqori ekanligini e’lon qilishdi. Xalqaro bozorlar uchun bitta vaksina dozasi 10 dollardan kamroqqa narxlanmoqda.
Toshkent hokimining boshqaruv apparati 1 mlrd so‘mga 4965 dona prezident portretlarini sotib olgan. Shartnoma Kolorpak kompaniyasi bilan tuzilgan.
Sirdaryo viloyatida haydovchi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida transport vositasi yo‘l chetidan o‘tgan gaz tarmog‘iga borib urildi. Oqibatda Shirin shahri vaqtincha gazsiz qoldi.
10 oy davomida avtomobil eksporti hajmi 66,8 foizga, ya’ni 50,9 mln dollarga oshgan bo‘lib, tashqi bozorlarga sotilgan avtomobillarning deyarli 90 foizini Qozog‘iston xarid qilgan.
Koronavirus infeksiyasi sababli Xitoyda yuzlab reyslar bekor qilindi. Jumladan, Shanxayning «Pudong» xalqaro aeroportida kamida 436 ta, Tyanszindagi «Binxay» aeroportida esa 165 ta reys to‘xtatilgan.
2021 yil davomida tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun tariflar oshirilmasligi belgilanmoqda, deya xabar qildi deputat Rasul Kusherbayev. Bosh vazir Abdulla Aripov ushbu xabarni tasdiqlab, bu aholi uchun yengillik yaratish yo‘lida qilinayotganini ta’kidladi.
Baxmal tumanida yupun kiyingan bolalar ishtirok etgan tadbir tashkilotchilariga tumani hokimligi tomonidan ogohlantirish berildi hamda qonuniy tartibda chora ko‘riladigan bo‘ldi. Tadbir 5−6 daqiqa davom etgan va bolalar uzoq vaqt tashqarida qolmagan, deya xabar berdi hokimlik.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining aniqlashicha, ikkilamchi bozor hajmi yiliga taxminan 2 milliard dollarni tashkil etgan holda, har yili 400−500 mingga yaqin oldi-sotdi shartnomalari amalga oshiriladi. ITIM ekspertlari ikkilamchi avtomobil bozordagi avtomobillarning narxlariga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish bo‘yicha amaliy tadqiqot o‘tkazdi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga moratoriy 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilishi mumkin. Qo‘mita bu boradagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritdi.
Qashqadaryo viloyatida 2018, 2019 va 2020 yilning shu davriga nisbatan ichimlik suvi uchun ajratilgan 23 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflangani ma’lum bo‘ldi. Aytilishicha, buning oqibatida 10 ta hududga haligacha ichimlik suvi yetib bormagan. Viloyatning Nishon, Kasbi, Koson, Muborak tumanlariga ham ajratilgan mablag‘lardan unumli foydalanilmagan.
2021 yildan barcha elektr energiyasi iste’molchilariga elektr energiyasini yetkazib berish faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshirilishi taklif etilmoqda. To‘lovni amalga oshirmagan iste’molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzish chorasi ko‘rilishi mumkin.
Bektemir tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Toshkent shahridagi tug‘ruq komplekslaridan biriga rahbar lavozimiga tayinlatib berish evaziga 10 ming AQSH dollarini olganligi uchun qo‘lga olindi.
Toshkent kichik halqa yo‘lida avtobus yonib ketdi. Voqea joyiga 4 daqiqadan so‘ng Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv guruhlari yetib kelishdi va yong‘in bartaraf etildi. Jabrlanganlar yo‘q.
Xitoy «Chanchjen-5» eltuvchi raketasi orqali avtomatik tarzda Yerga qaytadigan tuproq yig‘uvchi apparatini muvaffaqiyatli tarzda kosmosga uchirdi. «Chan’e-5» deb nomlanuvchi o‘zi qaytadigan uskuna reja bo‘yicha uch haftadan so‘ng Yerga Oy tuprog‘ini olib kelishi kerak. Tuproqdan ilmiy o‘rganish va tadqiqot qilish ishlari uchun foydalaniladi. Bungacha faqat AQSH va Sobiq Ittifoq ushbu vazifani bajarishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Eski juva» bozoriga kirishda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari fuqaroni majburlab olib ketishgani tasvirlangan video tarqaldi. Milliy gvardiya mazkur holat yuzasidan munosabat bildirar ekan, mojaroga pirotexnika oldi-cotdisi bilan bog‘liq nizo sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z shtabiga hukumatni topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi. GSA rahbari Emili Myorfi Jo Bayden shtabiga AQSH ma’muriyati uning g‘alabasini tan olishga tayyor ekanligini anglatuvchi murojaat yubordi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi v. b. etib Jamshid Nasriddinov tayinlandi.
Prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Jo Bayden prezident ma’muriyati tarkibiga kirishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Evril Xeyns AQSH milliy razvedkasini boshqaradigan birinchi ayol va Kubada tug‘ilgan Alexandro Mayorkas esa Milliy xavfsizlik departamentini boshqaradigan ilk lotinamerikalik bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting