“Oltin Qiron” ordenini olgan Shavkat Mirziyoyev, Tok Bor kompaniyasining ustun mavqei, qator hududlar uchun yangi hokimlar, O‘zbekiston va Qozog‘istonning 10 yillik sheriklik dasturi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Ortda qolgan oy tarixdagi ikkinchi eng issiq iyul bo‘ldi va ketma-ket 13 oy davomida qayd etilgan harorat rekordlarini buzdi. Biroq, iqlimshunoslarning ogohlantirishicha, global isish davom etmoqda.
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida quyosh energiyasi bilan ishlaydigan tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi, loyiha BMTTD va YI hamkorligida amalga oshirildi. Suv quyosh panellari energiyasidan foydalangan holda 180 m chuqurlikdagi quduqdan chiqariladi. Tizim quvvati 3 ga yerni sug‘orishga yetadi.
O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiya chempioni, taekvondochi Ulug‘bek Rashitov o‘z faoliyatida ikkinchi bor Olimpiada o‘yinlari finaliga chiqdi va O‘zbekistonga medalni kafolatladi.
Isroil Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilgani ortidan yaqin kunlarda Eron va uning ittifoqchilari hujumini kutmoqda. Isroil shaharlarida bombapanohlar tayyorlanmoqda, shifokorlar qon zaxiralamoqda. Biroq Eron mintaqada eskalatsiya xavfi tufayli hujumni qayta ko‘rib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Bangladeshda bosh vazir Shayx Hasina qochib ketgach, muvaqqat hukumatni “kambag‘allar bankiri” sifatida tanilgan Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus qo‘lga oldi. Mamlakat armiyasi namoyishlarni bostirishdan va tinch aholini otishdan bosh tortdi, bu esa Hasinaning 15 yillik boshqaruviga barham berdi.
Toshkentda IIV va DXX xodimlari “zakladka” usuli orqali noqonuniy tarqatish uchun tayyorlanayotgan 42 kg dan ortiq “apteka narkotiklari"ni to‘xtatib qoldi. Ularning umumiy chakana narxi 35,7 mlrd so‘mni (deyarli 3 mln dollar) tashkil qildi.
Afg‘onistonda Naybobod temiryo‘l stansiyasi ochildi, u va uning Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif liniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan qayta tiklandi. Ochilish marosimida stansiyaga birinchi yuk vagonlari yetib keldi.
Silk Avia Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31-avgust-3-sentabr kunlaridagi aviaqatnovlar uchun 15 foizgacha chegirma e’lon qildi. Chiptalarni 9-avgustdan xarid qilish mumkin.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahliliga ko‘ra, iyul oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari 0,7 foizga pasaygan. To‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha 0,3 foizga oshgan.
Mirziyoyev va Toqayev yuk tashishni oshirishga sharoitlar yaratish, avtomobil va temiryo‘llar qurish hamda modernizatsiya qilishni jadallashtirishni muhokama qildi. Transkaspiy yo‘lagi va “Shimol-Janub” koridoridan samarali foydalanish va chegarada yangi o‘tkazish punktlarini ochish masalalarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Ostona shahrida Alisher Navoiy haykalini ochib berdi. Qosim-Jomart Toqayev buni “qozoq xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan alohida hurmati ramzi” deb atadi. Foto.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari videoaloqa orqali Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini ochib berdi.
Oliy davlatlararo kengashning 1-majlisida O‘zbekiston va Qozog‘iston kengashning 2024−2034-yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarni imzoladi. Davlat chegarasi rejimi haqidagi bitim ham qabul qilindi.
22-iyul kuni Artel Bosniya va Gersegovinada joylashgan Energia Allianse d.o.o. bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Oliy davlatlararo kengash majlisida 7 mlrd dollarlik shartnomalar imzolanganini ijobiy baholadi. Tomonlar energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarni rivojlantirish, shuningdek, suv obyektlarini raqamlashtirishga kelishib oldi.
Zafarbek Matnazarov Yangiariq tumaniga, Ruslan O‘razbayev Gurlan tumaniga hokim etib tasdiqlandi. Nomzodlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etildi.
Sirdaryo tumanida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini amalga oshirish uchun erkin iqtisodiy zona formatida “Markaziy Osiyo” xalqaro markazi tashkil etilmoqda.
Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston prezidentiga “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordenini topshirdi. Bu mukofot Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shganlik uchun beriladi. Foto.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Ostonada o‘tgan muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish, Sirdaryoda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va Qambarota GES-1 qurilishini tezlashtirishga kelishib oldi. Tomonlar Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasini o‘rganadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting