DXX Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi. Uchko‘prik tumanida 56 yoshli shaxs o‘ziniki bo‘lmagan 12 sotix yerni 130 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida ushlandi. Qashqadaryoda esa hokimlik xodimi 25 gektar yerni 5 ming dollarga pullayotganda qo‘lga tushdi.
Parij Olimpiadasining 11-kunida Aram Vardanyan va Rustam Assakalov Yunon-rum kurashi bo‘yicha, Aktenge Keunimjayeva esa erkin kurash bo‘yicha gilamga chiqadi. 7-avgustga o‘tar kechasi bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev amerikalik raqibiga qarshi yarim finalda jang qiladi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 2024-yilning birinchi yarmidagi sof foydasi 269 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 5,4 barobarga ko‘pdir.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini muddatidan avval yakunlaganini e’lon qildi. “Bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim”, — deb yozdi u. G‘aniyev ishini Vazirlar Mahkamasida davom ettiradi.
Poytaxtning Bektemir, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi jami 5786 ta xonadon va 37 ta ulgurji iste’molchi 6-avgust kuni tabiiy gaz ta’minotidan uziladi.
Toshkent hokimligining ta’kidlashicha, renovatsiyaga tushgan hududlar mahalliy aholining murojaatlari asosida taklif etilgan. Uy-joylarning tahlili shaharsozlik me’yorlariga javob bermasligini tasdiqladi, deya qayd etdi hokimlik. Loyiha hududlarni yaxlit rivojlantirishni nazarda tutadi.
Uzbekistan Airways Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31-avgustdan 3-sentabrgacha barcha mahalliy aviaqatnovlar uchun chipta tariflaridan 30 foiz chegirma e’lon qildi.
“Yashil” stansiyalarning elektr ishlab chiqarishda ortgan ulushi, Davmonopoliyalarni tugatishga doir Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi, jamoatchilik norozi bo‘layotgan shaharsozlikka doir qonun, MO mamlakatlariga yangi koridorlar ochishda yordam beradigan Yaponiya va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Prezidentga olib kirilgan taqdimotga ko‘ra, ichki yo‘llar va ko‘priklar hokimiyatlar balansida ekani sababli ularning ko‘pi “ta’mirtalab holatda”. Shu bois endi hududiy obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yo‘llarni saqlash xizmatlari tashkil etiladi. Ular eng zarur 4 turdagi maxsus texnika bilan ta’minlanadi.
15 yildan beri hokimiyatda bo‘lib kelgan Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina ommaviy namoyishlar fonida iste’foga chiqdi va mamlakatdan qochib ketdi. Armiya muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qildi.
Prezidentga raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Energetika, aeroport xizmatlari va boshqa sohalardagi 17 turdagi davlat monopoliyalarini tugatish kutilmoqda. Ruxsatnomalar va litsenziyalar majburiy sug‘urtaga almashtiriladi, tabiiy monopoliyalar sohasida mustaqil regulyatorlar paydo bo‘ladi.
Yaponiya fond bozori 12,4 foizga tushib ketdi, bu 1987-yildagi “qora dushanba"dan beri eng katta qulash bo‘ldi. Iena kursining ko‘tarilishi, pul-kredit siyosatining keskinlashishi va AQShda iqtisodiy ma’lumotlarning yomonlashuvi tufayli investorlarning yapon fond bozoriga ishonchi pasaydi, deb yozdi Bloomberg.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida Markaziy Osiyo davlatlariga Rossiyani chetlab o‘tib, mintaqa va Yevropani bog‘laydigan yangi savdo yo‘lini yaratish uchun iqtisodiy yordam taklif qiladi, deb xabar bermoqda Yaponiya OAV. Avvalroq AQShda ham shunga o‘xshash rejalar haqida gapirilgan edi.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida ikkita UAZ to‘qnashuvida ulardan biri ag‘darildi. Oqibatda mashina salonidagi 6 kishi jarohatlandi. YTHga oid hujjatlar jinoiy sudga yuborildi.
Britaniya shaharlarida Sautportdagi bolalar raqs studiyasiga uyushtirilgan va uch qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumdan so‘ng migrantlarga qarshi namoyishlar va zo‘ravonliklar davom etmoqda. Bosh vazir Kir Starmer tartibsizliklarni “o‘ta o‘ng banditizm” deb atadi.
Krasnoyarsk-Toshkent yo‘nalishida uchayotgan samolyot parvoz vaqtida “anomal meteorologik hodisa” — do‘lga duch keldi. Bortdagi 176 kishiga zarar yetmadi, ammo samolyotning old oynalari va meteolokator qismi shikastlandi. Hozirda ta’mirlash ishlari olib borilyapti.
Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga o‘zbekistonlik murabbiy sekundantlik qildi. Sportchining shaxsiy murabbiyi akkreditatsiya muammolari sabab Parijga borolmagani uchun jangni o‘z uyida ekran qarshisida tomosha qildi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida nima uchun matni deyarli bir xil bo‘lgan konstitutsiyalar turli mamlakatlarda turlicha ishlashi haqida fikr bildirdi. “Agar elita xalq uchun konstitutsiya yozsa va o‘zi uchun istisno qilsa, demak, bu ishlamaydi”, — deya ta’kidladi u.
O‘zbekistonda hafta boshida o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi. 8−9-avgustda issiq kuchayadi va aksariyat hududlarda havo +40…+44 darajagacha isiydi. Ayrim kunlarda tog‘oldi va tog‘li hududlarning ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ham mumkin.
Sirdaryo daryosining Bekobod tumanidan o‘tgan hududida qum-shag‘al aralashmalari qazib olinayotgani aniqlandi. Buning ortidan tabiatga 87 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetdi, 3 ta yuk mashinasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting