2024-yilgi davlat dasturi loyihasi, ekologiya vaziri bilan katta intervyu, jamoat transportida yuradigan rahbarlar, daraxtkesar hokim yordamchisi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 10 ta shahar va tumandagi bosh shifokorlarni ishdan bo‘shatish topshirig‘ini berdi. Ular mahalliy analoglar o‘rniga chetdan keltirilgan dorilarni sotib olib, “obnal firmalar"dan foydalanadi. Hokim shifokorlar dorixonalar manfaati uchun 8−10 talab dori yozib berishini aytdi.
Ekologiya vazirligi Toshkentda havo sifatini yaxshilash uchun qilinishi lozim bo‘lgan shoshilinch choralarni e’lon qilgandi. Vazirlik rahbari Aziz Abduhakimov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida havo ifloslanishining sabablari, Ai-80 benzinini cheklash va qurilishlarni taqiqlash kabi takliflar mazmunini tushuntirdi.
Ko‘krak bezi saratoni O‘zbekistonda saraton kasalliklari orasida o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi, biroq uni erta bosqichlarida davolash mumkin. Diagnostika uchun mammograflar, malakali radiolog va rentgen-laborantlar kerak. Kasallik haqida batafsil — “Gazeta.uz” materialida.
Toshkent chetidagi hududlarni metro bekatlari bilan bog‘laydigan to‘rtta ekspress avtobus yo‘nalishi joriy etiladi. Piyoda va avtobuslar ustuvorligini ta’minlash maqsadida 8 ta transport yo‘lagi rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda prezidentning 2024-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori loyihasida aytilgan.
O‘zbekistonda 2023-yilda kambag‘allik darajasi 3,1 foizga qisqarib, 11 foizni tashkil etdi. Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etilgani ma’lum qilindi.
1−5-fevral kunlari Toshkent viloyatining qator tumanlari va Namanganning bir tumanida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi. Avvalroq O‘zgidromet fevralning boshi nisbatan sovuq bo‘lishi haqida xabar bergandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Mingbuloq tumani sudi raisi 2 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlandi. U o‘zining ish yurituvidagi sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlab berishini aytgan.
Toshkent shahrida 11-yo‘nalishdagi “garmoshka”li avtobus 18-avtosaroydan chiqayotib, yog‘ingarchilik tufayli sirpandi va uning orqa qismi qiyalikka tushib ketdi. Salonda yo‘lovchilar bo‘lmagan. Avtobus maxsus texnika yordamida chiqarib olindi.
2024-yilgi davlat dasturi loyihasida “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalarni mahalla raisi va tashabbuskorlar roziligi bilan foydalanishga topshirish belgilanmoqda. Shuningdek, 1-martdan “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi joriy etilishi mumkin.
O‘zbekistonda 1-martdan chang bo‘roni va havo ifloslangan vaqtda aholini profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Shuningdek, qurilish maydonlarida chang va qumning havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etilishi mumkin.
O‘zbekistondagi mahalliy avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 2024-yilda 450 ming dona yengil avtomobillar ishlab chiqarishga erishish va ADM Jizzakh korxonasi negizida Koreyaning KIA brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish maqsad qilinmoqda. Bu 2024-yilga oid davlat dasturiga kiritilgan.
Tarmoqlarda ota 4 yoshli bolasini do‘kondan shirinlik va o‘yinchoqlar olib berishini so‘ragani uchun haqoratlab, kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Bosh prokuratura holat Termiz shahrida 42 yoshli erkak tomonidan sodir etilgan va unga nisbatan ochilgan ma’muriy ish sudga yuborilganini bildirdi.
Polkovnik Timur Ismailov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Boshqarmaning avvalgi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismailov esa Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi.
O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi rejalashtirilmoqda.
10-fevralgacha Yunusabad Residence premium klassdagi 30 ta xonadonga 13% chegirma amal qiladi. Bundan tashqari, boshlang‘ich to‘lovsiz 12 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud.
2024-yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida oyning bir ish kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘lishi, bunda rahbarlar jamoat transportida yurish orqali namuna ko‘rsatishi belgilandi. 2020-yilda ham rahbarlarga haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmasdan ishga kelib-ketish tavsiya etilgan.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihalari jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyihalar 9-fevralga qadar jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2023-yilda eng ko‘p ta’lim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Shuningdek, sud qarorlaridan norozilik va tender savdolaridagi buzilishi holatlari bo‘yicha ham ko‘p shikoyatlar bildirilgan.
O‘zbekistonda kelayotgan fevral oyi odatdagidan iliqroq, biroq oy boshi nisbatan sovuq bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda harorat kechasi 0…+5, kunduzi +8…+13 daraja, keyinchalik oy oxirigacha kechasi −12…+7, kunduzi 0…+18 daraja atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting