Dollarning rasmiy kursi 18,48 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 596,76 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham ko‘tarilgan, rubl esa biroz pasaygan.
26 may kuni Toshkentda QS World University Rankings reytingiga ko‘ra top 300 talikka kiruvchi AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya OTMlariga o‘qishga kirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tadi. Seminar doirasida Navitas Ltd xalqaro OTMlar assotsiatsiyasi eksperti Nikita Shileyev abituriyentlarning savollariga javob beradi.
Shu kunlarda bir qator viloyatlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lib, shamol kuchayishi mumkin. Haftaning o‘rtalaridan boshlab mamlakatga juda iliq havo kira boshlaydi, kunduzgi harorat + 34 … + 37 darajaga ko‘tariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida tramvay elektr tarmog‘idagi uzilish sabab to‘xtab qolgani va yo‘lovchilar tomonidan siljitib harakatga keltirilgani yuzasidan izoh berildi. Unda ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar tramvay boshqa yo‘nalishdagi avtotransport vositalariga xalaqit qilmasligi uchun itarib, chorrahani bo‘shatib qo‘yishga ko‘maklashishgan.
Bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish reglamenti yangilandi. «Ayollar daftari» ga kiritilgan yolg‘iz onalar farzandlariga imtiyozli navbatga ega bo‘lish huquqi belgilandi.
Prezident shu hafta «O‘zagrohimoya» AJ tizimini isloh qilish, hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazadi. Davlat rahbari 30 may kuni Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda nutq so‘zlaydi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ko‘pgina davlatlarda ish o‘rnini davlat yaratmayotganini, ularni yaratish uchun imkoniyat yaratib berishi kerakligini ta’kidladi. Vazirning aytishicha, 2021 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 10,5 foizga teng bo‘lgan.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer «Gazeta.uz»ga Global yo‘l harakati xavfsizligi haftaligining maqsadlari va piyodalar avtomobillar oqimi bilan kesishadigan ko‘chalarda tezlikni 30 km/soatgacha pasaytirishning ahamiyati haqida gapirib berdi.
Dushanba kuni kechasi va ertalab poytaxtning Chilonzor tumanida ikkita avariya yuz berdi. Ularning birida uch kishi jarohat olgan, ikkinchisida haydovchi vafot etgan.
Shahrisabzda bir guruh tibbiyot xodimlari majburiy ishga jalb qilindi. Shahar tibbiyot birlashmasi xo‘jalik ishlari mudiri ma’muriy jarimaga tortildi.
Toshkentda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida shahar ko‘chalari suvga to‘ldi. Yomg‘ir suvi yo‘lovchi avtobuslari ichiga ham kirib ketgan. Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari yotoqxonasi ichiga yomg‘ir suvi o‘tib ketgani ham aytilmoqda. Shuningdek, Toshkent teleminorasini chaqmoq urdi.
25 maydan 27 mayga qadar poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Bektemir va Sergeli tumanlarining ba’zi hududlarida suv ta’minoti to‘xtatiladi. Yangixayot tumanida suv bosimi kamayadi.
“Nexta” Telegram kanalining asoschilaridan biri Roman Protasevich Minskda hibsga olindi. U mingan samolyot Afinadan Vilnyusga uchayotganida bortida bomba borligi haqida signal sabab Belarus poytaxtiga qo‘ndirilgan.
Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i etib Iqboljon Ergashev tayinlandi. Viloyat hokimining yana bir o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Holiqov bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasining buyrug‘i bilan tendersiz «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish Mimar Group kompaniyasiga, qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini ta’mirlash esa Ijod-Ijod kompaniyasiga berilgan. Ularga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsat etildi.
Italiyananing Pemonte shahrida kanat yo‘lida odamlarni olib ketayogan kabina arqondan uzilib, quladi. 14 kishi haloq bo‘ldi, ular orasida 9 yoshli bola ham bor.
O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripov ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda 60 yoshga to‘lgani munosabati bilan «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
Namanganda 60-xalqaro gullar festivali boshlandi. Yubiley festivalda 10 million tup gul ko‘chatlari o‘tqaziladi, gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi, gala-konsert va boshqa tadbirlar ham tashkil etiladi.
Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ko‘p miqdorda talon-toroj qilishda ayblanayotgan boshqarma boshlig‘i qamoqqa olindi.
Toshkentning Sergeli tumanidagi uylardan birida chiqqan yong‘in boshqa xonadonlarga ham o‘tdi. Aholi yong‘inga elektr tarmoqlaridagi muammo sababli yuzaga kelganini ma’lum qildi. FVV o‘t o‘chiruvchilar yo‘llardagi tirbandliklar va yer osti gidrantining suv bosimi past bo‘lgani yong‘inni tezlik bilan o‘chirishga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting