Toshkentning Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin. Faollar bu joyga ko‘prik emas, “odamlar dam oladigan jamoat makoni, shahar muhiti kerak”ligini ta’kidlayapti. Mushtariylar 2022-yilgi rekonstruksiyadan so‘ng Navoiy ko‘chasida tirbandlik muammosi kamayganini ham eslatdi.
Prezident matbuot xizmati “Gazeta.uz”ning shahar markazida yo‘l o‘tkazgichlar qurib bo‘lmasligi haqidagi maqolasiga munosabat bildirdi. “Agarda shunday loyiha bo‘lsa, uni ishlab chiqishga eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinadi va jamoatchilik fikri inobatga olinadi”, — dedi prezident matbuot kotibi.
Nurafshon shahrida 57 yoshli ishchi kanalizatsiya qudug‘iga tushib, tozalash ishlarini olib borayotganda gazdan zaharlandi. Uni qutqarish uchun tushgan yana 3 kishi ham hushidan ketgan. Oqibatda 3 kishi voqea joyida vafot etdi. 1 kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Markaziy bank jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklarini undirishda ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, qarzdorga soat 20:00 dan 8:00 gacha vaqtda va haftada bir martadan ko‘p uchrashish, kuniga bir martadan ortiq telefon qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ural kon-metallurgiya kompaniyasi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Avvalroq Forbes O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Komilov kompaniyaning yangi benefitsiar egasiga aylangani haqida xabar bergandi.
Dehqonobod tumanida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 2532 tup tojik kavragining ildizi kesildi. Zarar miqdori 1,2 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Bu yaqin orada Ekologiya vazirligi tomonidan qayd etilgan uchinchi holatdir.
O‘zbekiston iyun oyida Xitoyga tabiiy gaz eksportini oshirdi. Qiymat jihatidan yetkazib berish 85,3 million dollarga oshgan, bu may oyiga nisbatan 9,1 foizga ko‘p. Avvalroq mamlakatda gaz qazib olish 2,51 milliard kub metrga kamayganini yozgandik.
19-avgustdan Toshkent-Blagoveshchensk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Parvozlar har hafta shanba kunlari amalga oshiriladi.
Iordaniyada o‘tgan sport kurashlari bo‘yicha U-20 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi jami 20 ta — 4 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
AQSh Moliya vazirligi Qirg‘izistonning to‘rtta kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Rossiya mudofaa sanoati uchun Rossiyaga elektronika va sanksiya ostidagi boshqa mahsulotlarni yetkazib bergan. Ukraina TIV Qirg‘iziston elchisini chaqirtirdi.
Nyu-York shahrida sodir bo‘lgan otishmada og‘ir yaralanib, shifoxonada vafot etgan 15 yoshli o‘zbekistonlik yigit janozasi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar meri Erik Adams ham qatnashdi va nutq so‘zladi.
Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 2,51 mlrd kub metrga qisqardi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish esa o‘sdi, lekin iyun oyida pasayish qayd etildi. Neft ishlab chiqarish pasayishda davom etmoqda, benzin ishlab chiqarish keskin oshgan.
Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi loyihalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Ular orasida Kitobda sayyohlik zonasi tashkil etish, osma dor yo‘li qurish va boshqalar bor.
Statistika agentligi O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlarining kech e’lon qilinishini izohladi va bu ko‘rsatkichni hisoblash usuli borasidagi tanqidlarga javob qaytardi.
Samarqand viloyatida ko‘chma radar orqali aniqlangan tezlikni oshirish bo‘yicha belgilangan jarima Oliy sud tomonidan bekor qilindi. Chunki YPX xodimi radardagi tezlik ko‘rsatkichi bilan haydovchini tanishtirmagan va uning talabi bilan moslamaning sertifikati ko‘rsatmagan.
Shavkat Mirziyoyev qariyb 6 yildan beri qurilishi ketayotgan “Toshkent-Sharqiy” biznes aviatsiyasi aeroportiga tashrif buyurdi. Hozir uning uchish-qo‘nish yo‘lagi va VIP-terminal binosi qurib bo‘lingan. Prezident hududda yana bir terminal qurishni va aerovokzal loyihasini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi.
O‘zbekistonda dam olish kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat biroz ko‘tarilib, janubda va cho‘l hududlarda +41…+43 darajagacha yetadi. Keyingi hafta esa issiq havo kirib kelishi kuchayib, harorat yana 1−2 darajaga ko‘tariladi.
Prezident qarori bilan Yangi Toshkent shahridagi yer uchastkalari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Qozog‘istonning QazaqGaz kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzitini boshlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya barcha texnik tadbirlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq to‘liq hajmda amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
2023−2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 mln 18 ming nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb 200 mingtaga kam. Talabgorlarning eng ko‘pi Milliy universitetni tanlagan — 36 782 nafar.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting