AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlashda ayblanmoqda. Bu prezidentlikka qaytishga urinayotgan Trampga nisbatan ikkinchi jinoiy ish hisoblanadi.
Toshkentdagi “Oltintepa” mahallasi 2016-yildan beri “snos”ni kutadi. O‘tgan yetti yilda ularning hovlilari atrofida “dom”lar va uch qavatli ko‘prik qurildi. Ularning yashash sharoitlari esa yomonlashdi: hovlilarni doim suv bosadi, namlik devorlarni buzadi. Aholi ularning muammolari hal etilishini so‘ramoqda.
Shavkat Mirziyoyev Milanda Lombardiya gubernatori bilan uchrashib, qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini kengaytirish, Samarqandda investitsion forum o‘tkazish va hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash kabi masalalarni muhokama qildi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Qatar bosh vaziri o‘rinbosari — mudofaa vaziri Xolid bin Muhammad al-Atiya bilan muzokara o‘tkazdi. Shuningdek, ular Chirchiq shahridagi to‘qimachilik korxonasi va zirhli tank texnikalarini ta’mirlash zavodida bo‘ldi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqladi. Shuningdek, Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Ostona xalqaro forumida ishtirok etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Markaziy Osiyoda hamkorlik yangi bosqichga o‘tganini qayd etdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi kabi muammolarni sanab, hamkorlar va investorlarni Orol muammosiga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Termiz shahri va Surxondaryoning qator tumanlarida chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Viloyat FVB shamol paytida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagida 55 yoshli erkak 7 yoshli qizchaga uyatsiz harakatlar qilgani aniqlandi. Gumonlanuvchi ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Nukus voqealariga oid ikkinchi sud jarayonidagi 28 nafar mahkumning apellyatsiya shikoyatlari bo‘yicha sud qarori 12-iyun kuni e’lon qilinadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish 18-may kuni boshlangandi.
Human Rights Watch tashkiloti Dauletmurat Tajimuratovni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilot sudni “odil sudlov me’yorlariga javob bermagan” deb hisoblab, Tajimuratovning qiynoqlar haqidagi da’volari bo‘yicha samarali tergov o‘tkazilmaganini ta’kidlamoqda.
Urgut tumanida Cobalt “Kamaz” bilan to‘qnashishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Yuk mashinasi haydovchisi shifoxonaga yotqizildi.
Toshkent viloyati Parkent tumanidagi gaz quyish shoxobchasida yonilg‘i quyish vaqtida Nexia avtomashinasida gaz balloni portlab ketdi. Yana ikkita mashina shikastlandi. Qurbonlar yo‘q.
Gruziyada 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida tezkor shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik Umida Omonova g‘olib bo‘ldi.
Eronning Qeshm Air aviakompaniyasi 21-iyundan Tehron va Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi.
Italiyaning SACE kredit agentligi O‘zbekiston energetika sohasi uchun 2,2 milliard yevro ajratadi. Mablag‘lar 4 ta yirik loyihani moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Farg‘ona shahridagi turistik firma xodimi rahbarining ko‘rsatmasi asosida fuqarodan Hajga yuborish evaziga 20 ming dollar talab qilib, shundan 10 ming dollar olgani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand shahri “Shukrona” mahallasidagi hokim yordamchisi 1500 dollar pora bilan ushlangani aytilmoqda. U fuqaroga bankdagi tanishi orqali 150 mln so‘m miqdoridagi kredit olib bermoqchi bo‘lgan.
O‘zbekistonda dam olish kunlari quruq ob-havo saqlanib turadi, harorat biroz pasayishi, kunduzi +33…+38 darajagacha tushishi mumkin. Ammo pasayish uzoq davom etmay, yangi hafta boshida +41…+42 darajagacha bo‘lgan qiymatlarga qaytadi.
Toshkentdagi yana 7 ta avtobus yo‘nalishi kunlik reja bekor qilingan holda brutto-shartnomalarga o‘tkazildi. May oyi boshidan beri 14 ta yo‘nalish yangi tizim bo‘yicha ishlay boshlagan. Yoz oxirigacha barcha yo‘nalishlarni brutto-shartnomalarga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tijorat banklari 9-iyun kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 380−11 430 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 440−11 490 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting