Geografik obyektlarga nom berishda aholining fikri o‘rganilishi, Samarqandda tug‘ilgan 4 egizak, Andijon suv omborini birga boshqaradigan O‘zbekiston va Qirg‘iziston, pora bilan ushlangan Pskent prokurori yordamchisi, o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan hind ishchisi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Oliy ta’lim vazirligi talabalarga $115 mln qiymatidagi 18 ming o‘rinli 17 ta yotoqxona qurishga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankini maslahatchi sifatida jalb qilmoqda. Bank turar-joylarni qurish uchun investorlarni topishda yordam beradi.
O‘zbekiston TIV rahbari Vladimir Norov qirg‘izistonlik hamkasbi Jeenbek Kulubayev bilan Andijon (Kampir-Obod) suv ombori bo‘yicha bitimni imzoladi. Bundan tashqari, vazirlar prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalasini ham muhokama qildi.
Adliya vazirligida kripto-do‘kon tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish qoidalari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, kripto-do‘kon elektron platforma va savdo obyekti orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Qonunchilikda bunday faoliyat turi uchun har oy 6 mln so‘m to‘lov belgilangan.
Pskent prokurori yordamchisi 1500 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ma’lum qilinishicha, u sudya orqali sudlanuvchiga yengil jazo tayinlanishiga erishishni va’da qilgan.
Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, geografik obyektlarga jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga yo‘l qo‘yiladi. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash jarayonida mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.
AQSh Federal zaxira tizimi asosiy stavkani yillik 3,75−4% etib belgiladi. Bu oxirgi 40 yil ichida mamlakatda kuzatilayotgan rekord darajadagi inflyatsiyaga (8,2%) qarshi ta’sir chora sifatida qabul qilindi. Buning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi — «Gazeta.uz» materialida.
Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2023−2024-yillarda bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Birinchi bosqich 2023-yilning 1-iyulidan boshlanadi.
Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan «G‘ishtko‘prik — Jibek joli» nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilish ishlari boshlandi. Postga olib boruvchi yo‘l ham ta’mirlanadi. Ta’mirlash ishlari vaqtida post yopilmaydi.
Erdo‘g‘on va Putinning davomli muzokaralaridan so‘ng, shuningdek, Ukraina tomonidan xavfsizlik kafolatlari olingach, Rossiya don kelishuvidagi ishtirokini qayta tikladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy don koridoriga ishonchli va uzoq muddatli himoya zarurligini ta’kidladi
Saudiya Arabistoni tomoni AQShga podshohlikdagi marralarga Eron hujumlar tayyorlayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi, deya xabar bermoqda Wall Street Journal. AQSh bundan xavotirda ekani va «zarurat tug‘ilganida o‘ylanib o‘tirmay javob qaytarishi»ni ma’lum qildi.
“Gazeta.uz” futbol bo‘yicha 2022-yilgi Jahon chempionati boshlanishiga haftalar, kunlarni sanashda davom etmoqda. “B” guruhi bilan tanishtirsak: Eron va AQSh pley-off yo‘llanmasi uchun kurashadi, Uels terma jamoasi 64 yillik tanaffusdan so‘ng qaytmoqda, Angliya esa muxlislarni zeriktirmaslikka harakat qiladi.
O‘zbekistonliklarda endi Rossiya televideniyesiga muqobil variant bor. IP-televideniye operatorlari paketi qatoridan BBC, CNN, Bloomberg, France 24, Xitoyning CGTN, Turkiyaning TRT Avaz, “Belarus 24” telekanallari ham o‘rin oldi.
Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida, uning kelishi — O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun hamkorlikni kengaytirish uchun signal ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy ta’sirining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ortishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarining qurilish bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi. Namangan viloyati qurilish bosh boshqarmasining boshlig‘i o‘z arizasiga asosan ishdan olindi.
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida tirkamaga osilib chiqmoqchi bo‘lgan 3-sinf o‘quvchisi mashina tagida qolib, vafot etdi.
«Indorama agro»ning hindistonlik ishchisi Telegram`dagi guruhda O‘zbekiston fuqarolari va pasportini haqorat qilgani aytilmoqda. IIV unga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi. Gumondorning aybi isbotlansa, jarimaga tortilishi yoki ahloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Samarqandda 32 yoshli ayol 4 nafar egizak (2 o‘g‘il, 2 qiz) farzandli bo‘ldi. Jarrohlik amaliyoti bilan bajarilgan tug‘ruq jarayonidan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vazirligi ona va bolalarni nazoratga oldi.
Yanvar oyining oxiridan Vengriyaning Wizz Air aviakompaniyasi Abu-Dabi — Toshkent reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapti. Samolyot haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari uchadi. Avvalroq WizzAir Abu Dhabi BAA poytaxtidan Samarqandga parvozlarni amalga oshirishi xabar qilingandi.
O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan 13 noyabrda mamlakatning 15 ta shahri va poytaxtning uch nuqtasida ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Buning uchun homiylar va davlat budjeti hisobidan 3 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting