Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi nazoratidagi korxona va tashkilotlarda 2022 yilda 81 ta baxtsiz hodisa yuz berdi. Shulardan 28 tasida o‘lim holati qayd etildi. Hodisalar 60 foizdan ortiq holatda tashkiliy sabab bilan bog‘liq, deya izoh berildi.
To‘rtko‘l tumanida Cobalt va MAN rusumli avtotransportlar o‘rtasida yo‘l transport hodisasi yuzaga keldi. Oqibatda bir fuqaro vafot etdi. Holat sabab surishtiruv ishlari boshlangan.
O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulovning aytishicha, partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo unchalik ko‘p emas. «Agar har 5 yoki 10 ming kishi partiya ochaversa, ular soni qancha bo‘ladi?» — dedi u. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa vazirning pozitsiyasini «to‘liq avtoritar» deb atadi.
Urgut tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasidan 1997 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro Tojikistondan 19 kg 799 gr opiy moddasini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tayotganida ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
30 mart kuni O‘zbekiston prezidenti hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga bordi. Tashrif davomida yangi korxonalar ishga tushirilishi, yoshlar bilan muloqot qilish ham rejalashtirilgan.
Moliyaviy tahlilchi Karen Srapionov davlat kompaniyalari aksiyalarini elektron auksion platformasi orqali sotish rejalari bilan tanishib chiqar ekan, bunday qadam oqibatlari O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishning butun jarayoni uchun halokatga aylanishi mumkin, degan fikrni bildirdi.
Rishton tumanida 17 yoshli qiz istirohat bog‘idagi attraksiondan ehtiyotsizlik sabab tushib ketib, tan jarohati oldi. «U Bag‘dod tumanidagi shifoxonada davolanmoqda, ahvoli yaxshilanyapti», deyiladi viloyat IIB xabarida. Holat bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlandi, tergovga qadar tekshiruv ketmoqda.
Toshkentning Mirobod tumanida O‘zbekistonda birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobcha ishga tushirildi. Unga kirishdan avval naqd pul yoki QR kod orqali to‘lov qilinadi. Foydalanish jarayonida barcha qurilmalar inson omilisiz boshqariladi. Shoxobcha 24/7 rejimida faoliyat yuritadi.
Prezident qarori bilan 2023 yil 1 apreldan tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025 yilgacha bojxona to‘lovlaridan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi qirollikka Shanxay hamkorlik tashkilotining muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqladi.
Tijorat banklari 30-mart kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 280 — 11 415 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 415 — 11 470 so‘m.
O‘zbekistonga keltiriladigan qo‘shimcha 20 ta samolyot, YPX xodimlariga narkotesterdan foydalanishga ruhsat etilgani, «svet» va gaz narxlari bu yil oshmaydi, bojlarning nolga tushirilishi oziq-ovqat va tovarlar narxi hamda iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida o‘quvchilari «Ochiq budjet» loyihasida ovoz to‘plashga SIM-karta sotib olish uchun pul yig‘ishga jalb qilingan maktab direktori ishdan bo‘shatildi. Viloyat hokimi haqiqatan ham ehtiyoj bo‘lsa, maktabni mahalliy budjet hisobidan jihozlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Antikorrupsiya agentligi 2022 yil uchun davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksini e’lon qildi. Unda birinchi uchtalikni Statistika agentligi, Bojxona qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi egallagan bo‘lsa, so‘nggi o‘rinlarni «Qishloqqurilish invest», «Yo‘lqurilish» va MTRK band qildi.
Toshkent metropolitenida ayollarning zo‘ravonlikka qarshi yordam so‘rab qilgan murojaatlarini radioto‘lqinlar shaklida aks ettirgan banner va posterlar joylashtirildi. Ularning har birida QR-kod mavjud bo‘lib, u orqali yordam haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.
Toshkent Fotosuratlar uyida eshitishda nuqsoni bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus fotografiya kursi bitiruvchilarining ko‘rgazmasi ochildi. Yosh ijodkorlar fotorassom Husniddin Atodan 1,5 yil mobaynida saboq olgan. Ko‘rgazma 31 martgacha davom etadi.
Qirg‘iziston chegarachilari O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi vodoprovod lyuki ichiga 16 kalibrli ov miltig‘i yashirib qo‘yilganini aniqladi.
O‘zbekistonda turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi. Jumladan, har bir viloyatning «tashrif qog‘ozi» ishlab chiqiladi, turistik mavsum uzaytiriladi, 2023 yil mamlakatning turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lib, bunga 100 mlrd so‘m ajratiladi.
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy referendumni kuzatish uchun missiya ochdi. “Bizning rolimiz aralashish emas, balki jarayonni kuzatish va hisobot berish. Missiya uchun faktlar gapiradi”, — dedi harakat rahbari Albert Yonsson.
10-apreldan Qamchiq va Jizzax dovonlari, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus hamda mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi. Shuningdek, turoperator, mehmonxona va tashuvchilarga ayrim avtotransportlarni olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting