2022 yilda onlayn-auksionlar orqali umumiy qiymati 304 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan qariyb 120 mingta avtomobil davlat raqamlari xarid qilindi. Eng qimmat raqam avtomobil egasiga 348 mln so‘m, eng arzoni 494 ming so‘mga tushgan.
SSVga ko‘ra, «Dok-1 Maks» dorisidan bolalarning ommaviy o‘limi kuzatilganidan so‘ng uyma-uy yurgan holda «Xonadon dori qutisi» nazoratdan o‘tkaziladi. Quramax Medical kompaniyasining barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi.
Vazirlar Mahkamasi Angren issiqlik elektr stansiyasini ishonchli boshqaruvdan chiqardi. 2019 yildan beri IES hukumatning yopiq qarori asosida Central Asia Energy kompaniyasi tomonidan boshqarilayotgan edi. Uch yil davomida stansiya ko‘p mlrd so‘mlik zarar ko‘rdi, vaholanki avval u foyda keltiruvchi korxona bo‘lgan.
Shahrisabz tumanida erkak tanishi tomonidan kaltaklangan ayol tuman shifoxonasida vafot etdi. Gumonlanuvchi hibsga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Rahmatulloh domla Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga «Abu Saxiy» jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.
O‘zbekistonning 6 ta viloyatida 5−10 yanvar kunlari kutilayotgan vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik hamda havo haroratidagi o‘zgarishlar sababli qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.
Shuhrat G‘aniyev prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha bosh vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. Muloqotda ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, turli sohalarda, jumladan, energetika sohasida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Samarqand tumanida AUDI ikki nafar piyodani urib ketdi. Oqibatda ularning ikkisi ham vafot etdi. Gumonlanuvchi hibsga olindi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisiga yangi o‘rinbosarlar etib Jaloliddin Hamroqulov va Uyg‘un G‘ofurov hamda Toshkent islom institutiga yangi rektor etib Muhammadolim Muhammadsiddiqov tayinlandi.
UzAuto Motors hisob dasturiy ta’minotini amalga oshirish munosabati bilan shartnoma tuzish, avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniya jarayon 4−5 kundan ortiq davom etmasligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Doston Yoqubov Qatardagi xalqaro musobaqada uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dekabr so‘ngida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qildi. «Ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman», — dedi u. Vazirlik tizimida 2020 yil ham korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili bo‘lgandi.
Yakkabog‘ tumanida Nexia-2 avtomashinasi 4 piyodani urib yubordi. Ulardan 3 nafari voqea joyida, 1 nafari shifoxonada vafot etdi. Haydovchi tegishli tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Chortoq tumanida boshqaruvni yo‘qotib, kanalga tushib ketgan Nexia-2 FVV qutqaruvchilari tomonidan olib chiqildi. Mashina salonida ikki kishi bo‘lgan.
O‘zbekistondagi bojxona omborlarida dekabr oyida kelgan «Dok-1 Maks» preparatining uchta partiyasi (taxminan 60 ming quti) va undan oldin kelgan ikki partiyasi saqlanmoqda. Mamlakatda uning ta’sirida vafot etgan 20 ga yaqin bola voqeasidan keyin dori-darmonlarni sotish taqiqlandi.
Odam savdosi jinoyati bo‘yicha gumonlanayotgan ayol Kuala-Lumpurdan Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Uni qo‘lga olish Toshkent Interpol va Kuala-Lumpur Milliy markaziy byurolarining hamkorligida amalga oshirildi.
Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasi yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan 26 kg narkotik modda qoldirib ketildi. Giyohvandlik vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ishtixon tumanida tadbirkor 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Iste’molchi foydalanilgan elektr energiyasi miqdorini sun’iy ravishda buzib (pasaytirib) ko‘rsatib kelgan.
Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni yangisiga almashtirish muddati (berilgan vaqtiga qarab) 2023 yilda yakunlanadi. Hozirgacha 2 mlndan ortiq «prava», 557 mingdan ortiq «texpasport»lar yangisiga almashtirilmagan. IIV haydovchilarni e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting