BMTning Afg‘onistondagi missiyasi “Tolibon” uch yil avval hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon jurnalistlarni o‘zboshimchalik bilan 256 marta hibsga olganini ma’lum qildi. Shuningdek, u yerdagi rasmiylarni ommaviy axborot vositalarini himoya qilishga chaqirdi.
Yangi yildan 3000 so‘m bo‘ladigan yo‘l haqi, O‘zbekistonda xavfli virus tarqalayotgani haqidagi xabarlarga raddiya, TIVning isroillik ravvin o‘limi yuzasidan hamdardligi, 2025-yilgacha kechiktirilayotgan Toshkentdagi hospis ochilishi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Rossiyaning Novosibirsk va Moskva shaharlarida qarovsiz qolgan 3 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ular ota-onasining ishonchnomasi asosida yaqin qarindoshlari bilan RFga borgan, ammo bu yuridik kuchga emas, deb tushuntirdi IHMA.
Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. TIV rahbari o‘rinbosari Ilxom Xaydarov Tojikistonning KXShTga a’zoligi O‘zbekistonning milliy manfaatlariga daxl qilmasligini aytdi.
Qoraqalpog‘istondagi Quyi Amudaryo hududida uch bosh Buxoro bug‘usi miltiq bilan otib o‘ldirilgani aniqlandi. Hayvonot dunyosiga 3,4 mlrd so‘m zarar hisoblanib, ovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Agostino Pinna mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda. U mazkur lavozimda 2020-yildan buyon ishlab kelayotgandi.
Toshkentda rekonstruksiya ishlari sabab Taras Shevchenko ko‘chasi bir oyga yopilishi tufayli ushbu ko‘chadan o‘tadigan 6 ta avtobus yo‘nalishining harakati vaqtincha o‘zgartiriladi. Transport vazirligi qatnov va oraliq vaqtlari me’yordan ortib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ukraina razvedkasi Rossiya Zaporoje shahriga hujum qilishga tayyorlanyapti, deb hisoblamoqda, bu uchun 130 ming rossiyalik askar jalb etilishi mumkin, deb yozdi Economist.
Prezident huzurida Namangan viloyatini investitsion rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga doir yig‘ilish o‘tkazildi. Davlat rahbari hokimning kambag‘allik chegarasini 5,3 foizga tushirish, migrantlarni hududning o‘zida ish bilan ta’minlash, 1 mlrd dollar eksport qilish rejalarini ma’qulladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov Toshkentdagi hospis faoliyatini 2025-yil fevralida boshlash ko‘zda tutilayotganini aytdi. Hospisning umumiy qiymati 34 mlrd so‘m bo‘lib (xususan, 2024-yilda 16,8 mlrd so‘m ajratilgan), moliyalashtirish ishlari 90,5 foizga bajarilgan.
Deputat Qizilgul Qosimova ta’lim va tibbiyot xodimlarining maoshi pastligi ushbu sohalardagi xizmatlar sifatiga ta’siri qilishidan xavotir bildirdi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bu masala hamon murakkabligicha qolayotganini ta’kidladi.
Tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlarni rad etib, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar avj olish jarayonini tabiiy holat, deya qabul qilish kerakligini ma’lum qildi.
So‘nggi bir necha o‘n yillikda O‘zbekistonda qishda sovuq kunlar soni ikki barobarga kamaygan. 2024-yil dekabri ham, prognozlarga ko‘ra, iliqroq o‘tadi. Ammo oy boshi sovuqroq bo‘lishi kutilmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov “Gazeta.uz” uchun dekabr ob-havosi bo‘yicha sharh tayyorladi. Video.
Prezident qarori bilan 1-yanvardan madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi 20 foizga, 1-iyuldan yana 15 foizga oshiriladi.
AQSh maxsus prokurori Jek Smit saylangan prezident Donald Trampdan 2020-yilgi saylovlarga aralashish va maxfiy hujjatlar bilan tegishlicha muomala qilmaslik bo‘yicha barcha ayblovlarni olib tashlashni so‘radi. Chunki Adliya vazirligi mamlakatning amaldagi rahbarini sudda ta’qib etishni taqiqlaydi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi.
O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Isroil elchisi Gideon Lustigga ravvin Zvi Kogan vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Avvalroq BAAda uning o‘limida gumonlangan o‘zbekistonliklar qo‘lga olingandi. Saidovning aytishicha, o‘zbek tomoni tergovda har ikki davlat rasmiylari bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘tgan yili qishda jami 13 ming gektar bog‘ va uzumzor sovuq urishi tufayli zararlandi, oqibatda 207 ming tonna hosil yo‘qotildi. Shu bois prezident topshirig‘iga muvofiq, Ispaniya, Turkiya, AQSh tajribalari asosida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga foyda va aylanmadan soliq bo‘yicha berilgan imtiyozlar 2025-yildan bekor qilinayotgani mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liqligini qayd etdi. “Har bir tadbirkor adolatli, ochiq raqobat sharoitida faoliyat yuritishni o‘rganishi lozim”, — dedi u.
Donald Tramp lavozimga kirishishi bilan Meksika, Kanada (25%) va Xitoydan (10%) kelayotgan tovarlar uchun tariflarni oshirishni va’da qildi. Tramp buni noqonuniy immigrantlar, “jinoyat va giyohvand moddalar” uchun qasos bo‘lishini ta’kidladi. Ammo buning oqibati AQSh iqtisodiyoti uchun salbiy bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting