Istanbulda Ukraina, Turkiya, Rossiya va BMT o‘rtasida ukrain donini dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha bitim imzolandi. «Bu butun dunyodagi millionlab odamlar uchun oziq-ovqat tanqisligi falokatining oldini olishga yordam beradi. Bu umid mayog‘idir», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.
O‘zbekiston asosiy resurslar narxi keskin oshgani sababli qashshoqlik darajasi o‘sishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi, deya ma’lum qildi BMTTD.
Toshkent uchun 2 ta «shovqinsiz» tramvay, yo‘qolgan «prava»ni qayta tiklash uchun imtihon topshirilmasligi, qovun-tarvuz sotuvchilari, isishda davom etayotgan kunlar, Qoraqalpog‘istonda «Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumi, Samarqandda 5G internet, O‘zbekistondagi donorlik va boshqalar — «Gazeta.uz»da kun dayjesti.
Surxondaryoda Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirishda gumon qilinayotgan 20 yoshli fuqaro qo‘lga olindi. U internet orqali «Tavhid va jihod katibasi» xodimi bilan muloqot qilib, uning g‘oyaviy ta’siri ositida «jihod» qilishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Prezident qarori bilan mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Markaziy bank 2023 yildan 5 foizlik doimiy inflyatsiya maqsadiga erishishni 2024 yil oxiriga ko‘chirishga qaror qildi. MB rahbari Mamarizo Nurmuratov mazkur qarorni kelgusi yilda kutilayotgan yuqori inflyatsion risklar va noaniqliklar bilan izohladi.
«Qodiriya» bosh suv inshootida yuzaga kelgan elektr ta’minoti bilan bog‘liq nosozlik sababli poytaxtning ayrim hududlarida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.
«O‘zbektelekom» tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida bepul Wi-Fi ishga tushirildi. Avval aeroportda Sola provayderining simsiz tarmog‘i mavjud bo‘lgan, biroq, havo bandargohi ma’muriyatining qayd etishicha, u barqaror ishlamagan.
Draupadi Murmu 64,03% ovoz bilan Hindiston prezidenti etib saylandi. U Pratibxa Patildan keyin mamlakat tarixidagi ikkinchi ayol prezident bo‘ldi.
«Istiqlol Avlodi» NNT va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ko‘magida 2021 yilning oktabr oyidan beri odam savdosi qurbonlarining 35 nafari Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi.
Bozorlardagi qovun-tarvuz sotuvchilarini quyoshdan qoraygan yuzlari, bosh va yelkalariga tashlab olgan dokadan tanish mumkin. Ular xaridorlarga yoz lazzatini tatib ko‘rish uchun tarvuz tilimini uzatadilar. “Gazeta.uz” ular bilan hayoti, daromadlari hamda shirin qovun va tarvuzni qanday tanlashi haqida suhbatlashdi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 20,13 so‘mga qimmatlab, 10 919,98 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kursi ham ko‘tarildi, yevro esa pasaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov kreditlar talon-toroj qilinishiga barham berish uchun imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish va banklarni xususiylashtirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundagina kredit ajratish tizimi tartibga tushadi, xususiy bank egalari esa vaziyatni o‘z nazoratiga oladi.
Avgustda Toshkentda zamonaviy «shovqinsiz» tramvayni ishga tushirish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning aytishicha, bunda ikkita — TTZ hamda «Ippodrom» dan Shimoliy vokzalgacha bo‘lgan yo‘nalish doirasida takliflar tayyorlangan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov «O‘zMET» AJ elektr energiyasi sohasida regulyatorga aylanishi, bozorda oldi-sotdi bilan shug‘ullanish uchun esa yangi PowerTrade (nomi rasman tasdiqlanmagan) kompaniyasi tuzilishini ma’lum qildi. Shu orqali davlat elektrni kafolatli sotib olishiga chek qo‘yiladi.
Shanba-yakshanba kunlari jazirama issiq saqlanib qoladi. Erondan juda issiq va quruq havo oqimlari kirib kelishi hisobiga harorat iqlimiy me’yorlardan 5−7 darajaga yuqori bo‘ladi. Havo kunduzi +40…+45 darajagacha, janub va cho‘l zonalarida +47 darajagacha isishi kutilmoqda.
Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv soati haftasiga 20 soatgacha, kuniga 4 soatgacha bo‘ladi. Haydovchilarning malaka oshirish sertifikatlari faqat elektron shaklda beriladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, endi yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun nazariy va amaliy imtihondan o‘tish talab etilmaydi.
Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat bekor qilinishi sababli «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumiga 22 iyuldan start berildi. Respublikada ham har bir bosqichga 20 kundan — jami 60 kun muddat taqdim etiladi.
Andijonda ikki fuqaroni Andijon davlat universitetiga tanishlari orqali kiritib qo‘yish evaziga 11 ming dollarni olganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga tushdi. Bag‘dodda esa fuqaroni 500 dollar evaziga Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga uringan shaxs ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting