Poytaxtning Katta Mirobod mahallasida taxminan 5 ta daraxtni sun’iy ravishda quritish uchun ularning tagiga dizel yoqilg‘isi quyilgani aniqlandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Bu ishni shu yerda qurilish ishlarini olib borayotgan kompaniya qilgan bo‘lishi mumkin.
Prezident qarori bilan Termez Cargo Center`ga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi. Markazda endi barcha xizmatlar «bir darcha» tamoyili asosida ko‘rsatiladi, gumanitar yordamlar esa bojxona ko‘rigidan soddalashtirilgan tartibda o‘tkaziladi.
BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi O‘zbekistonda «Yashil makon» loyihasini amalga oshirishga qo‘shildi. Ular loyihani bosh-rejalashtirish va unga innovatsion moliyaviy yechimlarni joriy etishda yordam beradi.
Joriy yilda OTMga kirish uchun test sinovlari to‘liq yopiq binolarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb ma’lum qildi DTM boshqarma boshlig‘i Javlon Nurmatov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlat komissiyasining yoki maxsus komissiyaning taklif va cheklovlariga bog‘liq.
Namanganda Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan qalbaki 10 600 dollar muomalaga kiritilishining oldi olindi. Mazkur mablag‘larni saqlab kelayotgan va kelgusida Toshkent shahrida sotishni rejalashtirgan ikki fuqaro qo‘lga olingani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«O‘zbekkosmos» agentligi Fransiyaning «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasi bilan Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini yaratishni rejalashtirmoqda. Buning evaziga kompaniya sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini birgalikda sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
UzAssets investitsiya kompaniyasi «Kvars» AJdagi 89,78 foiz aksiyalar paketini sotuvga qo‘ydi. Shisha qadoqlari, listlar va bankalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonaning daromadi o‘tgan yili 423 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
DXX Surxondaryoda korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilishda 1 nafar sobiq bank xodimi va 7 nafar turli tashkilot xodimini hibsga oldi. Ular budjet va kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekistonlik atletlar velotrek bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 1 ta oltin va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Terma jamoa hisobidagi yagona oltin medalga raqiblarini uchta aylanaga ortga qoldirgan Farruh Bobosherov sazovor bo‘ldi.
Boyovut tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari yo‘l infratuzilmalarini ta’mirlashda qo‘shib yozish orqali 1,5 mlrd so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani aytilmoqda. Korxona mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
To‘palangdagi to‘polon, osilgan holda topilgan Boyovut qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi, Surxondaryoda aniqlangan soxta At Termiziy University, Evos filiallarining birida chiqqan yong‘in, sel xavfi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 22 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Jahon banki O‘zbekistonda qashshoqlikka qarshi kurashish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan yosh fotosuratchilar o‘rtasidagi qo‘shma tanlov natijalarini sarhisob qildi. «Gazeta.uz» fotograflari Madina A’zam va Yevgeniy Sorochin tanlovning asosiy va maxsus sovrinini qo‘lga kiritdi.
Toshkent viloyatida madaniy meros obyektlarini qayta ta’mirlashda soxta hisob-kitoblar yo‘li bilan 670 mln so‘mga yaqin davlat mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Qibray tumanidagi arxeologiya yodgorligi yaqinidagi qurilish ishlari ushbu obyektga 5 mlrd 668 mln so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston TIV Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirib, hukumat tabiiy ofat oqibatlarini tezroq bartaraf etishda Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Afg‘onistonda chorshanbaga o‘tar tunda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni ming nafardan oshdi. Bosh vazir jabr ko‘rgan oilalar uchun 100 mln afg‘oniy ($1,1 mln) ajratdi. Mudofaa vazirligi voqea joyiga 7 ta vertolyot va tibbiy brigadasini jo‘natdi.
Yanvar-may oylarida qiymati 335 mln dollarlik 615,6 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan qaraganda 44 ming tonnaga ko‘p demakdir. O‘z navbatida, ichki bozorda sabzavotlar narxi oshdi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashida ishlab kelayotgan Gulzira Baxiyeva Qoraqalpog‘iston maktabgacha ta’lim vaziri lavozimiga tayinlandi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning ilk yig‘ilishidan bir oy ham o‘tmasdan Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ta’kidlanishicha, Bosh qonunning 66 ta moddasiga 170 dan ortiq tuzatish kiritilmoqda. Biroq, loyihaning to‘liq shakli e’lon qilinmadi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 48,91 so‘mga arzonlab, 10 847,08 so‘m etib belgilandi. Yevro kursi ham pasaydi, rubl esa qimmatlab, ilk bor 200 so‘mdan oshdi.
Urganch aeroporti sho‘rlanish tufayli yaroqsiz holga kelgan va rekonstruksiyaga yaramaydi, shu bois yangi havo bandargohi qurilishi rejalashtirilmoqda, dedi Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva. Buxorodagi aerodromni esa rekonstruksiya qilish va yangi terminal qurish talab etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting