Boku sammitida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha takliflar bildirgan prezident, qattiq yoqilg‘idan foydalanadigan korxonalarga boshlangan reyd, mediamahsulotlarni “ma'naviy ekspertiza"dan o‘tkazish tashabbusi, o‘zgarayotgan kommunal va ijara to‘lovlarini undirish tartibi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Boshqaruv kompaniyalari va UJMSHlar ijara haqi undirish uchun sudga murojaat qilgandagi yig‘imlardan ozod etildi. Majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud qarorini olish uchun hujjatlar ro‘yxati belgilandi. 2023-yilda ijara qarzlari miqdori 561 mlrd so‘mga yetgan.
Yevropaga “yashil energetika yo‘lagi"ning qiymati 2 mlrd dollardan ortiqqa baholanmoqda, dedi energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov. Unga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekiston Yevropa davlatlariga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qila oladi.
Sentabr boshida tinchligi buzilgan Boysun hali halovat topgani yo‘q. Falokat yuz bergan “M-25” gaz koni atrofidan hali ham xavotirli videoyozuvlar tarqalib turibdi. “Gazeta.uz” jamoasi noyabr boshida tumanda bo‘lib, avariyadan ikki oy o‘tib, vaziyat qanchalik o‘zgarganini o‘rgandi. Videoreportaj.
Navbat — o‘zbekistonliklar uchun og‘riqli mavzulardan. X (sobiq Twitter) tarmog‘ida boshlangan shu mavzudagi bir muhokama sabab, qaysidir ma’noda, O‘zbekistonning yaqin o‘tmishiga bir nazar tashlandi. Foydalanuvchilar non, un, yog‘ uchun navbatga turganini esladi. Biz ularning javoblarini bir sahifaga to‘pladik.
Xitoyning Chjuxay shahrida avtomobil odamlar orasiga kirib bordi. Oqibatda 35 kishi halok bo‘ldi, 43 kishi jarohatlandi. Avtomobilni boshqargan 62 yoshli erkak ushlandi, u oilaviy muammo sababli shunday qilgani aytilmoqda.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyati yuqori, dedi jamoa sardori Eldor Shomurodov. Unga ko‘ra, Qatarga qarshi bo‘lajak o‘yinda futbolchilar uch ochko qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
Boku shahridagi COP29 sammiti doirasida O‘zbekiston va Finlyandiya prezidentlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ta’lim va ekologiya sohalaridagi almashinuvlarni mustahkamlash masalalariga to‘xtaldi.
“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning noto‘liq iqtibosiga izoh berib, LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini aytdi. “Milliy tiklanish"ning “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, loyiha hozircha faqat partiyaning o‘zida shakllantirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev COP 29`dagi nutqida iqlim o‘zgarishlari asosiy global tahdidga aylanib borayotgani, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Prezident global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda qator takliflarni bildirdi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi media mahsulotlar “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishi haqidagi muhokamalar bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, loyiha media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi, OAV, jurnalistlar, ijodkorlar va blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi.
O‘zbekistonning 15 yoshli shaxmatchisi Afruza Hamdamova Braziliyada o‘tkazilgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 10 ta g‘alaba va bitta durang qayd etib, muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi. Bu uning faoliyatidagi ikkinchi chempionlik unvoni hisoblanadi.
Prezident fermerlarning birgalikda ishlashi uchun birlashishiga imkon beruvchi qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risidagi yangi qonunni imzoladi. Hujjatga kooperativlarning uyushmaga majburiy a’zoligini kiritish rejalashtirilgan bo‘lsada, bu norma parlamentning quyi palatasidayoq chiqarib tashlangan.
MG kompaniyasi O‘zbekistonda ZS krossoverini rasman taqdim etdi. Avtomobilni MG Motors`ning vakolatli dilerlik markazlaridan xarid qilish mumkin.
Ukraina taklif etgan “g‘alaba rejasi”ning ikkita bandi Donald Tramp uchun maxsus ishlab chiqilgan, deb yozadi Financial Times. Ukraina resurslaridan birgalikda foydalanish va Yevropadagi AQSh qo‘shinlarini ukrainlarga almashtirish bandlari shular jumlasidan.
Oktabrda ikkilamchi bozorda Chevrolet Lacetti, Damas va Labo avtomobillarining narxi pasayishda davom etdi, deyiladi MHTI sharhida. Spark`ning o‘rtacha narxi biroz oshdi, Cobalt va Nexia`niki esa deyarli o‘zgarmadi. O‘rtacha va ko‘p masofa bosib o‘tgan Equinox va BYD Han narxlari mos ravishda keskin pasaydi.
Orolbo‘yi hududini barqaror rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamjamiyatni keng jalb etish maqsadida Mo‘ynoqda “Orol tabiati laboratoriyasi”ni tashkil etiladi. Shuningdek, Orolbo‘yida ekologik muammolarga bag‘ishlangan ko‘rgazma va “Orol vodiysi” iqlim texnologiyalari ekspo-xabi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Dushanba kuni Toshkentning Uchtepa tumanida King Long rusumli “garmoshkali” avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport yo‘l chetidagi ko‘chatlar sotiladigan joyga kirib ketdi. Kechga yaqin yana bir avtobus Lacetti bilan to‘qnashdi. Hozirda ikkala holat ham IIBB YHXB tomonidan o‘rganilmoqda.
Sharof Rashidov tumanida 27 yoshli yigit xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib va moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelgani aniqlandi. Sud hukmi bilan u 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev issiqxonalar sabab poytaxt havosi keskin yomonlashayotgani haqida murojaat bilan chiqdi. Shahar hokimligi holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, korxonalarni tekshirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting