AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistondagi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar ajratadi. Mablag‘lar ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalari va kasb-hunarga o‘rgatish, ularning faoliyatini mikromoliyalashtirish, qolaversa, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Pastdarg‘om tumanida ikki nafar shaxs hokimlik zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda 65 ming dollarga sotishga uringani aytilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumondorlarni kelishilgan mablag‘dan 32 ming dollarini olgan vaqtida ushladi.
budjet tashkilotlari xodimlarining 12 foizga oshirilayotgan ish haqi, malaka toifasiga qarab tibbiyot xodimlarining oshayotgan oylik maoshi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar, ipoteka kreditining dastlabki badali qoplab beriladigan yosh vatandoshlar, xarajatlarining bir qismi to‘lanadigan mahalliy sayyohlar, volontyorlar uchun elektron platforma — 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.
Jomboy tumanida 19 nafar fuqaro to‘yda ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgan. Ulardan 14 nafarining sog‘ligi qoniqarli, 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda to‘yda 200 kishi zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
O‘zbekistonda 1 iyundan boshlab qolipli non («buxanka») narxi oshib, 2800 so‘mga sotilmoqda.
May oyida yillik inflyatsiya 2021 yil avgustidan beri birinchi marta 11%lik ko‘rsatkichga qaytdi. O‘tgan oyda inflyatsiya nooziq-ovqatlar sohasida eng kuchli bo‘lgan — 1,3%. Oziq-ovqatlar 1,2%ga, xizmatlar esa 0,4%ga qimmatlagan.
Qarshida 27 yoshli fuqaroning jasadi uyidan qotillik alomatlari bilan topildi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi uni 18 yoshli fuqaro o‘ldirganlikda ayblanayotganini ma’lum qildi, gumonlanuvchi hibsga olindi.
Yanvar-may oylarida O‘zbekistonda chaqaloqlarga qo‘yilgan eng mashhur ismlar Soliha va Muhammadali bo‘ldi. Ular 2021 yilning I choragi va 2020 yilda ham eng ko‘p qo‘yilgan ismlar qatoridan joy olgandi.
Jizzax viloyatining to‘rtta hududida giyohvandlik moddalarini yetishtirish va sotishga urinish holatlari fosh etildi. Jumladan, urgutlik shaxs Baxmal tumanida to‘xtatib, tekshirilganida, uning yonidan 968,79 gramm opiy borligi aniqlangan.
YeXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau O‘zbekistonga tashrif buyuradi. U prezident, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va parlament palatalari rahbarlari bilan uchrashadi.
Andijonda Andijon davlat chet tillar instituti tashkil etilmoqda. OTM birinchi talabalarni joriy yilda qabul qiladi. Talabalar ikkita chet tili bo‘yicha malakaga ega bo‘lishadi.
May oyida inflyatsiya 1 foizgacha tezlashdi, o‘tgan yilning may oyida esa bu ko‘rsatkich 0,5 foizni tashkil etgan edi. Prezident barcha mahalla va qishloqlarning asosiy mahsulotlar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish, zarur hollarda boshqa hududlardan yetkazib berishni tezlashtirish bo‘yicha hokimlarga topshiriq berdi. Parrandachilik korxonalariga tuxum narxini oshirmagani uchun minnatdorchilik bildirib, ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini ma’lum qildi.
Ta’sischilari orasida Alisher Usmonovning USM xoldingiga qarashli «Metalloinvest» sho‘ba korxonasi ham bo‘lgan Torgoviy Dom Metalloinvest Vostok kompaniyasi Toshkentdagi sobiq davlat mehmonxonasini xususiylashtirish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Kompaniya obyekt uchun 78,7 mlrd so‘m taklif qildi.
Chorshanbadan Toshkent metropolitenining 15 ta stansiyasida avval soat 7:00 dan 19:00 gacha ishlagan ikkinchi vestibyullar endi soat 5:00 dan yarim tungacha ochiq bo‘ladi.
1 iyuldan energiya va gaz narxini oshirish taklif etilgani, muhokamaga qo‘yilgan tadbirkorlik kodeksi loyihasi, O‘zbekistonga kelishi kutilayotgan Tojikiston prezidenti, tunda ishlashiga ruhsat berilgan muzeylar, aholidan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib oladigan davlat, 2023 yilgacha bojxona bojlaridan ozod etiladigan 22 xil oziq-ovqat va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 31 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ichki ishlar xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi va muhokama qilinishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbuskorlardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘ralgan, shunga ko‘ra hujjatga o‘zgarishlar kiritiladi. «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchiligimizda juda ko‘p bo‘shliqlar bor. Kerak bo‘lsa ziddiyatlar ham bor, uni ham tan olishimiz kerak», — dedi u.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma bilan Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi sessiyasida ikki nafar deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi qonun va prezident farmoniga zid tarzda ko‘rib chiqilgani aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, deputatlardan biri — Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovdir. U 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanmoqda.
3 iyundan boshlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan «Mehribon taksi» xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Mashinalar ko‘chma pandus bilan jihozlangan. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, xizmatdan tushgan mablag‘ning bir qismi hayriyaga yo‘naltiriladi, nogironligi bor shaxslar ham ishga jalb qilinadi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi gaz va elektr energiyasining yangi tariflari bo‘yicha aholining xarajatlari qanchaga oshishini hisoblab chiqdi. Agar energoresurslar iste’moli tabaqalashtirilgan tariflar doirasida qolsa, xarajatlar 8−10 foizga oshadi, deb ma’lum qildi vazirlik.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting