O‘zbekiston ilk bor Pokistonning Karachi porti orqali Hindistonga tranzit yuk jo‘natdi. Pokiston 2021 yilning noyabridan boshlab O‘zbekistonga tranzit yuk tashuvi uchun bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirgandi.
May oyida 7 ta korxonada standartlarga javob bermaydigan 50 tonnadan ortiq yodlangan tuzning sotuvga chiqarilishi taqiqlandi. Hozirda respublikada jami 117 ta korxona tuz ishlab chiqaradi va qadoqlaydi. Farg‘ona vodiysida iste’mol qilinadigan tuzning 10−53 foizida yod miqdori past ekani ma’lum bo‘ldi.
«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov fraksiya a’zolari YPX xodimini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasini boshqa normalar borligi uchun ham qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nizoli holatda YPX xodimini tasvirga olishni hech kim taqiqlamoqchi emas. Partiya deputatlari esa mazkur normani qonundan chiqarib yuborish kerakligini, ichki ishlar xodimlari qasddan fuqarolarni aybdor qilishga uringanida o‘zini himoya qilish uchun ham videoga olish zarurligini ta’kidlashdi.
«Uembli» stadionida Yevropa va Janubiy Amerika qit’asi chempionlari o‘rtasida Finalissima — 2022 o‘yini tashkil etildi. Unda futbol bo‘yicha Argentina va Italiya terma jamoalari bellashib, yakunda Lionel Messi boshchiligidagi Janubiy Amerika qit’asi vakillari g‘alaba qozonishdi.
Hukumat qarori bilan yer usti metro yo‘nalishlari ostida joylashgan yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi zaxirasiga o‘tkaziladi. Yer maydonlari fudtrak hamda yengil turdagi qurilmalarni qurish va joylashtirish uchun auksion orqali 5 yilga ijaraga beriladi. Shuningdek, «Do‘stlik-Qo‘yliq» yer usti metro yo‘nalishi 1−5 bekatlari oralig‘ida sayilgohlar tashkil etiladi.
DXX Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan guruh faoliyatiga chek qo‘ydi. Gumondorlar yonidan, ularga tegishli mashina va xonadonlardan jami 5,5 mingga yaqin «Tropikamid», «Zardeks», «Lirika», «Regapen» va «Siklodol» topildi. Qolaversa, garov sifatida qoldirilgan haydovchilik va nikoh guvohnomalari, diplom, pasportlar borligi aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga moliya sektorini isloh qilish maqsadlari uchun 15 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Loyihaga ko‘ra, bir qancha davlat banklari xususiylashtiriladi, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida — taraqqiyot banki tashkil etiladi, u eksport qiluvchilarni resurslar bilan ta’minlaydi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi shakar narxi o‘sishiga munosabat bildirib, bunga asosan logistikadagi muammolar va yoqilg‘i narxlarining o‘sishi ta’sir qilayotganini qayd etdi. Shunga qaramasdan, respublikada shakar tanqisligi mavjud emasligi, yil yakunigacha yetarli darajada zaxiralar yaratilgani ta’kidlanmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari yozda Rog‘un GESdan elektr energiya eksport qilish bo‘yicha memorandum imzoladi. Yil oxirigacha energiya sotib olish hajmi va tariflari bo‘yicha shartnoma tuzish rejalashtirilgan.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Senat bolalar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Mehribonlik uylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, iqtidorli bolalar qonunlar qabul qilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan U23 Osiyo kubogining ochilish o‘yinida Turkmanistonni 1:0 hisobi bilan mag‘lub etdi.
O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi «Olot» va «Farap» o‘tkazish punktlari odatiy rejimga qaytib, Turkmaniston hududiga xorijiy avtotashuvchilarning kirishi bilan bog‘liq bir qator cheklovlar bekor qilindi.
Go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshka importi uchun soliq imtiyozlari tufayli budjet yo‘qotishi 1,4 trln so‘mga yaqinroqni tashkil etadi. Bu yo‘qotishlarni xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobidan tovarlar olib kirishda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish, soliqlar yig‘imlarini ko‘paytirish hisobiga qoplash rejalashtirilmoqda.
Narxi oshgan «buxanka», o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlagan O‘zbekiston, Samarqandda to‘y vaqtida ovqatdan zaharlangan 19 kishi, qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun $2,4 mln ajratadigan USAID, kamarga yozilgan shtraf uchun janjal ko‘tarib, qamalgan 3 nafar qashqadaryolik va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 1 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident Antimonopoliya qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga qo‘shimcha vakolatlar yukladi. Ular narxlar keskin tebranadigan davrlarda korxonalar hududiga bevosita kirib, omborlaridagi mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazish hamda asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish, ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va boshqalar bo‘yicha majburiy taqdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ldi.
Ta’sischisi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lgan Prime Tower Group kompaniyasi «O‘zgazloyiha» loyiha institutining davlat ulushini 21,5 mlrd so‘mga (1,95 mln dollar) sotib oldi. Tenderga xalqaro kompaniyalardan Grant Thornton xususiylashtirish, Dentons esa huquqiy masalalar bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilindi.
O‘zbekiston muzeylarida eksponatlarning ommaviy o‘g‘rilanishi va qalbakilashtirilishi haqidagi xabarlardan so‘ng, prezident muzey ashyolari va kolleksiyalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Toshkentdagi uchta muzeyni xorijiy muzeylar tajribasi asosida rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalar yaratish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, Madaniy meros kodeksi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
G‘alla o‘rim yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi aholi va fermerlarni dalalarda qolgan somon poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi. Somon poya qoldiqlarini yoqish iqtisodiyot va atrof-muhitga ko‘plab zarar etkazadi. Bu tuproq unumdorligining keskin pasayishiga, havoning ifloslanishiga va boshqa zararlarga olib keladi.
«Qurol to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlanmoqda. Shuningdek, ov quroli va o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh chegarasi 25 yosh etib belgilandi. Qolaversa, qurol egalari davriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.
Qarshida xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun belgilangan jarimadan norozi bo‘lib yo‘lni to‘sgan taksi haydovchilarning 3 nafari 10 sutkaga qamaldi, yana 12 nafari ogohlantirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting