O‘zbekistonda Falastinning qayta tayinlangan elchisi Javad Muhammad Avad o‘z faoliyatini boshladi. Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov elchidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi.
O‘zbekiston Rossiya oltinini tashqi bozorlarda almashtirishni rejalashtirmayapti, deya ta’kidladi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev RBKga. 2021 yilda bu davlatlar qimmatbaho metallar eksporti bo‘yicha jahon yetakchilari qatoridan joy oldi.
O‘zbekistonda bukmekerlikni qonuniylashtirish bekor qilingani, 8 daqiqa o‘tmay jonli efirdan uzilgan Senat majlisi, 4 sotix yerni $30 mingga sotmoqchi bo‘lgan hokim yordamchisi va uning sinfdoshi, Hisor tog‘laridagi bahor, kreditlarga kafil bo‘lgan fuqarolarni ogohlantirgan Markaziy bank va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 28 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. Prezidentning avvalgi farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan bukmekerlik idoralarini ochishga ruxsat berilgan, biroq huquqiy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli mamlakatda ular faoliyati noqonuniy bo‘lib qolayotgan edi.
Endilikda inson a’zolari transplantatsiyasi uchun bemorga qarindosh bo‘lmaganlar ham donorlik qilishi mumkin. Tirik donorni undan a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.O‘zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lolmaydi. «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Ekologiya qo‘mitasi Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida aniqlangan ona ayiq va uning ikki bolasi tirik ekanini ma’lum qildi. Ular tasviri «Terakli» MFY hududida olingan bo‘lsa, o‘lik ayiq bolasi Qizilsoy o‘rmonidan topilgan.
Bosh prokuratura tizimida Zomin va Baxmal tabiatini muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etiladi.
Dunyoning 11 mamlakatida salmonellyoz kasalligining avj olishi Belgiya shokoladini iste’mol qilish bilan bog‘liq. So‘nggi haftalarda O‘zbekistonda ushbu kasallikka chalinish holatlari haqida xabar qilingani yo‘q. JSST yangi holatlarning paydo bo‘lishi ehtimoli bor deb hisoblaydi va aholi uchun salmonellyozning oldini olish choralarini eslatib o‘tdi.
Asaka tumani hokimligi bosh yuristkonsulti fermer xo‘jaligining suddagi ishini hal qilib berish evaziga $1000 olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh chegarasi 25 yosh etib belgilanmoqda. Shuningdek, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etilishi taqiqlanishi mumkin. Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda.
Davlat ekologiya qo‘mitasi noyob jonivorlar yashaydigan Hisor davlat qo‘riqxonasining bahoriy tabiatidan tasvirlarni e’lon qildi.
Markaziy bank o‘z vaqtida qaytarilmayotgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafillarning hisob raqamidan yechib olinayotgani yuzasidan izoh berdi. MB kafil bo‘layotgan fuqarolarni o‘zi va qarz oluvchining kelajakda yo‘liqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni to‘g‘ri tahlil qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston Moliya vazirligi tadbirkorlarga moliyaviy hisobotlarni topshirishda yengilliklar berishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, yillik hisobotlarni keyingi yilning 1 apreligacha, choraklik hisobotlarni esa hisobot davridan keyin 40 kun ichida taqdim etishga ruxsat berilishi mumkin.
UzReport TV orqali Senat majlisi translyatsiyasi boshlanganidan qariyb 8 daqiqa o‘tib to‘xtatildi. Parlament yuqori palatasining YouTube-sahifasida jonli efir 2019 yil oktabridan beri birinchi marta namoyish etilmadi. Prezident farmoniga ko‘ra, 1 dekabrdan boshlab yig‘ilishlar MTRK kanallari va internet tarmog‘ida efirga uzatilishi kerak edi.
Prezident farmoni bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish agentlikning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Toshkent tumani hokimi yordamchisi va uning sinfdoshi 4 sotix yerni 30 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganda ushlandi. Nurafshonda esa MCHJ rahbari 2 gektar yerni 500 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi. DXX, Bosh prokuratura huzuridag Departament va IIV noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq bir qancha holatlarni aniqladi.
Rossiyaning Fix Price diskaunterlar tarmog‘i yil boshidan buyon O‘zbekistondagi 12 do‘konini yopdi, yana 30 tasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Iste’molchilarga ichimlik suvi bo‘yicha asossiz hisoblangan to‘lovlarning yarmi miqdorida kompensatsiya talab qilish huquqi berilmoqda. Ushbu kompensatsiya ichimlik suvi ta’minoti tashkilotidan undiriladi.
Texnikum bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi.
So‘nggi besh yil ichida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,5 barobar oshdi, biroq mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan farq 16,8 foizdan 26,5 foizgacha ko‘tarildi. Sog‘liqni saqlash sohasida esa tafovut asta-sekin qisqardi, ammo 2022 yil yanvar-mart oylarida u besh yil avvalgi ko‘rsatkichga qaytdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting