Qozog‘iston prezidenti mamlakatdan 10 ming dollardan ortiq miqdorda naqd valyuta olib chiqishni taqiqladi. Shuningdek, oltin quymalar hamda oltin-kumush tangalarni olib chiqish bo‘yicha taqiq o‘rnatildi. Ukrainadagi urush boshlanganidan beri tenge 16,8 foizga qadrsizlandi.
Zomin tumanida «KIA K5» va «Nexia-2» avtomashinalari to‘qnashishi oqibatida YTH sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 2 kishi voqea joyida, yana 6 kishi shifoxonada vafot etgan. Bundan tashqari, hozirda «KIA K5» haydovchisi og‘ir ahvolda ekani aytildi.
16 martdan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida muntazam avtobus qatnovlari tiklanadi. Bundan ikki yil oldin koronavirus pandemiyasi sababli ushbu qatnovlar to‘xtatilgandi.
Dushanba kuni O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida salkam 2 mln doza Pfizer vaksinasi keltirildi. Mamlakatga olib kelingan vaksinalar soni 61 mln dozadan oshdi. Ayni vaqtda 14,2 mln dozadan ko‘proq vaksina zaxirasi mavjud.
«O‘zmetkombinat» «ba’zi investorlar tomonidan aksiyalarni sotish bo‘yicha insofsiz harakatlar» sodir etilgani sababli kompaniya aksiyalarini sotish to‘xtatilganini ma’lum qildi. So‘nggi hafta davomida zavod aksiyalari narxi 2,5 barobarga arzonlashib ketgan edi.
Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan ayrim shaxslarga xorijga chiqish pasporti berganlik uchun davlat boji undirilmaydi. Shuningdek, ushbu pasport uchun boj miqdori tushirildi.
2018-yildan boshlab so‘mning real almashuv kursi asosiy savdo hamkorlari valyutalariga nisbatan o‘rtacha 31,5 foizga mustahkamlandi. Ushbu holat tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardoshlikning pasayishiga hamda ko‘pincha savdo balansining manfiy saldosi oshishiga olib keladi, deyiladi Moliya vazirligi hisobotida. Rubl kursi so‘mning real kursiga nisbatan qadrsizlanishi natijasida Rossiya bilan savdoning manfiy saldosi 2,4 barobarga oshib, 3,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda kuzatilayotgan muttasil yog‘ingarchiliklarning boshoqli don, chigit yetishtirishga, bog‘ va tokzorlarga ta’siri qanday bo‘lishi va ko‘riladigan choralar haqida ma’lumot berdi.
Mast holda mashina haydaganlarni 5 yilga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilishni ko‘zda tutgan qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qilmish uchun jarima miqdori ham oshirilmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 34,97 so‘mga ko‘tarilib, 11 033,03 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari milliy darajadagi kovidga qarshi emlanganlik sertifikatlarini tan olish borasida kelishuvga erishdi. Sertifikatga ega fuqarolar davlatlarning hududiga COVID-19 tarqalishining oldini olishga qaratilgan cheklovlarsiz kirishi mumkin.
Navro‘z bayrami munosabati bilan 19 martdan 23 martga qadar fuqarolarga avia va temir yo‘l chiptalar, shuningdek ziyoratgohlarga kirish uchun 10 foizdan 50 foizgacha chegirmalar beriladi.
O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari telefon orqali muloqotda Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Ular vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari bo‘lgan Sirojiddin Usmanov Samarqand tumaniga hokim etib tayinlandi.
O‘zbekiston maktablarida 19-mart uchinchi chorakning so‘nggi kuni bo‘ladi, to‘rtinchi chorak esa 28-martdan boshlanadi. O‘quvchilar bahorgi ta’til vaqtida jami 8 kun dam oladi.
Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, tadbirkorlar o‘zlariga qonuniy asosda tegishli bo‘lgan mablag‘larni davlat organlaridan sud orqali undirishga majbur bo‘lmoqda. 2021 yilning o‘zida sudlar tomonidan davlat organlari hisobidan tadbirkorlarga qariyb 11,5 mlrd so‘mlik qarzdorlik va 2,2 mlrd so‘mlik davlat boji undirib berilgan.
O‘zbekiston TIV rasmiy vakili mamlakatning Ukrainadagi elchixonasi vaqtincha Lvov shahrida joylashganini ma’lum qildi.
Hafta davomida aksariyat hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s, momaqaldiroq paytida esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Iordaniyada boks bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi.
Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berishicha, yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingan. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlanmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting