Qozog‘iston bosh prokurori yanvar voqealari vaqtida jami 230 kishi halok bo‘lgani, shundan 19 nafari harbiylar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlarning eng ko‘pi Olmaota shahriga (139 kishi) to‘g‘ri kelmoqda. 20 nafar fuqaro esa tasodifan otishmalar oqibatida halok bo‘lgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilmoqda.
Mobil ilovalarda Uzcard orqali to‘lovlar vaqtinchalik ishlamadi. Kompaniya bu ehtimoliy texnik uzilishlarning oldini olish uchun olib borilgan ishlar bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.
1 apreldan IT kompaniyalar ta’sischilari va axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar uchun 3 yillik IT-Visa berish rejalashtirilmoqda. Ushbu viza egalari O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Tojikiston hududida sodir bo‘lgan 4,7 magnitudali zilzila Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ham sezildi.
Yakshanba kuni O‘zbekistonda 22 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, bu shanba kungidan 47 taga kam (69 ta).
1 iyunga qadar shaxsning sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga oid qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik hamda yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Himoya orderi muddati esa 1 yilgacha uzaytiriladi.
Sherali Yuldashev Samarqand viloyatining Nurobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Tumanning avvalgi rahbari prezident tomonidan «faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun» ishdan olingan edi.
YeTTB va O‘zbekiston birinchi valyuta svop kelishuvini amalga oshirdi. Buning natijasida 20 mln dollarlik xorijiy valyutadagi davlat qarzining bir qismi milliy valyutadagi qarzga o‘girildi.
Uzbekistan Airways «Temir daftar»ga kiritilgan ayollar uchun «Ilk parvozim» ijtimoiy loyihasi boshlanganini ma’lum qildi. Uning doirasida shu vaqtgacha samolyotda uchmagan ayollar O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga parvoz qiladilar.
Buxoroda yog‘ingarchilik tufayli XVI asrga oid “Talipoch qal’a darvozasi” devorining bir qismi qulab tushdi. Qal’aning ushbu qismi 2003 yilda qayta tiklangan. Madaniy meros agentligi restavratsiya ishlarida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilgani va malakasiz hunarmandlar tomonidan amalga oshirilganini ta’kidladi.
Pokistondan O‘zbekistonga halol mol go‘shtining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kelasi hafta Toshkentga 40 ming dollarlik 18 tonna go‘sht ortilgan konteyner keladi. Mart oyida yana 50 ta konteyner go‘sht jo‘natilishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni soat 16:00 dan Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining «Taxtaqoracha» dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi. Bunga sabab, dovondan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 1138−1141 kilometrlari oralig‘ida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida qisman o‘pirilish yuzaga kelgan.
O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda hamda zo‘ravonlikni to‘xtatish va barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilish zarur, deb hisoblaydi, deya ma’lum qildi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov. Shuningdek, u Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi va Yevropa hamda Osiyo o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan Turkiyani misol sifatida keltirdi.
2022 yilning ilk ikki oyida mamlakat bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 2 mln 42 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona, Andijon va Toshkent shahrida, eng kam chaqiriqlar esa Jizzax, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida kuzatilgan. Ushbu xizmatdagi reanimobil mashinalar soni 442 taga yetgani aytildi.
«Gazeta.uz» Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan Rossiya fuqarolari bilan suhbatlashdi. Ular Rossiyani nima sababdan tark etishgani, Toshkentda nima bilan shug‘ullanayotganliklari, bu yerda qanaqa muammolarga duch kelayotgani va qanday shartlar asosida uyga qaytishi mumkinligi haqida so‘zlab berishdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Toshkent-Vodiy» avtomobil yo‘lidagi «Qamchiq» dovonida transport harakati qayta tiklanganini ma’lum qildi.
«Qamchiq» dovoni avtomobil harakati uchun yopilganligi sababli yo‘lda qolib ketgan fuqarolar Ohangaron, Angren va Orzu vokzallaridan yo‘lovchi poyezdlarida manzillariga yetkazib qo‘yiladi. FVV haydovchilardan vaqtincha dovon orqali harakatlanmaslikni so‘ramoqda.
Juma kuni Yangiyo‘l tumanidan o‘tuvchi “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lida harakatlanib ketayotgan “Isuzu” rusumli avtobus yonib ketdi. Shu kuni boshqa bir holatda, Toshkent shahrida “Lacetti” haydovchisi 60 yoshli piyodani urib yubordi. Avariya oqibatida fuqaro shifoxonada vafot etdi.
«Qamchiq» dovonidagi ikki tunnel o‘rtasidagi avtomobil yo‘lining ostki tuproq qismi o‘pirilib ketdi. FVV holat yuzasidan Angren shahridagi «Angrenlend» kafesida maxsus shtab tuzilganini ma’lum qildi. Yo‘lovchilar dovonga yaqin hududdagi ovqatlanish shoxobchalariga joylashtirilmoqda.
Shanba kuni Turkmanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhammedov ham ovoz berib, saylovni tarixiy deb atadi. Saylovlarda 3 nafar partiyalar nomzodi, 6 nafar mustaqil nomzod ishtirok etmoqda. Tushga qadar saylovchilarning 71,9 foizi ovoz berish jarayonlarida qatnashdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting