Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev prezidentning necha foiz yo‘l yoqalariga daraxt ekilgani haqidagi savoliga noto‘g‘ri javob berdi. Javobni eshitgan Shavkat Mirziyoyev undan: «Matematikani qayerda o‘qigansiz», — deb so‘radi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyib Erdo‘g‘onga yo‘llagan maktubida Turkiya prezidenti va uning rafiqasi koronavirusga chalingani haqidagi xabardan xavotirga tushganini bildirdi. Ularga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Jurnalist Xayrulla Nuriddinovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi yoshlarning «bemaza qiliq"lariga TikTok aybdor emas. U o‘zining «Menimcha» ko‘rsatuvida «TikTok`ni yomonotliq bo‘layotganiga sabab, o‘sha yoshlarning ota-onasida, yoshlarga tarbiya yetishmayotganligida» ekanini aytdi. Shuningdek, u TikTok bir maydonligini, uning foydali tomonlari ham borligini aytib o‘tdi.
Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva «o‘z arizasiga ko‘ra» vazifasidan bo‘shatilgan. U Qashqadaryo viloyatidagi yagona ayol hokim edi. Viloyat hokimligining xabar berishicha, yaqin kunlarda yangi hokim saylash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan jami 2 ta pnevmatik qurol, 2 dona to‘pponcha uchun gaz ballon va 553 ta pnevmatik o‘qlar mamlakat hududiga olib kirilayotgani aniqlangan. Farg‘ona viloyatda esa xorijdan uchib kelgan fuqaroda 2 dona 12 kalibrli ov quroli borligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.
Shanba kuni O‘zbekistonda 887 nafar kishida koronavirusga chalinish holatlari kuzatildi. Shuningdek, 5 fevral kuni 148 nafar kishida pnevmoniya aniqlangan bo‘lsa, koronavirus oqibatida 3 nafar bemor vafot etdi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi doirasida ekilgan daraxtlar bo‘yicha raqamlarga ishonmasligini ma’lum qildi. U, shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov daraxt ekish bo‘yicha reja bajarilmagani uchun lavozimidan chetlashtirilganini aytdi.
O‘zbekiston prezidenti va XXR raisining Pekindagi uchrashuvida kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi. Tomonlar besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini ham imzoladi.
O‘zbekiston professional futbol ligasi 2021 yilda 15,7 mlrd so‘m ishlab topgan, musobaqalar o‘tkazish uchun esa 16 mlrd so‘m sarflagan, bu O‘zPFLning OAV oldidagi ilk ochiq moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi. «Avval, jamoalardan pul olmaydigan tashkilotga aylanib olishimiz, undan keyin jamoalarga pul beradigan tashkilotga aylanishimiz kerak», — dedi O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev. Qolaversa, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ochilishi ham qayd etildi.
Juma kuni Qurilish vazirligi Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektori pora bilan ushlanganini rad etib, u ishdan avvalroq bo‘shaganini ma’lum qildi. Shanba kuni esa Bosh prokuratura huzuridagi departament vazirlik izohini inkor qilib, ushbu xodim 1000 dollar pora bilan ushlanganini qayd etdi. Shuningdek, gumondor inspeksiyada ishlashini tasdiqlovchi ma’lumotlar e’lon qilindi.
Turizm va sport vazirligi Qamashi tumanida «Maydanak» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Maydanak archazorlarida o‘tov, «camping», «glamping», eko-uylar, yengil konstruksiyali konteynerlar joylashtirish, ekstremal turizmni rivojlantirish, osma dor yo‘lini qurish, qolaversa, yaqin hududdagi qishloqlarda 100 dan ortiq mehmon uyini barpo etish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Miloddan avvalgi VI asrdan XX asrga qadar zamonaviy O‘zbekiston hududida yigirmadan ortiq davlatlar hukm surgan. «Gazeta.uz» geacron.com tarixiy xaritalar platformasiga asoslanib, O‘zbekiston hududida asrlar osha hukmronlik qilgan davlatlar xaritasini taqdim etadi.
Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, har yili dekabrning so‘nggi 10 kunligi va yanvarning ilk 10 kunligi oralig‘ida professsonal ta’lim muassasalari o‘quvchilari va OTM talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish taklif etilmoqda. Unda shuningdek, ta’tildan 10 kun avval avia va temiryo‘l chiptalari uchun 50 foizlik chegirma berish ham ko‘zda tutilgan.
Orolqum cho‘lidan ko‘tariladigan qum va chang bo‘ronlari tufayli yo‘qotishlar Qoraqalpog‘istonda yiliga 44,2 mln dollar yoki YAIMning 2,1 foizini tashkil etadi. Jahon banki tadqiqoti natijalariga ko‘ra, Orol dengizi tubidagi landshaftni tiklash aholining salomatligi yaxshilanishiga olib kelishi va har yili 28−44 mln dollar miqdorida qo‘shimcha foyda keltirishi mumkin.
Tanishing, bu — S. Vorro — yetti yoshli labrador va Toshkent xalqaro aeroporti kinologiya xizmati xodimi. U va yana o‘nlab ovcharka va spanellar aeroportning ikki oyoqli xodimlariga portlovchi moddalar, giyohvandlik vositalari hamda valyutalarni topishda yordam berishadi. Biz S.Vorrodan ishi, xo‘jayini, maoshi va pensiyaga chiqishi haqida so‘radik.
Prezident qarori bilan 2025 yilgacha Toshkent shahridagi jamoat transportining harakatlanish oraliq vaqtini ikki barobarga kamaytirish, qolaversa, 1063 ta avtobus va 673 ta elektrobus xarid qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, velosipedlarni ijaraga berish, «aqlli chorraha», «aqlli avtobus» va «aqlli bekat» tizimlari ham joriy etiladi.
Odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinib, 9 yildan beri Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol BAAdan deportatsiya qilindi. U qizlarni aldab, BAAga olib borgani va pasportlarini olib qo‘yib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgani aytilmoqda.
2 fevral kuni Nukus shahridagi markaziy dexqon bozor yonidagi savdo majmuasida ijara narxining ko‘tarilishidan norozi bo‘lgan tadbirkorlar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. 4 fevral kuni JIB Nukus shahar sudi unda qatnashgan 3 nafar fuqaroga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Qoraqalpog‘iston IIV matbuot xizmati rahbari Dauran Yelmuratov esa fuqarolarni miting va ko‘cha yurishlari qonun bilan taqiqlangani haqida ogohlantirdi.
Senat internet tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini oshirish va zararli ma’lumotlardan himoya qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga so‘rov yuboradi. Senator Farhod Boqiyev internet tarmog‘ida «milliy mentalitetga yot, fuqarolar ongi, ruhiyati, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi» materiallar tarqalayotganini ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Pekinda qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilishi doirasida Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Misr prezidentlari, shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muloqot qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting