Afg‘on inqirozi tufayli O‘zbekiston va Pokistonning dollardagi yevrobondlari bosim ostida qoldi, deya qayd etdi Financial Times. Fondlar boshqaruvchilarining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondan qochqinlarning ehtimoliy chiqib ketishi qo‘shni davlatlarda moliyaviy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Prezident farmoniga ko‘ra, 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori oyiga 270 ming so‘m, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori esa oyiga 822 ming so‘m etib belgilandi.
Dunyo axborot agentligi O‘zbekiston hududida Afg‘oniston etnik guruhlarining arboblari va yetakchilari yo‘qligini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev matbuotga bergan intervyusida Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston tushunchalari nimani anglatishiga aniqlik kiritdi.
Yakshanba kuni kechqurun Amerika harbiy-havo kuchlarining Boeing C-17 Globemaster III rusumli harbiy-transport samolyoti Kobuldan 640 nafarga yaqin afg‘onlarni evakuatsiya qildi. Barcha qochqinlar samolyot poliga joylashtirilgan hamda ular sog‘-salomat Qatardagi aviabazaga yetib borishgan.
Xalq demokratik partiyasi ta’kidlashicha, Tashkent City majmuasiga pul to‘lab kirish — Konstitutsiya tamoyillariga zid va jamiyatda tabaqalashuvga olib keladi. «O‘zbekistonda moliyaviy belgilarga, shuningdek, ayrim imtiyozlarga ko‘ra tabaqalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun Tashkent City`ga kirish bepul bo‘lishi shart», — deyiladi xabarda.
Joriy yil boshidan beri mamlakatda jami 143 555 ta nikoh qayd etildi. Shundan 1272 tasida o‘zbekistonlik qizlar xorijliklarga turmushga chiqqan. Ularning 207 nafari Rossiya, 148 nafari Qozog‘iston, 106 nafari Turkiya, 42 nafari Koreya Respublikasi, 13 nafari AQSh va boshqa mamlakatlar fuqarolari bilan oila qurgan.
“Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasining navbatdagi mehmoni — Yaponiyada tahsil olayotgan magistrant Kamilla Yenikeyeva. Biz undan nega Yaponiyada o‘qishni tanlaganligi, Yaponiya oliygohlarida tahsil olishning afzalliklari, universitetning ish topishdagi o‘rni, xorijdagi qiyinchiliklar va O‘zbekistondagi yoshlarga beradigan maslahatlari haqida so‘radik.
Dollarning rasmiy kursi 7,69 so‘mga pasaydi va jami 10 652,31 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz pasaydi.
DXX va IIV tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin faoliyat olib borayotgan «jihodchilar» oqimi a’zolarining 10 nafari qo‘lga olindi. Ular «jihod» maqsadida Suriyaga ketmoqchi bo‘lganligi aytilmoqda.
Marhum shayx Usmonxon Alimovning janoza namozi Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida o‘qildi. Janozaga Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Pokiston va boshqa davlatlardan qorilar tashrif buyurdi — fotoreportaj.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘plab odamlarning bandligi va daromadi tadbirkorlikning qanday qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi. «Agar biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi», — dedi u.
Behzod Hoshimovning yozishicha, iqtisodiy qoloqlik va imkoniyatlar tengsizligi kelajakda O‘zbekiston tinchligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. “Bizning iqtisodiy darajamizda bizdek tinch mamlakatlar deyarli yo‘q, bizning daromadlarimiz ancha „xavfli“ chegarada”, — deydi u.
«Tolibon» hukumat amaldorlariga umumiy amnistiya e’lon qildi va afg‘onlarni ishga qaytishga chaqirdi. TOLOnews telekanali ayol teleboshlovchi va muxbirlar ishtirokidagi ko‘rsatuvlarni uzatishda davom etmoqda.
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida 4 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bir nafar yo‘lovchi vafot etgan, ikki nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan. Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
TIV Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha bayonotida, O‘zbekiston «qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini» qat’iy bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha «Tolibon» harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turganini ma’lum qilindi. Mamlakatning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, hududlarga tashrif chog‘ida «marshrut»ni o‘zgartirish joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi. Davlat rahbarining qayd etishicha, uning ogohlantirishiga qaramasdan, joylarda faqat prezidentning tashrifi oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash ishlari davom etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2020 yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan 500 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilib, yetkazilgan zarar 450 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Kecha kun davomida O‘zbekistonda 846 kishida koronavirus infeksiya qayd etildi. 6 nafar COVID-19 bemori vafot etdi. Shuningdek, dushanba kuni 407 kishida pnevmoniya qayd etildi, 3 nafar pnevmoniya bemori vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev endilikda poytaxt va yirik shaharlardagi yangi qurilishlar shahar tashqarisida amalga oshirilishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, davlat rahbari daraxtlar kesilishi masalasiga to‘xtalib, «yashil hududlarni kamaytirish holatlari tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan joylar qolmayotganini» ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting