24 fevralgacha bosqichma-bosqich oflaynga o‘tadigan OTMlar, kamida bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni bilishi kerakligi aytilgan maktab o‘quvchilari, telegramda dars o‘tganlarni tanqid qilgan oliy ta’lim vaziri, Chimyonda quriladigan 269 mln dollarlik oromgoh, «prava» olish uchun ishga tushgan Yagona imtihon markazi, endi faqat bilimi borlar rulga o‘tirishini aytgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 3 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Andijon viloyatining Asaka tumanida xususiy korxona tomonidan 10 tup ko‘p yillik daraxt kesib tashlandi.
Xitoyning Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta elektrobus Toshkentga olib kelindi.
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tovar belgilari va firma nomlaridan noqonuniy foydalangan shaxslar BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (27 mln so‘mdan — 54 mln so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Qolaversa, endi barcha yuridik va jismoniy shaxslar o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar inson omilidan holi, avtomatlashtirilgan tarzda o‘tkazilishi jarayondagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi. «Imtihondan pul, tanish-bilish orqali bilan o‘tishning imkoni bo‘lmagach, hamma o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki sifatli ta’lim berishni boshlaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.
Andijon viloyatida joylashgan maktablarda kechasi uyushmagan yoshlar uchun o‘tkazilayotgan tadbirlar prezident topshirig‘i asosida amalga oshirilmoqda, deb ma’lum qildi viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus jadvallar asosida har kuni maktablarda soat 18:00 dan 22:00 gacha turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Avvalroq, deputat Rasul Kusherbayev sovuq payti ko‘chada o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarni tanqid qilgandi.
Chimyonda Fransiya ishtirokida 6 ming o‘rinli dam olish maskani quriladi. Oromgoh 20 km uzunlikdagi chang‘i yo‘laklari, dor yo‘li va boshqa attraksionlarni o‘z ichiga oladi. Loyihaga kiritilgan sarmoyaning umumiy hajmi 269 mln dollarga teng.
2 fevral kuni Nukus shahridagi markaziy dexqon bozor yonida fuqarolar bozor atrofidagi yo‘lni to‘sishgan. «Gazeta.uz» ning aniqlik kiritishicha, bunga «NUKUS DILISHA» kompaniyasiga qarashli binoda ijarada savdo qiluvchi fuqarolarning ijara narxi ko‘tarilganiga noroziligi sabab bo‘lgan.
Prezident qarori bilan 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatiladi va bu ularning shahodatnomasida qayd etiladi. 10130 ta maktab, 323 ta bolalar musiqa maktabi, 826 ta madaniyat markazi 7 turdagi milliy cholg‘ular bilan 3 to‘plamdan ta’minlanadi. Buning uchun 205 mlrd so‘m ajratiladi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi. Bu davr ichida darslar ham onlayn ham oflayn shaklda olib boriladi. OTMlar imkoniyatidan kelib chiqib, alohida reja-grafik asosida oflayn shaklga o‘tadi, bu haqda ular o‘zining rasmiy sayti orqali xabar beradi.
Sankt-Peterburgdan Samarqandga qarab uchayotgan «Aeroflot» aviakompaniyasiga tegishli samolyot Qozog‘istonda shoshilinch qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bunga reys o‘lovchilaridan biri — O‘zbekiston fuqarosiga shoshilinch tibbiy yordam talab etilgani sabab bo‘lgan.
Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markazga kelgan nomzod nazariy savollarga to‘g‘ri javob berishi va so‘ngra imtihonning amaliy qismidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Shundagina u YHXBB yoki davlat xizmatlari markazlaridan haydovchilik guvohnomasi berilishiga asos bo‘ladigan maxsus sertifikatni qo‘lga kiritadi (foto).
Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida» gi qonun ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, endi tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi kerak. Qayd etilishicha, hozirgacha O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar, xususan, 2 ta mahalliy mahsulotning geografik ko‘rsatkichi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Senatorlar ishontirishicha, mazkur qonun mintaqaviy brendlar rivojlanishi va hududlarning turistik jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.
OTB 2022−2024 yillarda O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,8 mlrd dollarga teng 27 ta loyihani amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda. Joriy yilda OTB O‘zbekistonga qayta tiklanadigan energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasi, suv resurslari, shaharsozlik va yo‘llarga investitsiyalar sohalarida yordam ko‘rsatish, ipoteka bozorini rivojlantirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
1- fevral kuni “Umra — 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytib keldi. Ular “Baqi” qabristoni, “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari va Uxud tog‘ida, shuningdek, Madina shahrida Masjidul Nabaviyda, Payg‘ambarning Ravzai mutohharalarida ziyoratda bo‘lgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov masofaviy ta’lim uchun ko‘plab maxsus platformalar bo‘lishiga qaramasdan, Qashqadaryo OTMlaridagi talabalar Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qildi. Masofaviy ta’limni tashkil qilishdagi kamchiliklar uchun Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.
IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari ijtimoiy tarmoqlar va olx.uz saytida kvartirani ijaraga beraman deb, fuqaroning pulini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga oldi. U kvartira uchun avans tariqasida berilgan 500 ming so‘mni o‘zlashtirganligi aytilmoqda.
Senat raisi Tanzila Narbayeva yalpi majlis vaqtida senatorlar faoliyatidagi tadbirbozlikni tanqid qildi. «Senatorlar faqatgina qo‘mita majlisi yoki qaysidir tadbirda ishtirok etish bilan cheklanib qolmoqda» — dedi u. Qolaversa, qo‘mitalar yetarlicha ishlamayotgani, ular faqat rahbarlarning axborotini tinglash bilan shug‘ullanayotgani ta’kidlandi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun kerakligini ta’kidladi. «IMEI kerak emas, IMEI`ni yo‘q qilinglar, degan gaplar tagida noqonuniy bozordan „dolya“ olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi», — dedi vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida. Shermatov UzIMEI pulli ekanligiga to‘xtalib, uning soliq ekanligini qayd etgan.
Prezident 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishini ma’lum qildi. Joriy yil bahor mavsumida «Yashil makon» loyihasi doirasida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilmoqda. Aholiga kamida 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatiladi. «Agar O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilayman desa, har yili har bir xonadon ikkitadan daraxt eksin. Har bir tashkilot beshtadan daraxt eksin, qaysi tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar», — dedi prezident.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting