Adliya vaziri Ruslanbek Davletov TikTok`ni bloklash haqidagi takliflarga munosabat bildirib, axborotning erkin tarqalishi tarafdori ekanini, TikTok`ni bloklash texnik jihatdan juda qiyin masala ekanini aytdi. «TikTok`dan boshqa joyda yomon kontent yo‘qmi, internetga kirsangiz, boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi?», — degan vazir.
O‘zbekistondan Novosibirskka uchib ketayotganida bagajida dron aniqlangani uchun qo‘lga olingan rossiyalik trevel-bloger Maksim Limar uy qamog‘idan ozod etildi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, u ayni vaqtda vatanga qaytib ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Shuningdek, Quyi Chirchiq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimjonov Oqqo‘rg‘on tumaniga hokim etib tayinlandi.
Toshkentda 59-raqamli avtobus yengil avtomobil siqib ketishi natijasida yo‘l chetiga chiqib ketgan va ustunga borib urilgan. YTH oqibatida 2 kishi yengil jarohat olgan.
Dam olish kunlarida O‘zbekistonda bir sutka davomida 900 nafardan kam kishida koronavirus aniqlandi. Pnevmoniya bilan kasallanganlar soni ham avvalgi kunlarga nisbatan birmuncha kamaygan.
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da berib, buning evaziga 80 ming dollar so‘raganligi aytildi. Hokim o‘rinbosari kelishilgan mablag‘dan 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Buxoroning «Moxon» qishlog‘idagi stadionda futbol o‘ynagan «Tobagar» va «Chandir» qishloqlari fuqarolari o‘zaro mushtlashib ketgan. Bunga nima sabab bo‘lgani aytilmagan. Hozirda tezkor surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv ketmoqda.
Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori o‘ziga tegishli avtomobilda avariyaga uchradi. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.
Yaqinda Kiprning United Cement Group kompaniyasi «Qizilqumsement»dagi davlat ulushini 1,89 trln so‘mga (qariyb 175 mln dollarga) sotib olib, O‘zbekistondagi sement zavodlari sonini 3 taga yetkazdi. Fusion Wealth Management menejeri Maykl MakGofi hukumat aktivni bozor qiymatidan 20 foizga arzonroqqa sotib, «xususiylashtirish dasturini shubha ostiga qo‘ygani»ni ta’kidladi. U kelishuvni shaffof emas deb atadi va ko‘proq taklif qilishga tayyor o‘yinchilar borligini ma’lum qildi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev prezidentning necha foiz yo‘l yoqalariga daraxt ekilgani haqidagi savoliga noto‘g‘ri javob berdi. Javobni eshitgan Shavkat Mirziyoyev undan: «Matematikani qayerda o‘qigansiz», — deb so‘radi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyib Erdo‘g‘onga yo‘llagan maktubida Turkiya prezidenti va uning rafiqasi koronavirusga chalingani haqidagi xabardan xavotirga tushganini bildirdi. Ularga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Jurnalist Xayrulla Nuriddinovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi yoshlarning «bemaza qiliq"lariga TikTok aybdor emas. U o‘zining «Menimcha» ko‘rsatuvida «TikTok`ni yomonotliq bo‘layotganiga sabab, o‘sha yoshlarning ota-onasida, yoshlarga tarbiya yetishmayotganligida» ekanini aytdi. Shuningdek, u TikTok bir maydonligini, uning foydali tomonlari ham borligini aytib o‘tdi.
Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva «o‘z arizasiga ko‘ra» vazifasidan bo‘shatilgan. U Qashqadaryo viloyatidagi yagona ayol hokim edi. Viloyat hokimligining xabar berishicha, yaqin kunlarda yangi hokim saylash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan jami 2 ta pnevmatik qurol, 2 dona to‘pponcha uchun gaz ballon va 553 ta pnevmatik o‘qlar mamlakat hududiga olib kirilayotgani aniqlangan. Farg‘ona viloyatda esa xorijdan uchib kelgan fuqaroda 2 dona 12 kalibrli ov quroli borligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.
Shanba kuni O‘zbekistonda 887 nafar kishida koronavirusga chalinish holatlari kuzatildi. Shuningdek, 5 fevral kuni 148 nafar kishida pnevmoniya aniqlangan bo‘lsa, koronavirus oqibatida 3 nafar bemor vafot etdi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi doirasida ekilgan daraxtlar bo‘yicha raqamlarga ishonmasligini ma’lum qildi. U, shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov daraxt ekish bo‘yicha reja bajarilmagani uchun lavozimidan chetlashtirilganini aytdi.
O‘zbekiston prezidenti va XXR raisining Pekindagi uchrashuvida kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi. Tomonlar besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini ham imzoladi.
O‘zbekiston professional futbol ligasi 2021 yilda 15,7 mlrd so‘m ishlab topgan, musobaqalar o‘tkazish uchun esa 16 mlrd so‘m sarflagan, bu O‘zPFLning OAV oldidagi ilk ochiq moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi. «Avval, jamoalardan pul olmaydigan tashkilotga aylanib olishimiz, undan keyin jamoalarga pul beradigan tashkilotga aylanishimiz kerak», — dedi O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev. Qolaversa, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ochilishi ham qayd etildi.
Juma kuni Qurilish vazirligi Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektori pora bilan ushlanganini rad etib, u ishdan avvalroq bo‘shaganini ma’lum qildi. Shanba kuni esa Bosh prokuratura huzuridagi departament vazirlik izohini inkor qilib, ushbu xodim 1000 dollar pora bilan ushlanganini qayd etdi. Shuningdek, gumondor inspeksiyada ishlashini tasdiqlovchi ma’lumotlar e’lon qilindi.
Turizm va sport vazirligi Qamashi tumanida «Maydanak» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Maydanak archazorlarida o‘tov, «camping», «glamping», eko-uylar, yengil konstruksiyali konteynerlar joylashtirish, ekstremal turizmni rivojlantirish, osma dor yo‘lini qurish, qolaversa, yaqin hududdagi qishloqlarda 100 dan ortiq mehmon uyini barpo etish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting