Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi innovatsion klinikada tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash loyihasi uchun qariyb 6,9 million dollar ajratdi.
DXX Tojikistondan O‘zbekistonga olib kirilgan 10,7 kg «gashish» va 2 kgdan ortiq «opiy» giyohvand moddalarini musodara qildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida Qirg‘izistondan olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlar aniqlangan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 8,14 so‘mga ko‘tarilib, 10 813 so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, yevro kursi 102,09 so‘mga, rubl kursi esa 0,89 so‘mga yuqoriladi. Ushbu o‘zgarishlar 2 fevraldan kuchga kiradi.
Tojikiston 2021-yilda 2,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilgan. Shundan 1 mlrd kVt/soat resurslarni Afg‘oniston 55 mln dollarga sotib olgan. O‘zbekiston ham xuddi shu miqdordagi elektr energiyasi importi uchun 23 mln dollar mablag‘ sarflagan.
O‘zgidromet O‘zbekistonda fevral oyidagi ob-havoning o‘ziga xos xususiyatlari hamda eng issiq va eng sovuq kechgan fevral oylari haqida ma’lumot berdi. Sinoptiklar bu yil fevral oyida ob-havoning dastlabki prognozini ham tuzib chiqdi.
Deputatlar ko‘rib chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, hujjati bo‘lmagan uylar «snos» ga tushganda, ularga ham kompensatsiya to‘lab berish taklif etilmoqda. Bunda da’vogar mulkka 15 yil davomida oshkora va uzluksiz egalik qilgan hamda soliqlarni to‘lagan bo‘lishi lozim. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Toshkentdagi mahallalar aholisi muammolarini o‘rganish uchun joriy qilinadigan Inson qadri indeksini 8 ta ko‘rsatkich asosida hisoblab chiqish taklif etilgan. Bularga sog‘liqni saqlash, ta’lim, xavfsizlik, bandlik, daromad va boshqa yo‘nalishlar kiradi. Prezident ushbu indeks qaysi fuqaro yoki xonadon bilan birinchi navbatda ishlash kerakligini aniqlab berishini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo energotizimidagi yirik avariya tufayli O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ayni vaqtda energiyani yetkazib berish qayta tiklangan.
Senat hukumatga gaz ballon bilan jihozlangan transport vositalari xavfsizligi bo‘yicha parlament so‘rovi tayyorlamoqda. 2021 yilda shu turdagi transport vositalaridagi 14 ta portlash va 2 ta yong‘in natijasida 14 kishi halok bo‘lgan, 9 kishi jarohatlangan.
Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov O‘zbekistonda koronavirus bilan yangi kasallanish holatlarining 85 foizi «omikron», 15 foizi «delta» shtammiga to‘g‘ri kelayotganligini ta’kidladi. Uning aytishicha, aksariyat bemorlar kasalxonada davolanishi shart emas, lekin vahima sababli odamlar turli yo‘llar bilan shifoxonada davolanishga harakat qilmoqda.
2022-yilning yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik nisbatda esa 9,8 foizni tashkil qildi. Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,3 foizga oshgan, eng qimmatlagan sohalardan biri restoran va mehmonxonalar xizmatlari bo‘ldi.
Andijon viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Baliqchi tumanida fuqarolar IIB xodimlarini tosh bo‘ron qilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Mazkur holat tuman Suvoqavaga qarashli suv qazib chiqarish inshootini xonadoniga qo‘shib olgan oila hamda ularning mahalladoshlari o‘rtasidagi nizo oqibatida sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, «otilgan toshlar IIB xodimlari va fuqarolarga tegmagan».
Firdavs Abduholiqov O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasi boshqaruv raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rniga Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja assotsiatsiya rahbari bo‘ldi.
1 fevraldan tibbiyot muassasalarida yuritiladigan tibbiy hisob jurnallari 26 tadan 14 tagacha qisqartirildi, ulardan 10 tasi soddalashtirildi. Shuningdek, 33 turdagi tibbiy karta va blankalar ham 14 tagacha qisqartirildi. «Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini bemorlarni davolashga yo‘naltiradi», — deyiladi SSV xabarida.
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Malibu avtomobilining shubhali sotilishi va Shaxmat federatsiyasidan 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ning federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi DXX generali Husan Turdialiyev direktor bo‘lgan xususiy shaxmat klubiga o‘tkazilishini o‘rganmoqda. Shaxmatchi Sergey Qayumov «Husan Turdialiyevning so‘nggi 20 yildagi diktaturasi» haqida gapirgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosarining xatti-harakatlari AQShga ketishiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
22 yanvardan beri koronavirusning kunlik holati kamayib bormoqda — dushanba kuni virus 1015 kishida aniqlandi. Toshkent shahrida kasallanish holatlari ortgan, viloyatlarda esa kamaygan. Qolaversa, 196 nafar fuqaroda pnevmoniya qayd etildi.
2022-yilda Toshkent shahrida umumiy qiymati 3,8 mlrd dollarlik 738 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan. Shundan 500 ta loyiha joriy yilning o‘zidayoq ishga tushishi, buning natijasida 27 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Prezident Toshkentning moliyaviy va iqtisodiy imkoniyatlar kengligini, har bir tumanga qo‘shimcha 100 mln dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.
1-fevral kuni ertalab Farg‘ona viloyatining Quva savdo kompleksida 25 ta kiyim-kechak do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyiga 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etildi. FVV ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar qayd etilmagan.
2017−2021 yillar davomida prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 5 mln 780 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 mln 288 mingdan ortig‘i qanoatlantirilgan.
Toshkent mahallalarida aholi muammolarini o‘rganish orqali poytaxtda inson qadri indeksi joriy qilinadi. Prezident indeks mezonlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tizim yaratishni buyurdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting