Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurish zarurligini ta’kidlandi. Davlat rahbari «Yangi O‘zbekiston» massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishini qayd etdi. 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
2022 yildan boshlab barcha vazirliklar uchun davlat budjeti mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilash rejalashtirilmoqda, dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. Unga ko‘ra, budjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish va «budjet xarajatlarini qattiq nazorat qilish» rejalashtirilgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 21,92 so‘mga ko‘tarilib, 10 712 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
Deputatlar inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak degan cheklovni bekor qilishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. Unga ko‘ra, donor sifatida o‘z a’zosi olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda rozilik bergan inson tushuniladi.
Toshkent viloyatidagi chegara postida bojxona xodimlari tomonidan 156 kgga yaqin gashish, geroin va opiy ortilgan «DAF» mashinasi ushlab qolindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 60 dan ortiq bozor va savdo majmualarida davlat ulushlarini sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini e’lon qildi. Ular orasida Toshkentdagi Mirobod, Farhod, O‘rikzor va Oloy dehqon bozorlari, «Ippodrom» va «Bek to‘pi» savdo komplekslari mavjud. Qarorga ko‘ra, hokimlar boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etilib, bozorlardagi davlat ulushi hokimliklarga o‘tkazilishi kutilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu qaror loyihasini tanqid qildi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i singlisi rahbarligidagi fermer xo‘jaligiga gul ko‘chati buyurtma qilish bahonasida 149 mln so‘m pul o‘tkazib, o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi prokuratura jinoiy ish ochgani haqida xabar berdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bilan qo‘shma loyihalar bo‘yicha savolga javob berar ekan, mamlakat aktivlari muzlatilgani sababli muvaqqat hukumatning moliyaviy salohiyati mutlaq yo‘qligi hamkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi. «Butun iqtisodiyotni faqat gumanitar yordamga tayanib yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi u.
«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Daryo muxbiri bilan bog‘liq mojaroni «o‘ta og‘riqli qabul qilgani» va jamiyat imidjiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytdi. «Kompaniyada faoliyat yuritayotgan barcha mas’ul rahbarlar va xodimlar jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur», — dedi Mehriddin Abdullayev. U shuningdek, jurnalistlik faoliyatga aralashishni keskin qoralashini, buning uchun lavozimidan qat’iy nazar barchaga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori AQSh Afg‘onistonda qoldirib ketgan harbiy texnika butun dunyo uchun katta muammo tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi. Dmitriy Shugayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qurol-yarog‘lar ekstremistlarning qo‘liga tushib qolishi yoki qora bozorga ham chiqib ketishi mumkin.
Facebook ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Meta Platforms Qozog‘iston hukumatiga o‘zining kontent hisoboti tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgani haqidagi xabarni rad etdi. Kompaniya vakili ta’kidlashicha, «Meta Platforms Qozog‘iston qo‘shma deb atagan bayonotni e’lon qilmagan». Qozog‘iston axborot vaziri esa bayonot kompaniyaning mintaqaviy ofisi rahbariyati bilan kelishinganligini ta’kidladi.
23 noyabrgacha har bir hududda (Toshkentdan tashqari) faqat bir kun tungi vaqtda davlat va nodavlat telekanallarni efirga uzatilishi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu teleuzatkichlarda profilaktika ishlari o‘tkazilishi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston 9 oy ichida xorijiy davlatlarga qiymati $242,5 mlnga teng bo‘lgan 25 ming 171 ta yengil avtomobillar eksport qildi. Eksportning deyarli 96% qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda.
Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori Dmitriy Shugayevning ta’kidlashicha, 2021 yilda Rossiya O‘zbekistonga Su-30SM qiruvchi samolyotlari, Mi-35M vertolyotlari, Buk-M2E zenit-raketa komplekslari, BTR-80 va BTR-82A zirhli transportyorlarini yetkazib bergan.
DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida 25 mingdan ortiq «Regapen», «Tropikamid», «Selofen» singari psixotrop dorilar savdosiga chek qo‘yildi.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi BAAda qo‘lga olindi. Mazkur shaxs JKning terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish va ommaviy tartibsizliklar moddalaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun 2006 yildan beri qidiruvda bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va shifokorlarning oylik ish haqini oshirish uchun 2022 yilda davlat budjetidan 350 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bepul davolanish orderi uchun 600 mlrd so‘m berilishi ta’kidlandi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida bir ayol va uning ikki voyaga yetmagan farzandi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ma’lum qilinishicha, u uyni isitish uchun tezak ishlatgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Meta Platforms Qozog‘iston hukumatiga o‘zining kontent haqida hisobot tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim qildi. Bunga Qozog‘iston hukumatining millionlab mahalliy foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqni bloklab qo‘yish bilan tahdid qilganligi sabab bo‘lgan. Tanqidchilar mamlakat hukumatini senzuraning yangi vositalariga ega bo‘lishga intilayotganlikda ayblamoqdalar.
COVID-19 qurbonlari sonining 5 milliondan oshgani, Tokioda erkak kishining o‘lim jazosiga hukm qilinish uchun metroda yo‘lovchilarga hujum qilgani, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov samolyotining Buyuk Britaniyaga kiritilmagani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting