Farg‘ona viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalarida 1,35 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Qonun buzilishlarining asosiy qismini umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish, hisoblash uskunalariga, ularning muhrlariga qasddan zarar yetkazish, shuningdek, ulardagi ko‘rsatgichlarni o‘zgartirish uchun ruxsatsiz ta’sir o‘tkazish kabilar tashkil etdi.
Qonunchilik palatasi Toshkent tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkentning Sergeli, Bektemir tumanlari va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yangihayot tumani tarkibiga 2131,2 gektar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qaror Oliy Majlis Senatiga yuborildi.
Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan Namangan viloyati Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Davlatobod tumanining umumiy maydoni — 4 686 gektar bo‘lib, uning tarkibiga Namangan shahrining 25 ta mahallasi o‘tkaziladi.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan viloyati Norin tumanida 23 yashar qiz jamoat joyida ikki nafar erkakni besabab do‘pposlab, tan jarohati yetkazdi. Jarohatlanganlardan biri uning bezorilik harakatlarining oldini olmoqchi bo‘lgan.
Turkiya sudi 2017 yilda Istanbulda terakt uyushitirib, 39 kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipovga 40 ta umrbod qamoq jazosi belgiladi. Qo‘shimcha tarzda, u yana 1368 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Masharipovda muddatdan avval ozodlikka chiqish huquqi bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiyaviy sud raisi Baxtiyor Mirboboyevga qaratilgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi. Unda Konstitutsiyaviy sudning sudyasi 70 yoshdan oshmagan bo‘lishi «qoida tariqasida», ya’ni majburiy talab sifatida qabul qilinishi kerak emasligi, B.Mirboboyevning vakolat muddati 2017 yildan hisoblanishi hamda qonun buzilishi holatlari mavjud emasligi ta’kidlanadi.
26 avgustdan boshlab tez yordam xizmatiga murojaatlar soni 29,3 mingdan 34,2 minggacha oshgan. Tana harorati oshgani sabab chaqiruvlar esa 2,5 mingdan 3,5 mingtagacha ko‘paygan.
Yarim yillik tanaffusdan so‘ng 7 sentyabr kuni 330ga yaqin maktablarda o‘quv yili boshlandi. O‘zbekistonning turli hududlaridagi maktablarda birinchi o‘qish kunidan fotolavhalar.
O‘zbekistonda kuniga 30 mingdan 40 mingtaga koronavirusga test tahlili o‘tkazilayotgani va shundan 200−300 tagacha holatda musbat natija aniqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Endilikda Rossiyada turar joyi bo‘lgan va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxs mezbon sifatida boshqa chet el fuqarosini o‘z uyiga joylashtirishi yoki uni o‘z uyida yashash joyi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi.
Xalq ta’limi vazirligi birinchi o‘qish haftasini tashkil etishda ota-onalardan o‘z farzandlarini o‘qish va dam olish vaqtini taqsimlashga yordam berishga, erta yotishlarini nazorat qilishga va televizor oldida va kompyuterda o‘tkazadigan vaqtini cheklashga tavsiya berdi.
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, epidemiolog Rustam Ikromov dezinfeksion tunnellardan foydalanishda davom etish kerakligini ta’kidladi. Uning aytishicha, hozirga qadar dezinfeksion tunnellarni samarasiz degan ilmiy maqolalar yoki nufuzli idoralarning ko‘rsatmalari berilmagan. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi dezinfeksiya tunnellarining koronavirusga qarshi kurashda eng foydasiz vosita ekanligi haqida bayonot bergan edi.
O‘zbekiston iyul oyida 11,6 tonna oltin eksport qilib, dunyo mamlakatlari orasida oltin sotish bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.
Dunyoning birinchi raqamli tennischisi serbiyalik Novak Djokovich tanaffusga chiqish paytida to‘pni bilmasdan hakamga qaratib yo‘llagani uchun AQSHning tennis bo‘yicha Ochiq chempionatidan (US Open) chetlatildi.
«O‘z milliy madaniyating, mumtoz merosing himoyasi va rivoji uchun hukumatga qanchalik taklif kiritmagin, barchasi bekor ketmoqda», — badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Husniddin Ato konsert faoliyatini litsenziyalash tartibi mumtoz musiqa rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi, ushbu sohadagi xonanda va sozandalarga qiyinchilik tug‘dirishi haqida.
Amaldagi Mehnat kodeksi 23 yil oldin kuchga kirgan edi va vaqtinchalik dastur sifatida ko‘rilayotgan edi. Parlament quyi palatasining yig‘ilishida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ustida ish boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, ish bilan ta’minlash, individual mehnat munosabatlari, ishchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnatga oid nizolarni ko‘rib chiqish kabi qoidalar kiritilishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlarga, shu jumladan ta’lim olish maqsadida kirish uchun qo‘yilgan asosiy talablarini e’lon qildi.
Pandemiya paytida odamlar transportdan kamroq foydalana boshlashdi, bu esa havoni ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining keskin pasayishiga olib keldi. Biroq, BMT mutaxassislarining ta’kidlashicha, havo sifati boshqa ifloslantiruvchi vositalarga ham bog‘liq.
Ikki kun davomida respublika hududi salqin antitsiklon ta’sirida bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmidagina havo isiy boshlaydi. Harorat oyning shu davri uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yordan 3−6 darajaga pastroq bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbsoari Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, agar kasallanish holatlari kamayib borsa, Rossiya bilan aviaqatnovlar tiklanishi mumkin. 5 sentyabrdan keyin karantin choralarining yumshatilishidan so‘ng mamlakatdagi epidemiologik holatni baholash uchun vaqt talab etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting