O‘zbekistonda kun davomida 485 ta koronavirus holati qayd etilib, umumiy ko‘rsatkich 15 mingdan oshdi. 349 kishi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda infeksiyani yuqtirib olgan. 39 ta holat esa aholi orasida aniqlandi.
Koronavirus pandemiyasining tashqi bozorlarga ta’siri sababli, O‘zbekistonda olinadigan tabiiy gazning Xitoyga eksporti 3 baravarga qisqardi, Rossiyaga eksport to‘xtatildi.
Koronavirus bilan og‘rigan bemorlar endi xususiy tibbiyot muassasalarida davolanishlari mumkin. Import qilinadigan kislorod konsentratlari bojxona bojidan ozod etiladi.
O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan bemorga 5 metr masofada yaqin kelgan barcha foydalanuvchilarga PUSH-xabarnoma ko‘rinishida kasal bilan aloqada bo‘lganlik ehtimoli to‘g‘risida va keyingi xatti-harakatlar bo‘yicha tavsiyalar beradigan mobil ilova ishlab chiqildi.
Davlat moliyaviy nazorat departamenti 6 oyda 81,7 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflanganini aniqladi. Eng ko‘p qonunbuzilish holatlari ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida, hududlar kesimida Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Jizzax, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryoda qayd etildi. 57,4 mlrd so‘m byudjetga qaytarildi.
Amerikaning Honeywell kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga «Yevro-5» standartidagi benzin ishlab chiqarish texnologiyasini taqdim etdi. Kompaniya bilan texnologik uskunalar hujjatlari paketini ishlab chiqish bo‘yicha bitim va litsenziya shartnomasi ham imzolandi.
Turkmanistonda masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodat muassasalari hamda ziyoratgohlar profilaktika maqsadida vaqtinchalik yopildi. Shuningdek, mamlakatga tashrif buyurgan JSST rasmiy delegatsiyasi Turkmanistonda COVID-19 bilan bog‘liq holatlar qayd etilmaganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda yana 204 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy soni 15 mingtaga yaqinlashdi. Yangi holatlarning 126 tasi poytaxtda, 34 tasi Toshkent viloyatida aniqlandi.
Toshkentda 6 iyulda koronavirus alomatlari paydo bo‘lgan 53 yoshli erkak bemor hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 73 nafarga yetdi.
Sulton Tex Group kompaniyasi bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuxrat Teshayevni sudga berdi.
2020 yilning birinchi yarmida mamlakat ichki bozorida chet el valyutasiga bo‘lgan talab $8,2 mlrd, umumiy taklif hajmi esa $4,3 mlrdni tashkil etdi. Markaziy bank ichki valyuta bozoriga $2,2 mlrd intervensiya kiritdi. Shuningdek, yil boshidan milliy valyuta kursi 7,2 foizga qadrsizlandi.
16 iyul kuni O‘zbekistonning uchta yo‘lovchi poyezdi Rossiya va Qozog‘iston chegarasidagi 2100 dan ortiq o‘zbekistonlik yo‘lovchilarni mamlakatga qaytarish uchun Toshkent tomon yo‘l oldi. Poyezdlar Milliy gvardiya, IIV va SSV xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.
Twitter ijtimoiy tarmog‘iga xakerlar tomonidan hujum uyushtirilib, Ilon Mask, Bill Geyts, Barak Obama va boshqa mashhur shaxslar sahifalari orqali bitkoin bo‘yicha yolg‘on xabarlar tarqatildi. Xabarlar sayt administratsiyasi tomonidan o‘chirildi.
Adliya vazirligi matbuot kotibi Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi bosh yuriskonsulti Adhamjon Dexkanov vafot etganini, hamda unda COVID-19 infeksiyasi aniqlanganini ma’lum qildi.
«O‘zbekiston 24» telekanali poytaxtning Bektemir tumani hokimligi xodimi yerni rasmiylashtirib berish uchun $4000, SISI dotsenti — $10 ming, Urgutdagi poliklinika shifokori — $18 ming, NDPI dekani o‘rinbosari — $3000 va xodimi $8000 hamda BDU o‘qituvchisi — $4000 pora olayotganlarida DXX tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
MDH mamlakatlari oktyabr oyida xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga to‘g‘ri kelmaydigan maqsadlarda axborot texnologiyalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilishni rejalashtirishmoqda.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning aytishicha, endilikda prezident topshirig‘iga binoan 103 raqamiga telefon qilinganda band bo‘lish holatiga chek qo‘yiladi. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam xizmati 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda yetib kelishi va COVID-19 ga test natijalarini uzog‘i bilan bir kunda chiqarilishi ta’minlanadi.
Vafot etgan yana bir nafar IIV xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini vazirlik matbuot kotibi «Gazeta.uz» ga tasdiqladi.
Koronavirus bemorlari soni 206 nafarga ortib, jami 14787 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Karantin markazida (53), Toshkent shahrida (101) Surxondaryo viloyatida (35) va Qoraqalpog‘istonda (17) qayd etildi. Shu bilan birga, COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 72 nafarga yetdi.
Prezident qarori bilan Abduhakim Xadjibayev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting