2024-yilda muomaladagi naqd pul ulushi 21,5% dan 19,2% gacha kamaydi, deb xabar qildi Markaziy bank. Kartadan pul yechib olish ulushi ham pasaydi.
O‘zbekistonda muomaladagi 200 ming so‘m nominaldagi banknotlar ulushi 18,6% dan 23,4% gacha o‘sdi, 100 ming so‘mlik kupyuralar ulushi esa 40,9% gacha kamaydi. MB qo‘shimcha ravishda 54,5 mlrd so‘mlik yangi tangalarni muomalaga chiqardi.
“Toshshahartransxizmat” avtobus boshqaradigan ayollar sonini oshirishni reja qilmoqda. Hozir ishlayotgan 2 ayol haydovchining ishi tashkilotga yoqqan: ular kamroq qoida buzadi, yo‘lda telefondan foydalanmaydi, o‘z vaqtida ishga kelib-ketadi. AJ 500 nafar ayolni haydovchilikka o‘qitib, 200 ta avtobusda ishlatish niyatida.
O‘zgidromet 18−22-yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Buxoro — Moskva yo‘nalishidagi samolyoti Rossiya aeroportiga qo‘nish paytida dvigatellaridan biri ishdan chiqdi. Ekipaj zaruriy choralarni ko‘rib, havo kemasini muvaffaqiyatli qo‘ndirdi.
Braziliya hukumati mamlakatdagi boshlang‘ich va o‘rta maktablarda smartfonlardan foydalanishni chekladi. Ta’lim vazirligining ta’kidlashicha, prezident tomonidan imzolangan qonun “bolalar va o‘smirlarning ruhiy, jismoniy hamda psixologik salomatligini himoya qilishga qaratilgan”.
Toshkent shahridagi harakat tarkibida hozir 1847 ta avtobus bor, ularning 1557 tasi kunlik yo‘nalishga chiqariladi. “Toshshahartransxizmat” rahbari o‘rinbosarining aytishicha, shahar maydoni, aholi, har yuz ming kishiga taqsimlangan avtobus sonidan kelib chiqib, poytaxtga 3000 ta avtobus yetarli bo‘ladi.
Deputatlar mahalla raislarining vakolat muddatini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qildi. Spiker oldinda 40 dan ortiq qonun borligini ta’kidlab, hujjatni qabul qilishni tezlashtirishni taklif qildi. Mahalla raislari saylovi may oyida bo‘lib o‘tadi.
Davlat soliq qo‘mitasi 2025-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4,4 mln nafardan oshganini ma’lum qildi. Yil davomida ko‘rsatkich 76,5 foizga (1,9 mln nafar) oshgan. Eng yuqori o‘sish maishiy xizmatlar hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida kuzatilgan.
Samarqand shahrida 8-sinfda o‘quvchi qiz o‘zini 8-qavat yo‘lak derazasidan tashlab halok bo‘ldi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza va mas’ul idoralarga xizmat tekshiruvi tayinlandi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino aktyori Ravshan Jo‘rayev 63 yoshda vafot etdi.
“O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Fozilbek Masharipov “Afrosiyob” chipta narxlarining qimmatligiga e’tiroz bildirayotgan odamlarga arzon poyezdlardan foydalanishni tavsiya qildi. “Baland narxli poyezdlarimizdan norozi bo‘lishsa, marhamat, bizda oddiy poyezdlarimiz ham o‘sha joyga boradi”, — dedi u.
Buxoroning Qorako‘l tumanidagi Poykent manzilgohidan miloddan avvalgi va milodiy I asrlarga tegishli jangovar qurol-aslahalar topildi. Ular orasida olovni tashishda ishlatilgan qo‘ng‘iroq hamda hali vazifasi aniqlanmagan aylana shakldagi qurilma ham mavjud.
O‘zbekiston va BAA prezidentlarining muzokaralari yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Bundan tashqari, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish hamda moliyaviy-texnik hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar imzolandi.
2024-yilda davlat va xususiy sektor bo‘yicha O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lagan top-10 korxona e’lon qilindi. Davlat korxonalari orasida “NKMK”, “OKMK” va “Navoiyuran” yetakchilikni saqlab qoldi, xususiy sektorda UZBAT va Tashkent Tobacco yetakchi bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev va BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon 2025−2027-yillarni O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri deb e’lon qildi. Bunda 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish asosiy vazifa etib belgilandi.
Abdujabbor Egamberdiyev Kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyati kengashi raisi bo‘ldi. U 2022-yilda prezident buyrug‘i bilan “davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib harakatlari” uchun Andijon tumani hokimligidan olingandi. Sud unga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlab, so‘ng shartli ozod qilgan.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiyi Temur Kapadze Qozog‘iston nashriga qisqa intervyu berib, Abduqodir Husanov transferi, Qozog‘iston va O‘zbekiston futboli haqida gapirdi. “Shunday nomdor klub va murabbiy Husanovni taklif qilgani uchun futbolchimizdan juda xursandmiz va faxrlanamiz”, — dedi u.
UzAuto Motors 16-yanvar kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt Midnight avtomobili uchun kontraktatsiyani ochadi. Kompaniya avvalgi shartnomalar bo‘yicha to‘lovi vaqtida amalga oshirilmagan avtomobillarga qayta shartnoma tuzadi.
Organik va organik-mineral o‘g‘itlar xavfsizligi to‘g‘risida texnik reglament yangi tahrirda tasdiqlandi. U organik va organik-mineral o‘g‘itlarning xavfsizligiga, ularning ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga, yo‘q qilishga, qayta ishlashga hamda sotishga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting