Navoiy shahridagi 6-maktabda o‘qituvchi krossovkada kelgan bolalarga tanbeh berdi. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga sport poyabzalida kelmasligi kerak, degan talab mavjud emasligini bildirdi.
Boysun tumanida yuk mashinasi urib yuborgan 4 yoshli bola vafot etdi. Uni opasi bog‘chadan olib qaytayotgan bo‘lgan va opasini kutmasdan yo‘lning belgilanmagan joyidan yugurib o‘tmoqchi bo‘lganida halokatga uchragan.
Besh oy avval “faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun” ishdan olingan “O‘zbekiston temir yo‘llari” sobiq raisi Husnutdin Xosilov yana sohaga qaytdi. U kompaniyaning bosh muhandisi etib tayinlandi. Prezident u ishdan olingan yig‘ilishda “xiyonat qilganga o‘rin yo‘q”, deya ta’kidlagandi.
UzAuto Motors mijozlarga avtomobillarni dilerlik markazidan 5 ish kuni ichida olib ketishni eslatdi. Aks holda kompaniya avtomobilni navbat tartibi asosida keyingi mijozga berishga majbur bo‘ladi.
Alisher Qodirov yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishga jamoat transporti jozibadorligini oshirish bilan erishishni, buning uchun esa xususiy transportlardan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatishni qimmat qilish kerakligini aytdi. Spiker o‘rinbosari bu borada Xitoy va Singapurni misol qilib keltirdi.
2024-yilgi hosil mavsumidan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tovar-xomashyo birjasi orqali tuziladi. Fermerlar ortiqcha xomashyoni, shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan yetishtirilgan paxtani erkin sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fermer va klasterlarni kreditlashning yangi tizimi joriy etiladi.
Benzinga talab ortib borishi fonida Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘i ishlab chiqarishni 21,2 foizga — 4 ming tonnagacha oshirdi. “O‘zbekneftgaz”, shuningdek, mahalliy SDK Group And kompaniyasi Rossiyadan Ai-92 K5 benzini importini oshirgani haqida xabar berdi.
Koreyaning Hanshin universiteti til kursida o‘qiyotgan 22 nafar o‘zbekistonlik talaba mamlakatdan aldov yo‘li bilan chiqarib yuborilgani haqida xabar tarqaldi. O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasiga ko‘ra, ular oliygoh talablariga bo‘ysunmagan, shuningdek, noqonuniy mehnat bilan shug‘ullangan. Holat o‘rganilmoqda.
Andijon viloyati hokimi ko‘chada ishlayotgan ichimlik suvi ta’minoti xodimlariga 4 million so‘mdan pul berdi. Tarqatilgan pullar homiylik mablag‘lari hisobidan ekani ma’lum qilindi.
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, bu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 8-sinf o‘quvchisi tok urishi oqibatida vafot etgani ortidan maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari qamoqqa olindi.
S&P reyting agentligining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainadagi urushi salbiy ta’sirlariga yetarlicha yaxshi turib bermoqda, biroq davlat korxonalari qarzining davlat balansiga o‘tkazilishi, budjet taqchilligi, shuningdek, siyosiy qarorlarni bashorat qilish qiyinligi bilan bog‘liq risklar mavjud.
Payshanba kuni noqulay ob-havo sababli Namangan aeroporti faoliyati vaqtincha cheklandi. Red Wings aviakompaniyasining Maxachqal’a — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha reysi Farg‘ona xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi. Yo‘lovchilar Namanganga yerusti transporti orqali yetkaziladi.
Uzbekistan Airways 23−29-dekabr kunlari oralig‘ida talabalar uchun taqdim etilgan chegirmalarni hisobga olgan holda qo‘shimcha mahalliy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.
Toshkent viloyati hokimi gaz va elektr energiyasi bo‘yicha muammolarni “bugun-erta” hal etish topshirig‘ini berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi rahbarlar vaziyatning jiddiyligi haqida gapirganda “pashshadan fil yasamoqda”. “Ahvol G‘azo sektori va Ukrainada jiddiy. Qolgan joyda bartaraf qilsa bo‘ladi”, — dedi u.
O‘zbekistonda dekabr oyining ikkinchi yarmida kechalari havo harorati 0…-5 daraja sovuqdan −3…−8 darajagacha, kunduzi +5…+10 daraja iliqdan +7…+12 darajagacha o‘zgarib turadi. Oy oxirida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.
Uchtepa tumanida Yutong rusumli elektrobus yo‘ldagi muzlamada boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi simyog‘ochga urildi. Hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘q.
IQAir indeksiga ko‘ra, 14-dekabr kuni Toshkent shahrida ifloslanish darajasi me’yordan 55 baravarga oshib, havo sifati “xavfli” deya qayd etildi. Poytaxtda atmosfera quyi qismi zaharli tutun bilan muallaq o‘ralib turibdi.
O‘zbekiston bo‘ylab 11 oy davomida daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olish oqibatida 58 ta jinoyat ishi qo‘hg‘atilgan. Ushbu faoliyat sabab tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. Senatda shu yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Emine Karamanova taxallusi bilan tanilgan bloger Lemara Mirzaaxmedovaga nisbatan 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U tuhmat, haqorat qilish va tovlamachilik jinoyatlarida aybli deb topildi. Bir epizod bo‘yicha jabrlanuvchi Yangiyo‘l tumani hokimligi xodimi ekani aytilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting