Saudiya Arabistonida o‘tgan Arab-islom sammitida G‘azodagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatish muhokama qilindi. Unda qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov a’zo davlatlarni Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa maskanlar daxlsizligini ta’minlashda imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirdi.
Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov mamlakatning g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘li qurilishini ma’lum qildi. Bu yo‘l Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi shakllantirishni yakunlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi 1−2-dekabr kunlari Dubay shahrida o‘tkaziladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha jahon sammitida ishtirok etadi. Unda O‘zbekiston milliy, mintaqaviy va global darajada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.
Dushanba kuni Toshkentdagi “Chuqursoy” podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik sababli Yunusobod, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida issiq suv va isitish tizimi vaqtincha o‘chiriladi. Hokimlik ta’minot yarim tunga qadar tiklanishini bildirdi.
UNICEF`ning O‘zbekistondagi sobiq rahbari Munir Mamedzadega ko‘ra, 200 ga yaqin o‘zbekistonlik bola va ayollar hamon Suriya lagerlarida va vataniga qaytishlarini kutmoqda. U o‘tgan “Mehr” operatsiyalari doirasida qaytarilganlarning reintegratsiya jarayoni uchun ijtimoiy soha xodimlari o‘rni muhimligini ta’kidladi.
Dubayda (BAA) yengil atletikaning yarim marafon yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar yakkalik va jamoaviy bahslarda ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bu hafta havo harorati kundan-kunga ko‘tarilib, ish haftasining yarmida kunduzi +27 darajagacha yetadi. Bunday harorat foni noyabr o‘rtalari uchun iqlim qiymatlaridan +5…+8 daraja yuqori.
BMT Isroilning Falastin va Suriyadagi bosib olingan hududlarida qurilgan aholi punktlarini noqonuniy deb topdi. Bu bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini 145 ta mamlakat orasida O‘zbekiston ham ma’qulladi.
Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 1988 tonna ko‘mirni sotib yuborgan ko‘mir ombor mudirlari aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l kompaniyalari rahbarlari Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif temiryo‘lining bir qismini ta’mirlashga kelishib oldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Zufar Narzullayev ta’mirlash ishlarini “sifatli, qulay narxda va 50 foizlik chegirma bilan amalga oshirishga” va’da berdi.
Roppa-rosa 14 yil avval Toshkentning Amir Temur xiyobonida daraxtlarni kesish boshlangan edi. “Gazeta.uz” guvohlar bilan “skver qirg‘ini” haqida gaplashdi va rasmiylar buni qanday izohlaganiga doir OAVdagi chiqishlar arxivini o‘rgandi.
DXX 20 ming dollar pora olishda gumonlangan “Bek Baraka” bozori direktori o‘rinbosarini, Xorazmda ishga kiritib qo‘yish uchun 1400 dollar va 1,2 mln so‘m pul olgan Milliy gvardiya xodimini hamda Toshkentda sud qarorini o‘zgartirib berish uchun fuqarodan 5 ming dollar olgan advokatni qo‘lga oldi.
Andijon, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlari “Ko‘mir ta’minot” korxonasi mudirlari 3 ming tonnadan ortiq ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlandi. Ular kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mirni sotib yuborgan.
HONOR brendining yangi “ovoz elchisi” ommaviy ovoz berish jarayonida yirik farq bilan g‘olib chiqdi va sovg‘a sifatida gadjetlar to‘plamini qo‘lga kiritdi.
DXX huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 4 ta hududda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘ydi. Xususan, Davlat kadastrlari palatasining O‘rta Chirchiq tumani filiali xodimi 15 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingani aytilmoqda.
Ikkinchi bor o‘tkazilgan neft-gaz sohasidagi “Eng fidoyi ustoz” tanlovining 13 nafar g‘olibiga 70 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari topshirildi. 383 nafar nomzodga 5,5 ming nafar talaba, soha ishchilari va ustoz-murabbiylar ovoz berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jashmid Qo‘chqorov O‘zbekistonda uy-joy sotib olish uchun subsidiyalarning bir qismi doimiy daromadi bo‘lmagan ehtiyojmand oilalarga ajratilayotganini ma’lum qildi. Natijada ular subsidiyadan foydalana olmayapti. Shu bois ularga yordam berish tartibini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi O‘zbekiston shaharlarida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarni o‘rnatish loyihasini amalga oshirmoqda.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud davom etmoqda. 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda farzandi dori iste’molidan so‘ng vafot etgan besh jabrlanuvchi ko‘rsatma berdi. Ularning ba’zilari bir necha mlrd so‘mlik moddiy kompensatsiya talab qildi, aksariyati ayblanuvchilarga nisbatan eng og‘ir jazo tayinlanishini so‘radi.
2024-yil 1-yanvardan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting