Qator davlatlarda koronavirusning pirola nomli yangi shtami keng tarqalmoqda, u omikrondan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi hozirgacha mamlakatda bu shtamm qayd etilmagani va vaziyat barqaror ekanini bildirdi.
Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan aktivlarini qaytarish uchun tuzilgan Uzbekistan Vision 2030 jamg‘armasi BMTning yangi loyihasini moliyalashtirish uchun 43,5 mln dollar ajratdi. U O‘zbekistonda oldini olish mumkin bo‘lgan onalar va chaqaloqlar o‘limini kamaytirishga qaratilgan.
Yashnobod tumanida qurilish kompaniyasi rahbari xonadon sotib olmoqchi bo‘lgan 23 kishi bilan soxta oldi-sotdi shartnomasini tuzib, ularning 4 mlrd so‘mdan ortiq pulini qo‘lga kiritgani aniqlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va boshqa moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘tgan haftada O‘zbekiston viloyatlarida un va non narxi keskin oshdi. Bu Qozog‘istondan import qilinadigan g‘alla narxining oshishi fonida sodir bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi narxlarning o‘sishini mavsumiy tebranishlar bilan izohladi va rossiyalik treyderlar harakatiga ham ishora qildi.
Farg‘ona shahrida patrul-post xizmati xodimi ayolni tepib, uni mashinaga o‘tirg‘izgani aks etgan video tarqaldi. IIV ayol bolasi bilan yo‘lda tilanchilik qilayotgani uchun olib ketilgan bo‘lishi mumkinligi, holat o‘rganilayotganini bildirdi. Bu qo‘pol munosabatni oqlab bo‘lmaydi, — deya ta’kidlaydi vazirlik.
UzAuto Motors Chevrolet Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillari uchun yana bir bor cheklangan miqdordagi kontraktatsiyani ochdi. Shartnomalarni Chevrolet`ning vakolatli dilerlik markazlarida tuzish mumkin.
Toshkentda 22-sentabr kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘lib o‘tadi. Aholiga piyoda yurish, velosiped va jamoat transportidan foydalanish tavsiya etiladi.
Londonda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2024-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi.
Qozog‘istonda 1929−1956-yillardagi siyosiy qatag‘on qurbonlarining 2,4 milliondan ortiq arxiv kartochkalari maxfiylikdan chiqarildi. Surgun qilinganlar, maxsus ko‘chirilganlar va jinoiy javobgarlikka tortilgan 311 ming nafar shaxs reabilitatsiya qilindi.
Markaziy bank “avtokreditlash yuqori sur’atda o‘sayotgani”dan xavotirda, chunki bu bank tizimi uchun xavf tug‘diradi. Shu bois regulyator talablarni kuchaytirishga qaror qilgan, bu faqat “standartlardan tashqariga chiqqan” banklarga taalluqli bo‘ladi, dedi regulyator rahbari Mamarizo Nurmuratov.
20−22-sentabr kunlari yog‘ishi kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning 7 ta viloyatida sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin.
Kogon tumanida tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib, 26,1 mlrd so‘m zarar yetkazgan tadbirkorlar aniqlandi. Ular 11 va 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Valyuta operatsiyalari bo‘yicha hujjat Bank nazorati qo‘mitasi qarori bo‘lib, unga ko‘ra banklarga mijozlarni nazorat qilish va sanksiya risklarini kamaytirish choralarini ko‘rish topshirilgan, dedi MB raisi. Xorijiy banklar O‘zbekistonda mijozlar yetarli darajada tekshirmagani uchun to‘lovlarni ma’qullamadi, dedi u.
Farg‘ona viloyatidagi restoranda tilla solingan taomlar tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Fatvo markazi oltin va kumushni taomga qo‘shib tanovul qilish durust va halol emasligini bildirdi. Shuningdek, bu molni isrof qilish va ne’matlarning qadrini yerga urishdir, deydi markaz.
Toshkent shahridagi 2984 ta reklama va axborot obyektlari noqonuniy joylashtirilgani, 6004 tasi esa talablarga mos emasligi aniqlandi, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi. Qolaversa, 159 ta reklama davlat tilida emas, balki boshqa tillarda berilgan.
Seshanba kuni O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelib, harorat pasayadi. Hafta davomida harorat kunduzi +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda kuchli bo‘ladi. Ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Milliy turoperator Asialuxe Travel Maldiv orollarida ta’tilni oldindan band qilishning afzalliklari haqida gapirib berdi.
Markaziy bank ikkilamchi bank hisob raqamlari orqali chet el valyutasi tovarlar importi doirasida noqonuniy olib chiqib ketilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Komplayens-nazorat choralaridan asosiy maqsad banklar va tadbirkorlik subyektlari sanksiya cheklovlariga tushishining oldini olish, dedi MB raisi.
Ar-Riyodda o‘tgan Jahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasida Buyuk ipak yo‘lining O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi 31 ta obyektidan iborat Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza (jami 7 ta) medalini qo‘lga kiritdi. Bu bilan jamoa Xitoydan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting