JSTga a’zo bo‘lish haqida gapirgan Shavkat Mirziyoyev, prezidentning BMT Bosh assambleyasidagi nutqi, Toshkentda gul ekishga 12 mlrd so‘m pul, bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi boshlangani, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi haqida so‘zlagan Codiq Safoyev va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Iqtisodiyot vazirligi olti oyda 2,6 mlrd kub metr — 2022-yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobar ko‘p gaz import qilganini bildirdi. Bu Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi sobiq prezident Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Samat Abishga nisbatan tergov boshladi. U 2022-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.
Ispaniyalik Xose Venansio Lopes O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi. U jamoani 2024-yil O‘zbekistonda o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi. Mutaxassis jamoa bilan mashg‘ulotlarni Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng boshlaydi.
Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo hududlaridagi filiallariga 100 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berildi. Yil yakunigacha yana 500 dan ortiq mashina yetkaziladi.
Buxoroda hokim yordamchisi mahallada yashamaydigan shaxslar nomiga 163 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, ularni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlandi. Endi chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichiriladi. Homilador va emizikli ayollarga yod preparatlari oilaviy shifokorlar tomonidan beriladi.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tan olinmagan respublika armiyasi qurolsizlantiriladi. Ozarbayjon vakillari bilan hududdagi armanlarning reintegratsiyasi yuzasidan muzokara o‘tkaziladi.
Yilning birinchi yarmida Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi gaz qazib olish bo‘yicha mahsulot taqsimlash bitimiga binoan O‘zbekistonga 103,1 million dollar to‘ladi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Boshqa MTB loyihalari uchun ma’lumotlar berilmagan.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini ta’kidladi. “Ishonchim komilki, Ozarbayjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon hududlaridan biriga aylantiradi”, — dedi u.
O‘zbekiston hududlaridan o‘tuvchi “Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiat obyekti YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. U Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallaydi.
Toshkent shahri kengashi deputatlari poytaxtda mavsumiy gul ekish uchun 12 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.
BMT va uning institutlari “O‘zbekiston-2030” islohotlar strategiyasini amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyor, dedi tashkilot rahbari Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda.
Rossiya manfaatlarini yorituvchi “Vesti.uz” sayti O‘zbekistonda RF tomonidan maktablar qurilishi haqidagi taklifni savol ostiga olgan tarmoq faollarini “G‘arb elchixonalariga sotilgan blogerlar” deb atadi. Saytning yozishicha, Rossiya maktablarida “Ukrainani natsizmdan tozalash haqidagi haqiqat” o‘rgatiladi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2023-yilda global iqtisodiy o‘sish o‘rtachadan past darajada — 3 foiz bo‘lib qoladi. Ekspertlar aksariyat mamlakatlarda inflyatsiya markaziy banklar maqsadli ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishda davom etishini kutmoqda.
UZINFOCOM yagona integratori K-root DNS serverini ishga tushirdi. O‘zbekistonda ildiz serverni joylashtirish veb-resurslarga kirish jarayonini tezlashtirishi va xorijiy serverlarga tobelikni kamaytirishi aytilmoqda.
Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “C5+1” formatidagi 1-sammiti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy iqtisodiy aloqalar va energiya xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratildi. AQSh “C5+1” doirasida yangi platformalar yaratishni taklif qildi. Tafsilotlar.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi 26 ta elektr taqsimlash podstansiyasini raqamlashtirish uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi esa 70 million yevro ajratdi. Bu ekstremal ob-havo hodisalari paytida mintaqaviy elektr energiyasi uzilishlarining oldini olishga yordam berishi kutilmoqda.
Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida 40 yoshli o‘zbekistonlik erkak kuchli yong‘in ichida qolgan koreyalik ayolni qutqarib qoldi. Ayol 2-darajali kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan, erkakka voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Keyingi yil oxirigacha my.gov.uz portalidagi raqamli xizmatlar soni 700 taga oshadi, ularning kamida 75 foizi mobil ilova orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, yashil hududlar, poytaxtdagi jamoat transporti harakati kabilar haqida ma’lumot beruvchi portallar ishga tushadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting