Ramazon hayitida 3 kun dam, haftalik ob-havo prognozi, poytaxtning yangi hokimi qarorlarining deyarli yarmi jamoatchilikdan yashirilgani, avtobusda ayol va erkaklar hududlari belgilangan e’lonlar, 5 qavatli bino qurilishidan norozi “Rakat” mahallasi aholisi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
O‘zbekiston tumani hokimligining yer nazorati inspektori hokimiyat balansidagi 3 gektar yerni ochiq elektron platforma orqali yutib berish evaziga 4 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Madaniyat vazirligi 15,5 mlrd so‘mga xarid qilgan ko‘chma sahnali yuk mashinalari taqdimoti o‘tkazildi. Transformer 2,5 soatda o‘rnatiladi, 10 ming kishiga mo‘ljallangan va alohida generatori mavjud. Ozodbek Nazarbekovning aytishicha, ular tog‘li hududlarga borib, aholiga xizmat ko‘rsatadi. “Gazeta.uz” reportaji.
Osiyo Futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi futbolchisi Shaxriyor Jabborovning doping testida “taqiqlangan modda aniqlangani” sababli uni vaqtincha diskvalifikatsiya qildi.
Davlatobod tumanida ohak ishlab chiqaruvchi korxona 4 mlrd so‘mdan ortiq gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov ushbu lavozimga tayinlanganidan buyon bir oy o‘tmay 35 ta qaror imzolagan bo‘lsada, ularning deyarli yarmi jamoatchilikdan yashirilgan. Qabul qilingan 14 ta farmoyishdan 4 tasi ham mavjud emas.
Dam olish kunlari Germaniyada ishlab kelayotgan so‘nggi uchta AES elektr tarmog‘idan uzildi. Bu 2022-yilda amalga oshirilishi kerak edi, biroq Rossiyadan gaz yetkazib berishning qisqarishi tufayli keyinga qoldirilgandi. Ushbu AESlar mamlakatdagi atigi 6 foiz elektr energiyasini ishlab chiqarayotgandi.
Toshkent shahridagi “Rakat” mahallasi aholisi o‘z ko‘chasida loyihada ko‘zda tutilgan 3 qavatli uy o‘rniga 5 qavatli bino qurilayotganidan norozi bo‘lmoqda. Qurilish boshqarmasi va MIB buyurtmachiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha talabnoma yuborganini ma’lum qildi.
Dushanba, seshanba kunlari O‘zbekistonning katta qismida quruq, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +12…+15 daraja bo‘ladi. 19-apreldan harorat asta-sekin ko‘tariladi va +20…+25 darajaga yetadi.
17-apreldan Open budget portalida “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlandi. Loyihaga 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayoni 28-apreldan 7-mayga qadar o‘tkaziladi.
Poytaxt tumanlaridan birining mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i fuqaroga harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 dollar pora olgani aytilmoqda. Yana bir holatda monomarkaz direktori 300 dollar olganlikda ayblanib ushlandi.
17-apreldan 19-aprelgacha poytaxtning Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi ayrim hududlarda ichimlik suvi to‘xtatildi.
Farg‘ona viloyatida 8 oylik qizini 10 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi. U bu pulga kvartira sotib olmoqchi bo‘lgan.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining ma’lum qilishicha, Ramazon hayiti munosabati bilan barcha xodimlar ketma-ket 3 kun — 22−24-aprel sanalarida dam olishi mumkin.
Tijorat banklari 17-aprel kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 370 — 11 430 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 370 — 11 500 so‘m.
Toshkent shahridagi 43-yo‘nalish (Isuzu) avtobusining salonida ayollar va erkaklar alohida o‘tirishi uchun joylar mavjudligi haqida e’lonlar paydo bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” ular olib tashlanganini bildirib, ayollar va erkaklar teng huquqliligini eslatdi.
Toshkentda o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta — 1 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘rni kelsa prezidentlarni-da tanqid qilishdan toymagan, haqiqatparast va o‘ta sinchkov sudya sifatida tarixda qolgan Ginzburg xonimdan amerikalik ayollarning ko‘pi minnatdor. Chunki u boshlagan, qat’iy kurashgan muammolar nafaqat taqdirlarni o‘zgartirdi, ayolning jamiyatdagi o‘rnini ham uzil-kesil aniqladi.
Sergeli tumanida Cobalt to‘xtab turgan MAN yuk mashinasining tirkamasiga borib urildi. Oqibatda yengil mashina haydovchisi voqea joyida vafot etdi.
Tarmoqlarda Qozog‘istonga import qilingan 43 tonna pomidorda xavfli virus aniqlangani haqida xabar tarqalgandi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi buni rad etib, qo‘shni mamlakatdan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagani va e’tiroznoma jo‘natmaganini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting