O‘zbekiston yil davomida AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Asosiy mavzu uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘ldi. Qolaversa, Mudofaa vazirligi milliy armiyaning shayligini oshirish uchun qurolli to‘qnashuvlar tahlili olib borilayotganini bildirdi.
Yangi yilda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashga 14% ko‘proq mablag‘ ajratiladi. Qoraqalpog‘iston va besh viloyatda davlat tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha tajriba loyihalari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlari ish haqi oshishi kutilmoqda. Oilaviy shifokorlarga esa mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident farmoni bilan besh kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun 2025-yil 4-yanvar (shanba) kunidagi dam 2-yanvarga (payshanba) ko‘chirildi. Olti kunlik ish kunidagi xodimlar uchun 2-yanvar qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. Shu tariqa birinchi guruh olti, ikkinchisi esa ketma-ket besh kun dam oladi.
Prezidentga maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish rejalari olib kirildi. 2025-yilda 100 dan ortiq maktab qurish, malaka toifasi berishda yangi tizimga o‘tish, harbiy vatanparvarlik darsliklarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari ta’lim sifatini, ayniqsa, chekka tumanlarda yaxshilashni buyurdi.
Toshkent viloyatining Piskent tumanida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Qirqqizobod qishlog‘ida daydib yurgan och bo‘rilarni qidirish va zararsizlantirish ishlari boshlandi. Jonzotlarni hayvonot bog‘iga o‘tkazish rejalashtirilgan, dedi tuman hokimligi.
17-dekabrda Farg‘onadagi AYQShda portlash bo‘ldi. Hodisa oqibatida rasman 4 kishi vafot etgan. “Gazeta.uz” muxbirlari 20-dekabr kuni Farg‘onada bo‘lib qaytdi, ammo safar qariyb besamar o‘tdi: hodisa haqida deyarli hech kim gapirishni istamadi, gapirganlar esa keyinroq intervyusi chiqarilmasligini so‘radi.
O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati to‘xtatilishi sabablari va ularni demontaj qilish talabiga oydinlik kiritishni so‘rab deputatlik so‘rovi yubordi.
Tuman va shaharlar hokimliklari sakkizta vazirlik va idoraning bo‘lim rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish, shuningdek, ularni rag‘batlantirish va jazolash huquqiga ega bo‘ladi. 15 ta tumanda “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” huquqiy eksperimenti o‘tkaziladi.
UZTELECOM 200 ming so‘m evaziga “Hammasi Birga 3+Mobile” tarifini taqdim etmoqda.
Toshkentda “Milliy sport mukofoti-2024” taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda yilning eng yaxshi sportchilari nomiga Diyora Keldiyorova va Hasanboy Do‘smatov loyiq ko‘rildi. Eng yaxshi parasportchilar Nurxon Qurbonova va Xusniddin Norbekov bo‘ldi. “Gazeta.uz” taqdirlash marosimidan reportaj tayyorladi.
O‘zbekistonda elektr, gaz va suv hisoblagichlarini tekshirish bo‘yicha davlat xizmatlari proaktiv formatga o‘tkazilmoqda. Ya’ni ular fuqarolarning murojaatlarisiz tekshiriladi. Yana oltita xizmat kompozit formatda taqdim etiladi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bosh direktori Quvondiq Sanaqulov O‘zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga O‘zbekistonda hokimliklar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Viloyatlar hokimliklari boshqaruv apparatining yangi namunaviy tuzilmasi tasdiqlanmoqda.
Tataristonda ishchilarning vaqtinchalik yashash uyi yonib ketdi. U yerdan 6 erkakning jasadi topildi, ularning 5 nafari o‘zbekistonlik. Qozondagi Bosh konsulxona diplomatlarni voqea joyiga jo‘natdi va vaziyatni nazoratga oldi.
Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroporti hududida joylashgan maydonlarni ijaraga berish uchun tegishli lotlarni auksionga joylashtirdi. Tez kunlarda poytaxt aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida kitob do‘koni tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Adliya vazirligida “Advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlarni taqdim qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlar har bir hisobot davri uchun taqdim etiladi.
FVV xodimlari Bo‘stonliqdagi tog‘da adashib qolgan 5 kishini qutqardi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
O‘zbekistondagi ilk to‘laqonli onlayn maktab — Leader Online qanday ishlaydi? Unga kimlar “qatnaydi”? Maktab o‘z faoliyati davomida qanday yutuqlarga erishdi? Mamlakatda onlayn ta’limning rivojiga nimalar xalal bermoqda? “Gazeta.uz” shu haqda Feruza Vahobova boshliq maktab jamoasi bilan suhbatlashdi.
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 83 yoshda vafot etdi. U “Masxaraboz”, “Sevginator”, “Sehrli qalpoqcha” kabi filmlar va ko‘plab spektakllarda rol o‘ynagan.
Shavkat Mirziyoyev 25−26-dekabr kunlari MDH va YOII sammitlarida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi. Yig‘ilishlarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting