Tijorat banklari 3-avgust kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 580−11 660 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 700−11 715 so‘m.
Prezident muammoli kreditlar ko‘pligi sababli Markaziy bankning 2 viloyatdagi boshqarma boshliqlarini hamda bir qator bank filiallari rahbarlarini ishdan bo‘shatish tavsiyasini berdi. Shuningdek, u oilaviy kreditlar hisobidan texnika va mahsulotlar xarid qilish tizimini ham tanqid qildi.
Markaziy bank rahbari davlat banklarini xususiylashtirish nega kechiktirilayotgani haqida gapirib, “bu nafaqat bizning xohishimizga, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq”, deb ta’kidladi. O‘tgan yilgi geosiyosiy inqiroz investorlarning postsovet mamlakatlari bozoriga kirishini qiyinlashtirgan.
Farg‘onada telefoniga javob bermagani uchun Yandex haydovchisi mashinasining oynalarini tosh bilan sindirgan erkakka jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va gumonlanuvchi ushlandi. Ushbu voqeaga guvoh bo‘lib, biror chora ko‘rmagan IIB xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Ta’limning qiymatini o‘z vaqtida anglagan, eng murakkab davrlarda ham sohani o‘z holiga tashlab qo‘ymagan, ko‘p sonli aholisi va nisbatan kichik iqtisodiyoti bilan ta’limga yuqori ustuvorlik bergan Vyetnam bugun aksariyat ko‘rsatkichlarda mintaqada yetakchilik qilib, rivojlangan davlatlar bilan raqobatlashmoqda.
Samarqandda suv omborida cho‘kib ketgan 4 nafar yigit, mamlakatdagi uy-joy narxlari, yana qimmatlagan Ai-92 benzini narxi, Buxoroda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pora, Toshkentdagi maktabda chiqqan yong‘in, odamlarning o‘rtacha maoshi tahlili va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Prezidentning Toshkent viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishida Namangan shahri va 15 ta tuman hokimining 16 nafar birinchi o‘rinbosari ham lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Bunga ushbu hududlarda qashshoqlik darajasi yuqoriligi sabab qilib ko‘rsatildi.
Prezident 26 ta soliq inspeksiyasi rahbarlari, ikkita viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ini ishdan bo‘shatish, shuningdek, Soliq qo‘mitasi rais o‘rinbosarlariga hayfsan e’lon qilish haqida topshiriq berdi. Soliq idoralari qo‘shimcha manba izlash o‘rniga “eski zamon kasaliga berilib ketishdi”, dedi u.
O‘zbekistonda har bir tadbirkorga muammolarni hal qilishga yordam beradigan soliq xodimi biriktiriladi, deya ma’lum qildi prezident. 1-sentabrdan boshlab tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisobotlarni taqdim etmaydi, 2024-yildan esa kichik biznes subyektlari elektron hisobot tizimiga o‘tadi.
Prezident Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari hamda ushbu tumanlarning 4 ta sektor rahbarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi. Shuningdek, viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga hamda qurilishga mas’ul o‘rinbosarlariga hayfsan e’lon qilindi.
Angrenda olti kunlik ish haftasiga qarshi bo‘lgan tekstil fabrikasi xodimlari yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Mahalliy hokimiyat organlarining aralashuvidan keyin vaziyat xodimlar foydasiga hal qilindi.
O‘zbekiston prezidenti “Qishloq qurilish bank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqalarni xususiylashtirish hamda aksiyalari IPO`sini kechroq muddatga qoldirdi. To‘liq xususiylashtirish rejalashtirilgan “O‘zsanoatqurilishbank”dagi davlat ulushi 2024-yil oxirigacha 50 foizga kamaytiriladi.
Qozog‘istonda boshpanasiz hayvonlarni tutish xizmatlari ularni ushlash jarayonini tasvirga olishi kerak bo‘ladi. Bu hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik holatlarining oldini olishga yordam berishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon harbiylari qo‘shma UZAZ-2023 kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Hukumat qarori bilan Termiz davlat pedagogika institutiga Azizbek Xasanov rektor bo‘ldi. Urganch davlat pedagogika institutini esa Feruza Madraximova boshqaradi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida 27-iyul kungi yig‘ilishda Marg‘ilon shahri hokimi Adham Ziyavitdinovni ishdan olgandi. Ammo hokim 28-iyulda yordamchisi va kotibni rag‘batlantirish bo‘yicha farmoyish chiqardi, hujjat keyinchalik yashirib qo‘yildi. Hokimlik farmoyishni viloyat prokuraturasi o‘rganayotganini bildirdi.
Shanba kuni Kattaqo‘rg‘on suv omborida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida 7 nafar yigitdan 4 nafari cho‘kib ketdi. Hozirgacha bir yigitning murdasi topilgan, qolganlari qidirilmoqda. Holatga yigitlarning fotosuratga tushish maqsadida tartibsiz harakatlar qilgani sabab bo‘lgan.
MHTI ekspertlarining uy-joy narxlari bo‘yicha o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, har bir kvadrat metr uchun eng arzon uy Qoraqalpog‘istonda ($390,1), eng qimmati esa Toshkent shahrida ($1251) qayd etildi. Bir yil ichida yangi uy narxi o‘rtacha 44 foizga, ikkilamchi bozordagi esa o‘rtacha 33 foizga qimmatlashdi.
Toshkent shahri markazidagi 50-maktabda yong‘in sodir bo‘ldi. Uning maydoni 10 kvadrat metrni tashkil etdi. Qurbonlar yo‘q, deb xabar berdi FVV.
Statistika agentligining hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etgan. Ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (7 million so‘m), Navoiy viloyati (5,6 million so‘m) va Toshkent viloyatida (4,3 million so‘m) kuzatilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting