Yong‘in xavfsizligi organlarining xulosasiga ko‘ra, Toshkentdagi «Ilhom» teatrida sodir bo‘lgan yong‘inga elektr simlarining eskirgani sababli yuzaga kelgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Teatr yaqin vaqt ichida tiklash-ta’mirlash ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda.
Hukumat qarori bilan ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari sun’iy oshirilib, bozorlarda ajiotajlar yuzaga kelgan taqdirda, vakolatli organlar kompaniyalar binolariga kirish hamda omborlarda xatlov o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi.
Quvalik haydovchi Farg‘onada o‘ziga nisbatan noqonuniy bayonnoma tuzgan ikki nafar YPX xodimini ruhiy azob yetkazganlikda ayblab sudga berdi. Sud uning da’vosini qanoatlantirib, inspektorlarning har biriga 3 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari bloger Shohida Salomovani tuhmat va haqorat bo‘yicha jinoiy ishda gumonlanuvchi sifatida jalb qildi. Ayol «ruhiy holatini tekshirish uchun» tibbiy muassasaga joylashtirildi. Qizining xabar berishicha, advokatga ayol bilan uchrashishga ruxsat berilmayapti.
Urgut tumanida «qizil»da o‘tib ketgan Damas Nexia va Lada bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida Lada haydovchisi vafot etdi. Damas`ning ikki yo‘lovchisi shifoxonaga yotqizilgan.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati Oliy ta’lim vazirligi mamlakatda mavjud universitetlarga maktub yo‘llab, talaba qizlarning ta’lim muassasalaridagi o‘qish jarayonlarida ishtirok etishini to‘xtatib qo‘yish haqida buyruq berdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Uni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Uchko‘prik tumanida er-xotin qo‘lbola usulda yasalgan pechkadan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilishdagi yosh chegarasi amaldagi qonunga nisbatan bir yoshga uzaytirilib, 21 yosh etib belgilanishi mumkin. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Senatning navbatdagi yalpi majlisiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Toshkent shahridagi 220 dan ortiq avtobuslarni joriy va kapital ta’mirlash uchun 5 mlrd so‘m ajratildi. Ma’lum bo‘lishicha, 175 ta avtobus keyingi faoliyatga yaroqsiz deb topilgan va ular hisobdan chiqariladi.
21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘zbek-qozoq biznes-forumi yakunlari bo‘yicha Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, tomonlar qiymati $3 mlrddan ortiq bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga Turkmaniston gazidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini Sirdaryo daryosini suv bilan ta’minlovchi To‘xtagul suv omborida suv sathining keskin pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetkazib berdi.
Dekabr oyining oxirigacha Karcher kompaniyasining mahsulotlarini 30 foizgacha bo‘lgan chegirmali narxlarda xarid qilish imkoniyati mavjud.
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qorao‘zak tumanida kollektordan 252 dona baliqni noqonuniy ovlagan shaxslar ushlandi. Buning oqibatida tabiatga 40 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. To‘plangan hujjatlar Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
Prezident topshirig‘idan so‘ng transport vaziri Ilhom Maxkamov har hafta kamida 4 kun uydan ishga borishda avtobusdan foydalana boshladi. Buni vazirning o‘zi emas, balki «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov ma’lum qildi.
Tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxs bilan IIO xodimi o‘rtasidagi og‘zaki mojaro aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB xodimlarining qo‘pollik qilganini tan olib, ularga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlanganini ma’lum qildi.
Toshkentda 475 kmga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etiladi. IIV boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev yo‘laklarda avtobusdan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkinligini ta’kidladi.
Toshkentda jamoat transporti uchun mo‘ljallangan yo‘laklardan foydalangan va o‘z avtomobilini bekatlarga qoidaga zid ravishda qoldirib ketgan haydovchilarga chora ko‘rish bo‘yicha yangi tizim ishga tushadi.
Tijorat banklari 21 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 260 — 11 300 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksar banklarda 11 335 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting