DXX hamda bojxona qo‘mitasi xodimlari 90 ming dollarni Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayolni to‘xtatib qoldi. U chegaradan pulning bir qismini avval oyoq kiyimlari ichiga, keyingi safar egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda o‘tmoqchi bo‘lgan.
Ukraina prezidenti bosh prokuror Irina Venediktova va xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanovni ishdan bo‘shatdi. U bu qarorni milliy xavfsizlik asoslariga qarshi ko‘plab jinoyatlar, shuningdek, Ukraina huquq-tartibot idoralari xodimlari va Rossiya maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar bilan izohladi.
“UzAuto Motors va “Freedom Broker” kompaniyalari anderrayting bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. “Freedom Broker” ijrochi direktori Yevgeniy Mojeyko aksiyalarni chiqarish bosqichlari va kelajakdagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
18−24 iyul kunlari Qirg‘iziston hududidan Farg‘ona viloyati tog‘ oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu tog‘larda bo‘lishi kutilayotgan yuqori issiq harorat foni hisobiga sodir bo‘ladi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.
2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga umumiy qiymati 34,1 mln dollar bo‘lgan 1125 ta elektromobil olib kirildi. Import hajmi 4,5 barobarga o‘sgan.
Armanistonda o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Mudofaa vazirligi Afg‘onistondan O‘zbekiston bilan chegaradosh hududga uchinchi raketa hujumi uyushtirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Qoraqalpog‘istondagi fojiali voqealarni tekshirish bo‘yicha parlament komissiyasi ishonch telefonini ishga tushirdi. Fuqarolar iyul oyining ilk kunlarida nimalar sodir bo‘lgani haqida 1374 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishlari mumkin.
Jahon shaxmat reytingida o‘zbekiston ilk bor kuchli yigirmatalikka kirdi. Birinchi uchta o‘rinni AQSh, Rossiya, Xitoy egallab turibdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston — 37, Qirg‘iziston — 76, Tojikiston — 85, Turkmaniston — 116 — o‘rinda bormoqda.
SES rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonga koronavirus «omikron» shtammining yangi kichik turi kirib kelishi mumkinligini inkor etmadi. U kasallik omikronning boshqa kichik turlari bilan bir xil tarzda kechishi hamda mavjud vaksinalar kovidning barcha turlari asoratlaridan himoya qilishini ta’kidladi.
Bosh prokuratura Karate federatsiyasining sobiq rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ular hujjatlarni qalbakilashtirish va o‘ta yirik miqdorda budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanmoqda.
Moskva, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlariga muntazam avtobus qatnovlari 18 iyuldan haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.
Favqulodda holat rejimida Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlar soliq deklaratsiyasini o‘z vaqtida taqdim etmaganliklari uchun javobgarlikka tortilmaydi, deb xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi.
Qashqadaryoda davlat organiga tegishli xizmat mashinasini davlat raqamisiz boshqargan haydovchi jarimaga tortildi. Avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yildi.
O‘zbekistonda iyun oyidagi xorijdan pul o‘tkazmalari miqdori rekordni yangilab, 2,34 mlrd dollarni tashkil qildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3,25 martaga ko‘p.
Norvegiyada bo‘lib o‘tgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchi Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
15 iyuldan «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumiga start berildi. Bu safar qariyb 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kutilmoqda. Navbatdagi mavsumda har bir bosqichga 20 kundan — jami 60 kun muddat beriladi. Qoraqalpog‘istonda esa tashabbusli budjet jarayoni bir oy farq bilan o‘tkaziladi.
FVVning yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Hozirda Oqsuv-Ayuli kasalxonasida jarohatlangan besh nafar o‘zbekistonlik davolanmoqda.
Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga Jamshid Xodjayev nomzodi ma’qullandi. Bungacha u qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Sardor Umurzakov prezident Administratsiyasi rahbari lavomiziga tayinlandi, shu munosabat bilan u bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting