2022 yilning o‘n oyida 694 ta holatda o‘rmon huquqbuzarliklari aniqlanib, jami 3 mlrd 153,4 mln so‘m zarar keltirilgan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi rasmiysining aytishicha, 374 ta holat bo‘yicha 330 mln so‘mdan ortiq zarar va 85 mln so‘m jarima undirilgan. Hozirda qolganlarini undirish choralari ko‘rilmoqda.
2022 yilning yozida tarmoqlarda ikki ayolga kuch ishlatayotgan IIB xodimlaridan biri pogonini o‘zi yulib tashlab ayolni ayblagani aks etgan video tarqalgandi. IIV vakilining aytishicha, pogonini yulib tashlagan xodim hamon shu tizimda ishlamoqda, ayolga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.
Poytaxtda 5 dekabr kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metrodan foydalandi (bu odatiy kundan 105 ming (21%) nafarga ko‘p). Metropoliten xodimlari yo‘lovchi ko‘pligi sabab, fuqarolardan qoidalarga amal qilishni va kassalarda navbat kutib qolmaslik uchun bank yoki transport kartalardan foydalanishni so‘radi.
«O‘zbekneftgaz» AI-80 benzini narxi oshirilmagani va uning 1 litri 6800 so‘mligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya respublika NQIZlarida sutkasiga 4000 tonnadan benzin ishlab chiqarilayotgani va avtomobillar uchun bu turdagi yoqilg‘i zaxirasi yetarli ekanini qayd etdi.
IIO xodimlari 3 nafar — biri Navoiyda ko‘p qavatli uyning dahlizida uxlayotgan, ikki nafari Toshkentdagi yer osti quvuri yonida isinayotgan boshpanasizga yordam berdi. IIV shaxsiy tarkibni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazdi. Aholi qiyin va xavfli vaziyatlarda 102, 1102 va 1173 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi.
JCH-2022`ning nimchorak finalida Yaponiya — Xorvatiya hamda Braziliya — Koreya Respublikasi bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi, ikkinchi o‘yinda esa Braziliya terma jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi. Chorak finalda Xorvatiya va Braziliya uchrashadigan bo‘lishdi.
5 dekabr kuni respublikada koronavirus yuqtirganlar soni biroz kamayib, 120 kishini tashkil etdi. (Bir kun oldin 153 kishida aniqlangan.)
«Aeroflot» kompaniyasi Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar Boeing 738 samolyotlarida haftasiga uch marta — chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini otib qo‘ydi. U mashinasida koma holatida topilgan va tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Xodim 1xbet orqali 45 mln so‘m yutqazib qo‘ygani uchun jazolangan va viloyat IIB qoshidagi intizomiy Kengashning nazoratida bo‘lgan.
6 dekabr kuni tijorat banklari dollarni 11 250−11 310 so‘m oralig‘ida sotib olmoqda, sotish kursi esa — 11 330 so‘m.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston pasport nazoratini osonlashtirishga kelishib oldi. Endilikda ikki davlat fuqarolari ID-kartani ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishi mumkin. Tegishli bayonnoma O‘zbekiston prezidentining 9 dekabr kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanadi.
Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 ta xonadondan iborat bo‘lgan uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Uydan 9 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi, biroq 2 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyatining Jondor tumanida er-xotin hamda ularning 2, 7 va 11 yoshli farzandlari yong‘in natijasida vujudga kelgan is gazidan zaharlanib vafot etdi.
Veolia Energy Tashkent poytaxtning ayrim tumanlarida tabiiy gaz yetishmasligi sababli qozonxonalarda zaruriy haroratdagi issiqlikni ishlab chiqara olmayotgani, bu esa isitish sifatining yomonlashishiga olib kelayotganini ma’lum qildi.
Rossiyada endilikda aeroportlar, vokzallar, maktablar, universitetlar, kasalxonalar va cherkovlar yonidagi hududlarda mitinglar o‘tkazish taqiqlanadi. Tegishli qonun prezident Vladimir Putin tomonidan imzolandi.
O‘zbekistonda gazsiz qolgan 14 ming iste’molchi, qorli Toshkent, yil boshidan buyon eksport qilingan 4 mlrd kubometr gaz, Chinozda is gazidan vafot etgan oila, talabalar uchun 15 kunlik qishki ta’til, Nukus voqealari tafsilotlari, sovuq ob-havo va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Takashi Xatorini qabul qildi.
2023 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiyaga ta’sirni cheklash bo‘yicha talablar asosida «yashil sertifikatlar» tizimi joriy etiladi. 2024 yildan esa quvvati 1 MVtdan yuqori quyosh va shamol elektr stansiyalarida energiyani saqlash tizimi majburiy tartibda joriy etiladi.
FFV qutqaruvchilari Toshkent viloyatidagi Xo‘jakent tog‘larida 1700 metr balandlikda ahvoli yomonlashib qolgan sayyohga yordam ko‘rsatdi.
10 oy davomida O‘zbekiston 841 mln dollarga 4 mlrd kubometr gaz eksport qildi. Bu mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning deyarli o‘ndan bir qismidir. Gazning deyarli butun hajmi Xitoyga yuboriladi, ammo ikki mamlakat statistikasi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting