Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Charlz yangi monarx bo‘ladi. Mamlakatda 12 kunlik motam e’lon qilindi.
Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning ayol rahbarlari sammiti, Chilonzor prokuraturasi ro‘parasida yana daraxtkushlik, «O‘zbek tili» kitobida Murod Nazarov haqidagi matn, 57 ta timsoh bolasining ahvoli, asosiy stavkani 15% darajada o‘zgarishsiz qoldirgan MB va boshqalar — «Gazeta.uz»da kun dayjesti.
19 sentabrdan boshlab Estoniya, Latviya, Litva va Polsha rossiyalik sayyohlarning istalgan davlat tomonidan berilgan Shengen vizasi bilan mamlakatga kirishini to‘xtatadi. «Estoniyaga Shengen vizasi bilan kelmang, bu yerda sizni xush ko‘rishmaydi», — dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri rossiyaliklarga.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida quruvchi tashkilot tomonidan 42 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib yuborilgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 425 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Bosh prokuratura tashkilot mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
MDH davlatlari ichki ishlar vazirlari tomonidan tashkilotga a’zo mamlakatlar milliy qonunchiligiga muvofiq blokirovka qilinishi shart bo‘lgan internet-resurslarning yagona reyestrini yaratish muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev parlamentlar ayol rahbarlarining xalqaro sammitida doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Parlamentlararo ittifoq raisi va bosh kotibini qabul qildi. Shuningdek, Ozarbayjon, Turkmaniston parlament rahbarlari, Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari bilan uchrashdi.
Avgust oyida aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari pasaydi. Shuningdek, keyingi 12 oyda valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i va transport narxlari qimmatlashishi, ish haqi va nafaqalarning oshishi kabi omillar narxlar oshishiga ta’sir etishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tarmoqlarda 7-sinf «O‘zbek tili» darsligiga Murod Nazarov to‘g‘risida ma’lumot kiritilgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaziyatga darslik mualliflari jamoasi tushuntirish berishicha, tadbirkor haqidagi matn «o‘qib tushunish kompetensiyalarini rivojlantirish uchun autentik material sifatida tanlangan».
Chilonzor tumanida 58 tup daraxtni kesib tashlab, tabiatga qariyb 800 mln so‘mlik zarar yetkazgani uchun Dream House Stroy kompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Avvalroq, mazkur hodisa Chilonzor prokuraturasi ro‘parasida, tungi vaqtda sodir etilgani haqida yozgandik.
«Jizzax akkumulyator zavodi» (JAZ) AJ tayyor mahsulotlarni Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida sotish buyicha dilerlikka tanlov e’lon qildi.
SHHTning bo‘lajak sammiti kun tartibida global geosiyosiy inqirozlar haqida biror gap yo‘q va uning hujjatlarida geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi masalalar yuzasidan bayonot va chaqiruvlar bo‘lmaydi, dedi O‘zbekistonning SHHTdagi milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov.
G‘allaorol tumanida er o‘zaro gap talashib janjal yuzaga kelishi oqibatida xotinining boshiga armatura bilan urib, o‘ldirib qo‘ygani aytilmoqda.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 20,01 so‘mga arzonlab, 10 977,60 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
Uchtepa tumanida Audi e-tron GT va Nexia ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Buning oqibatida Nexia haydovchisi tan jarohati olib kasalxonaga yotqizildi.
Avgust oxirida aeroportdan noqonuniy tarzda plastmassa idishda olib o‘tishga urinilgan 57 ta timsoh bolasining sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazilgan, deya ma’lum qildi Toshkent hayvonot bog‘i. Hozirda ular go‘sht, baliq bilan boqilmoqda, ularning bo‘yi va vazni o‘lchab ko‘rildi.
Yangi maktab darsliklari mualliflari darsliklarning mazmun-mohiyati va sifati haqida «asossiz xabarlar» tarqalayotgani sababli prezidentga murojaat qilishdi. Unda darsliklarni ekspertizadan o‘tkazilishiga qarshi emasliklari, biroq bahoni biznes manfaatlari bo‘lganlar bermasligi kerakligini ta’kidlashdi.
Markaziy bank kelgusi oylar uchun narxlarning o‘sishiga ta’sir qiluvchi xatarlarning saqlanib qolayotganini qayd etdi. Shuningdek, yil oxiriga qadar inflyatsiya bo‘yicha proznozlar o‘zgarishsiz qolmoqda. Eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining ortishi ichki valyuta bozorini muvozanatda ushlab turishi kutilmoqda.
Apple kuzgi taqdimotda o‘zining yangi mahsulotlari — to‘rtta turdagi iPhone 14, Apple Watch Series 8, Apple Watch Ultra va AirPods Pro 2 kabilarni ommaga taqdim etdi. Yangi iPhone 14 smartfonlarida SIM-kartalar uchun slotlar bo‘lmaydi, ularda kengaytirilgan eSIM texnologiyasi mavjud.
Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda Senat raisi Tanzila Narbayeva pandemiya va jahondagi geosisyosiy vaziyat tufayli kelajak qanday bo‘lishini bashorat qilib bo‘lmayotganini ta’kidladi.
Prezident farmoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi MCHJ boshqaruv shaklidagi investitsion kompaniyaga aylantirildi. Kuzatuv kengashiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri raislik qiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting